1921-modda. Xususiy mulk huquqini buzish
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik subyektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yoʻlidagi toʻsiqlarni bartaraf etishga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (O‘RQ-391-son) · Sana: 20.08.2015 · Amalda
Nazorat qiluvchi, huquqni muhofaza qiluvchi hamda boshqa davlat organining va davlat tashkilotining mansabdor shaxsi yoki xizmatchisi tomonidan xususiy mulkdorlarning huquqlarini buzish yoʻli bilan ularga zarar yetkazish, yaʼni mulk huquqini qonunga xilof ravishda cheklash va (yoki) undan mahrum etish, xususiy mulkka tajovuz qilish, nomaqbulligi oldindan ayon boʻlgan shartlarni mulkdorga majburan qabul qildirish, shu jumladan mol-mulkni yoki mulkiy huquqlarni topshirishni asossiz ravishda talab qilish, shuningdek mulkdorning mulkini olib qoʻyish yoxud uni oʻz mol-mulkiga boʻlgan huquqidan voz kechishga majburlash, talon-toroj alomatlari mavjud boʻlmagan taqdirda, shunday harakatlar uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa, —
eng kam oylik ish haqining bir yuz ellik baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish yoxud uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar:
a) koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda;
b) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan boʻlsa, –
eng kam oylik ish haqining uch yuz baravaridan besh yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum qilib, bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar:
a) juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda;
b) uyushgan guruh manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa, —
eng kam oylik ish haqining besh yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki muayyan huquqdan mahrum qilib, uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
