13-modda. Investitsiya fondining faoliyatidagi cheklovlar
Investitsiya va pay fondlari toʻgʻrisida (O‘RQ-392-son) · Sana: 25.08.2015 · Amalda
Investitsiya fondi:
korporativ obligatsiyalar va infratuzilma obligatsiyalari, shuningdek imtiyozli aksiyalar chiqarishga;
investitsiya fondi sof aktivlarining 10 foizidan ortigʻini bir emitentning qimmatli qogʻozlariga yoki masʼuliyati cheklangan jamiyatning ulushiga investitsiya qilishga;
toʻlanishi lozim boʻlgan qarzlarning jami hajmi kredit va (yoki) qarz bitimi imzolangan sanadagi investitsiya fondi sof aktivlari qiymatining 15 foizidan oshib ketgan taqdirda, kredit va (yoki) qarz mablagʻlarini jalb etishga (bunda kredit va (yoki) qarz muddati uch oydan oshib ketmasligi kerak);
kafil boʻlishga, mol-mulkni yoki mulkiy huquqlarni garovga qoʻyishga;
tashkiliy-huquqiy shakli oʻz ishtirokchilarining qoʻshimcha javobgarligini nazarda tutadigan xoʻjalik jamiyatlarining qimmatli qogʻozlariga va ulushlariga investitsiyalarni amalga oshirishga;
ishonchli boshqaruvchi, auditorlik tashkilotlari tomonidan chiqarilgan qimmatli qogʻozlarga investitsiyalarni amalga oshirishga, shuningdek ularning ustav kapitalidagi ulushlarini olishga;
boshqa investitsiya fondlarining aksiyalarini olishga va ularga ega boʻlishga;
investitsiya faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan bitimlar tuzishga, opsionlar yoki fyucherslar olishga;
umumiy summasi fond sof aktivlarining 10 foizidan ortiq investitsiyalarni amalga oshirishga (bundan qimmatli qogʻozlarga qoʻyish mustasno) haqli emas.
