Doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisida
27.10.1993
Oʻzbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi oʻrtasida
Shartnoma
Oʻzbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi doʻstlik va hamkorlik munosabatlarini rivojlantirish istagidan kelib chiqib,
oʻz munosabatlarini ishonch asosida va umuminsoniy qadriyatlar, ozodlik, demokratiya va adolat prinsiplariga rioya qilib qurishga qatʼiy ishonib,
davlatlararo munosabatlarda xalqaro huquqqa ustuvorlikni berib,
Birlashgan Millatlar Tashkilotining maqsadlari va prinsiplariga asoslanib, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik Kengashining Xelsinki yakunlovchi Akti va yangi Yevropa uchun Parij xartiyasi yuzasidan qabul qilgan majburiyatlarni tasdiqlab,
oʻzbek-fransuz hamkorligining yanada rivojlanishi Yevropa va Osiyoda tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qilishini anglagan holda,
Yevropa ittifoqini tuzish istiqbolini va uning yakdil va tinch Yevropa qurilishida hissasini inobatga olgan holda,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Oʻzbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi oʻz munosabatlarini bir-birlarini suveren va teng davlatlar sifatida koʻrib, ularni doʻstlik, oʻzaro ishonch va barcha sohalarda yaqin hamkorlik ruhida quradilar.
Ikkala tomon, ushbu Shartnoma qoidalarini amalga oshirish uchun zarur hollarda boshqa bitimlar tuzish haqida kelishdilar.
2-modda
Oʻzbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi ikki tomonlama hamda koʻp tomonlama asoslarda siyosiy hamkorlikni amalga oshiradilar.
Umuminsoniy ozodlik va demokratiya qadriyatlarini tan olib, asosiy erkinliklar, inson huquqlarini himoya qilish uchun, xususan, xalqaro vakolatli tashkilotlar doirasida hamkorlik qiladilar.
Xalqaro xavfsizlikni oʻrnatish, nizolarning oldini olish, davlatlararo munosabatlarda xalqaro huquq ustuvorligini taʼminlash uchun harakat qiladilar.
3-modda
Oʻzbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi ikki tomonlama munosabatlar boʻyicha fikrlar almashish uchun, shuningdek, ikkala tomonni qiziqtiruvchi xalqaro muammolar, xususan, Yevropada hamkorlik va xavfsizlik masalalari yuzasidan tegishli darajada muntazam maslahatlar oʻtkazib turadilar.
Tomonlar bu masalalarda mumkin qadar yondoshishlarini yaqinlashtirishga va agar lozim topsalar, birgalikda yoki muvofiqlashtirilgan harakat qiladilar.
Shu maqsadlarda tomonlarning roziligi bilan oliy darajadagi uchrashuvlar tashkil qilinadi, Tashqi ishlar vazirlari esa yiliga kamida bir martadan uchrashib turadilar.
Ikkala davlat Tashqi ishlar vazirligi vakillari oʻrtasidagi ishchi kengashlar zaruratga qarab oʻtkaziladi.
Ikkala davlatning hukumati vakillari oʻzaro qiziqtiruvchi masalalarni muhokama qilish uchun zaruratga qarab uchrashib turadilar.
4-modda
Agar tomonlardan birining fikriga koʻra, tinchlikka tahdid soluvchi, tinchlikni buzuvchi yoki xavfsizlikning oliy manfaatlariga xavf yetkazuvchi holatlar paydo boʻlsa, bir Tomon boshqa Tomonga ushbu masala yuzasidan ular oʻrtasida zudlik bilan maslahatlar oʻtkazishni talab qilib, murojaat qilishi mumkin. Tomonlar ushbu vaziyatni echishga zarur vositalarni aniqlash yuzasidan umumiy yondashuvlarni ishlab chiquvchi choralar koʻradilar.
5-modda
Oʻzbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi ular aʼzo boʻlgan xalqaro tashkilotlar doirasida, xususan, Birlashgan Millatlar Tashkilotida, lozim topsalar, oʻz yondashuvlarini muvofiqlashtirib turish va shu tashkilotda belgilangan harakatlarni samarali amalga oshirish maqsadida maslahatlashib turadilar.
