16-modda. Pay fondini tashkil etish
Investitsiya va pay fondlari toʻgʻrisida (O‘RQ-392-son) · Sana: 25.08.2015 · Amalda
Pay fondini tashkil etish toʻgʻrisidagi qaror ishonchli boshqaruvchi tomonidan qabul qilinadi.
Investor ishonchli boshqaruvchi bilan tuziladigan, investorlarning pul mablagʻlarini umumiy ulushli mulk huquqi asosida pay fondiga birlashtirish nazarda tutiladigan shartnoma asosida pay fondiga pul mablagʻlarini kiritadi.
Ishonchli boshqaruvchi oʻzining alohida bank hisobvaragʻiga investorlar pul mablagʻlarini kiritganidan keyin ikki ish kuni ichida ularga investitsiya paylarini beradi.
Investitsiya paylarini joylashtirish barcha investorlar uchun yagona narx boʻyicha amalga oshiriladi.
Pay fondining pul mablagʻlari investitsiya deklaratsiyasiga binoan investitsiya qilinadi.
Pay fondini ishonchli boshqarish jarayonida olingan daromadlar ishonchli boshqaruvchining alohida bank hisobvaragʻida jamlanadi.
Pay fondi u Pay fondlarining yagona reyestriga kiritilgan va tegishli axborot qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organining hamda Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysining rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilingan paytdan eʼtiboran tashkil etilgan deb hisoblanadi.
Pay fondlarining yagona reyestrini yuritish qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
