19211-modda. Nodavlat tijorat tashkilotida yoki boshqa nodavlat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan oʻz vakolatlarini suiisteʼmol qilish
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yoʻlidagi toʻsiqlarni bartaraf etishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-391-son) · Sana: 20.08.2015 · Amalda
Mansab vakolatlarini suiisteʼmol qilish, yaʼni nodavlat tijorat tashkiloti yoki boshqa nodavlat tashkiloti mansabdor shaxsining oʻz mansab vakolatlaridan qasddan foydalanishi fuqarolarning huquqlariga yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga koʻp miqdorda zarar yoxud jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab boʻlsa, —
eng kam oylik ish haqining yuz baravaridan bir yuz ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki ikki yilgacha ozodlikni cheklash yoxud ikki yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻsha harakat:
a) juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda;
b) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa, —
eng kam oylik ish haqining bir yuz ellik baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Yetkazilgan moddiy zararning oʻrni qoplangan taqdirda ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qoʻllanilmaydi”;
9) 205-modda:
birinchi qismining dispozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Hokimiyatni yoki mansab vakolatini suiisteʼmol qilish, yaʼni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi mansabdor shaxsining oʻz mansab vakolatlaridan qasddan foydalanishi fuqarolarning huquqlariga yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga koʻp miqdorda zarar yoxud jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab boʻlsa”;
ikkinchi qismining dispozitsiyasi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Oʻsha harakat:
a) juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda;
b) uyushgan guruh manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa”;