6-modda
Fransiya Respublikasi Oʻzbekiston Respublikasi va Yevropa Hamjamiyatlari oʻrtasidagi munosabatlarni rivojlantirishni ragʻbatlantirish majburiyatini oladi.
Fransiya Respublikasining Oʻzbekiston Respublikasi bilan ikki tomonlama tuzilgan bitimlar doirasida olgan majburiyatlari Yevropa Hamjamiyatining bitimlarini va ularni amalga oshirish borasida qabul qilingan hujjatlarini hurmat qiladi.
7-modda
Oʻzbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik Kengashi doirasida hamkorlik qiladilar.
Tomonlar barqarorlikni, xavfsizlik va Yevropa qitʼasida huquqiy davlatni taʼminlash borasida oʻz institutlarini mustahkamlash uchun, xususan, huquqiy sohada, birgalikda harakat qiladilar.
Ular, xususan, nizolarning oldini olishga yordamlashuvchi muhim prinsiplarni amalga oshirishni ragʻbatlantiradilar.
8-modda
Fransiya Respublikasi va Oʻzbekiston Respublikasi umumiy xavfsizlik va yagona tashqi siyosatni amalga oshirishni koʻzda tutuvchi, Yevropa davlatlari oʻrtasidagi hamkorlikni mustahkamlash imkonini beruvchi va qitʼada hamda butun dunyoda barqarorlik ishiga hissa qoʻshuvchi Yevropa ittifoqi tuzilishining muhimligini taʼkidlashadi.
9-modda
Oʻzbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi qurolsizlanish boʻyicha bitimlarning Yevropada va butun dunyoda barqarorlikni taʼminlashda katta hissasini taʼkidlab, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik Kengashi doirasida qurolsizlanish jarayonini, ishonch va xavfsizlikni mustahkamlash va nizolarning oldini olishni xavfsizlik boʻyicha anjumanlar doirasida qoʻllab-quvvatlaydilar.
Tomonlar ommaviy qirish qurollarini tarqatishning oldini olish yuzasidan oʻz choralariga alohida ahamiyat berib, shu maqsadlarda xalqaro instansiyalarda kelishilgan holda yoʻl tutadilar.
10-modda
Oʻzbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi harbiy sohada aloqalarni rivojlantiradilar va chuqurlashtiradilar. Shu maqsadda Tomonlar muntazam ravishda oʻz harbiy konsepsiyalari boʻyicha fikr almashib turadilar.
Ular Tashqi ishlar va Mudofaa vazirliklari, shuningdek ikkala davlatning qurolli kuchlari bosh shtablari oʻrtasidagi aloqalarni ragʻbatlantiradilar.
11-modda
Oʻzbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi qishloq xoʻjalik, energetika, mineral resurslar, sanoat, transport va telekommunikatsiya sohalarida hamkorlikni rivojlantirishga birinchi darajada ahamiyat beradilar.
12-modda
Oʻzbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi ijtimoiy, iqtisodiy sohada kadrlar tayyorlashda hamkorlikni rivojlantiradilar.
Har qaysi Tomon oʻz hududida boshqa Tomonning korxonasi faoliyatining sharoitini yaxshilash uchun, xususan, toʻgʻri sarmoyalar va qoʻyilgan mablagʻlarni himoyalash sohasida harakat qiladilar.
Tomonlar iqtisodiy axborotni keng almashishni ragʻbatlantiradilar va ikkala davlatning ishbilarmon kishilari va fan vakillari uchun ushbu axborotga yoʻl ochilishini taʼminlaydilar.
13-modda
Oʻzbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi xalqaro iqtisodiy tashkilotlar va moliyaviy institutlar doirasida oʻzaro manfaatlarini himoya qilgan va boshqa davlatlar bilan kelishilgan holda hamkorlik qiladilar.
14-modda
Oʻzbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi ikki davlat parlamentlari oʻrtasida hamkorlikka keng yoʻl ochib beradilar.
Tomonlar ikkala davlatning shaharlar va mintaqalari oʻrtasidagi toʻgʻri aloqalarni, xususan, ushbu Shartnomaning qoidalariga muvofiq holda shaharlarning birodarlashuvini ham ragʻbatlantiradilar.
Tomonlar ikki mamlakatning siyosiy, jamoat, kasaba tashkilotlari oʻrtasidagi hamkorlikni osonlashtiradilar.
