18-modda. Investorlarning pul mablagʻlarini va pay fondining investitsiya aktivlarini tasarruf etish
Investitsiya va pay fondlari toʻgʻrisida (O‘RQ-392-son) · Sana: 25.08.2015 · Amalda
Ishonchli boshqaruvchi pay fondi Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysida hisobga qoʻyilganidan keyin investorlarning pul mablagʻlarini tasarruf etishga haqli.
Pay fondining pul mablagʻlari ishonchli boshqaruvchining rahbari va Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysining vakolatli mansabdor shaxsi tomonidan imzolanadigan toʻlov hujjati asosida sarflanadi.
Pul mablagʻlaridan hamda boshqa investitsiya aktivlaridan foydalanishning maqsadi va yoʻnalishlari ishonchli boshqarish shartnomasi shartlariga, shu jumladan investitsiya deklaratsiyasiga muvofiq boʻlishi kerak.
Investitsiya aktivlari boʻyicha olingan daromadlar pay fondining investitsiya paylari egalari oʻrtasida yilda bir marta taqsimlanadi yoxud investitsiya paylarining barcha egalari roziligiga koʻra qayta investitsiya qilinadi. Pay fondining investitsiya paylari egalariga daromadlarni toʻlash ishonchli boshqaruvchi tomonidan amalga oshiriladi.
Ishonchli boshqaruvchi tomonidan pay fondi nomidan va ushbu fond mablagʻlari hisobidan tuziladigan shartnomalar Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysida roʻyxatdan oʻtkazilishi kerak.
