21-modda. Pay fondini tugatish
Investitsiya va pay fondlari toʻgʻrisida (O‘RQ-392-son) · Sana: 25.08.2015 · Amalda
Pay fondini tugatish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
ishonchli boshqarish shartnomasining amal qilish muddati tugaganda;
barcha investitsiya paylarini muomaladan chiqarish uchun buyurtmalar kelib tushganda;
ishonchli boshqaruvchining litsenziyasi bekor qilinganda, agar uning pay fondini ishonchli boshqarish shartnomasi boʻyicha huquq va majburiyatlari litsenziya bekor qilingan kundan eʼtiboran uch oy ichida boshqa ishonchli boshqaruvchiga berilmagan boʻlsa;
pay fondi hujjatlarida koʻrsatilgan pay fondini tashkil etish va uning faoliyatini amalga oshirish maqsadiga erishilganda;
investitsiya paylari egalarining pay fondini tugatish toʻgʻrisida bir ovozdan qabul qilingan qarori mavjud boʻlganda.
Pay fondining investitsiya aktivlari ishonchli boshqaruvchi tomonidan fond birjasida (qimmatli qogʻozlar uchun) va kimoshdi savdosida realizatsiya qilinishi lozim. Pay fondining investitsiya aktivlarini realizatsiya qilishdan tushgan mablagʻlar pay fondining investitsiya paylari egalariga oʻzlariga tegishli boʻlgan investitsiya paylari soniga mutanosib ravishda toʻlanishi kerak.
Pay fondi investitsiya paylari egalarining pay fondi negizida investitsiya fondini taʼsis etish toʻgʻrisida bir ovozdan qabul qilingan qarori pay fondini tugatish haqidagi qaror deb eʼtirof etiladi.
Pay fondi tugatilganda mazkur pay fondi ishonchli boshqaruvchisining faoliyati auditorlik tashkiloti tomonidan majburiy auditdan oʻtkazilishi kerak.