15-modda
Oʻzbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi taʼlim, madaniyat, fan, texnika va kadrlar tayyorlash sohalarida hamkorlikni mustahkamlaydilar.
Madaniy, ilmiy-texnikaviy hamkorlikning prinsiplari Tomonlar oʻrtasidagi alohida Bitimda ifodalanadi.
Tomonlar ikkala mamlakatlarda madaniy muassasalarni tuzishni ragʻbatlantiradilar.
Har bir Tomon oʻz xalqlarini boshqa Tomonning ilmiy-texnikaviy, madaniy yutuqlari bilan tanishtirishga harakat qiladi, shu maqsadlarda, xususan, boshqa Tomonning kitoblari va bosma nashrlarini tarqatishni osonlashtiradi.
Tomonlar barcha qiziqqan shaxslarga boshqa Tomonning til, madaniyat, adabiyot va tarixini oʻrganish imkoniyatlarini yaratib berishga harakat qiladilar.
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Fransiya Respublikasi xalqlari oʻrtasida oʻzaro tushunishni yanada yaxshilashni taʼminlash maqsadida Tomonlar ommaviy axborot vositalari sohasida hamkorlikni rivojlantiradilar.
Tomonlar ikkala mamlakat fuqarolari, xususan, oʻzbek va fransuz yoshlari oʻrtasidagi aloqalarni ragʻbatlantiradilar.
Ular shuningdek, sport va turizm sohasida hamkorlikni ragʻbatlantiradilar.
Tomonlar hamkorlikning va madaniyat, fan va texnika sohalarida oʻzaro almashishning yoʻnalishlarini belgilagan va ularni roʻyobga chiqarishning amaliy tadbirlarini vakolatli vakillari ishtirokida aniqlagan umumiy loyihalarni muntazam ravishda ishlab chiqishga kirishadilar.
16-modda
Oʻzbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi atrof muhitni himoyalashning muhimligini anglagan holda, bu sohada yaqindan hamkorlik qiladilar va Yevropa hamda xalqaro miqyosda birgalikdagi harakatlarini rivojlantirishga intilish majburiyatini oladilar.
17-modda
Oʻzbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi konsullik ishlari sohasida oʻz hamkorligini boshlaydilar va rivojlantiradilar. Tomonlar oʻz fuqarolarining ikki davlat oʻrtasida borish-kelishlarini yaxshilash uchun tegishli shart-sharoitlar yaratib beradilar.
18-modda
Oʻzbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi ikkala mamlakatning huquqiy muhofaza qiluvchi idoralari oʻrtasidagi, xususan, fuqarolik huquqiy yordam koʻrsatish sohasidagi hamkorlikka koʻmaklashadilar.
Tomonlar, milliy xavfsizlik idoralari, xususan, Interpol doirasida, uyushgan jinoyatchilikka, narkotiklarni noqonuniy tarqatishga va kontrabandaga, shuningdek, sanʼat asarlarini norasmiy olib oʻtishga qarshi kurashda hamkorlikni uyushtiradilar. Ular xalqaro terrorizmga qarshi kurash sohasida tegishli hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga harakat qiladilar.
19-modda
Ushbu Shartnomaning qoidalari Tomonlarning uchinchi mamlakatlar oldida olgan majburiyatlariga daxl qilmaydi va ularga qarshi qaratilmagan.
20-modda
Ushbu Shartnoma ratifikatsiya qilinishi lozim va ratifikatsiya yorliqlari bilan almashgan kundan 30 kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Mazkur Shartnoma 10 yil muddatga tuzildi va keyingi har besh yillik muddatga avtomatik ravishda uzayadi. Tomonlardan har biri ushbu Shartnomani istagan vaqtda boshqa Tomonni diplomatik kanallar orqali yozma tarzda xabardor qilib, bekor qilishi mumkin.
Shartnomaning denonsatsiya boʻlishi yozma xabarni olgandan soʻng 6 oy oʻtgach kuchga kiradi.
Parij shahrida, 1993-yil 27-oktabrda, ikki asl nusxada, har biri oʻzbek va fransuz tillarida tuzildi, ikkala matn ham bir xil kuchga ega.
(imzolar)
