Respublika yengil sanoatini rivojlantirish va boshqarishni tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (240-son)
02.07.2002
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
[Koʻchirma]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Respublika yengil sanoatini boshqarishni takomillashtirish toʻgʻrisida” 2002-yil 1-iyuldagi PF-3102-son Farmonini bajarish hamda toʻqimachilik, trikotaj, tikuvchilik va chinni sanoati korxonalarini jadal rivojlantirishni ragʻbatlantirish, tarmoq korxonalarini aksiyalashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish va uni tashkil etish tizimini takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
2. Belgilansinki:
“Oʻzbekyengilsanoat” (“Oʼzbekyengilsanoat”) yengil sanoat tovarlari ishlab chiqarish davlat-aksiyadorlik kompaniyasi “Oʻzbekyengilsanoat” uyushmasining huquq va majburiyatlari boʻyicha huquqiy vorisi hisoblanadi;
“Oʻzbekyengilsanoat” (“Oʼzbekyengilsanoat”) davlat-aksiyadorlik kompaniyasi tarkibiga mulkchilikning turli shakllaridagi, paxta tolasini qayta ishlash, trikotaj, tikuvchilik va chinni buyumlar ishlab chiqarish, shuningdek kompaniya ustaviga zid boʻlmagan boshqa faoliyat turlari bilan shugʻullanuvchi korxona va tashkilotlar kirishi mumkin;
“Oʻzbekyengilsanoat” (“Oʼzbekyengilsanoat”) davlat-aksiyadorlik kompaniyasi apparati taʼminoti oʻz xoʻjalik faoliyati va uning tarkibiga shartnoma asosida kiruvchi xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan oʻtkaziladigan mablagʻlar hisobiga amalga oshiriladi.
4. Belgilab qoʻyilsinki, “Oʻzbekyengilsanoat” (“Oʼzbekyengilsanoat”) yengil sanoat tovarlari ishlab chiqarish davlat-aksiyadorlik kompaniyasining boshlangʻich ustav sarmoyasi kompaniyaning ustav sarmoyasidagi davlat ulushi hisobiga 5-ilovaga* muvofiq aksiyadorlik jamiyatlarining kompaniyaga (tasarruf etish huquqisiz) beriladigan aksiyalari davlat paketlari, shuningdek qayta tashkil etilayotgan “Oʻzbekyengilsanoat” uyushmasi mol-mulki hisobiga shakllantiriladi.
*5-ilova berilmaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi qayta tashkil etilayotgan “Oʻzbekyengilsanoat” uyushmasi bilan birgalikda aksiyadorlik jamiyatlaridagi aksiyalarning davlat paketlarini va kompaniya tarkibiga kiruvchi qoʻshma korxonalardagi ulushlarni “Oʻzbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasiga berishni belgilangan tartibda bir oy muddatda rasmiylashtirsin.
5. Belgilansinki, “Oʻzbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi toʻqqiz nafar kishidan, shu jumladan rais va uning ikki nafar oʻrinbosarlaridan iborat boʻladi, oʻrinbosarlardan biri birinchi oʻrinbosar – bosh menejer hisoblanadi. Boshqaruv raisi kompaniyani boshqarish yuqori organlari tomonidan saylanadi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishgan holda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi. Boshqaruv raisining oʻrinbosarlari kompaniyani boshqarish yuqori organlari tomonidan saylanadilar va belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadilar.
“Oʻzbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi maqomi, maishiy taʼminot, tibbiy va transport xizmati koʻrsatish sharoitlari boʻyicha vazirga, raisning birinchi oʻrinbosari — vazirning birinchi oʻrinbosariga, rais oʻrinbosarlari esa — vazir oʻrinbosarlariga tenglashtirilsin.
“Oʻzbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisiga zarurat boʻlganda ijro etuvchi apparat tuzilmasiga belgilangan shtatlar soni doirasida oʻzgartirishlar kiritishga ruxsat berilsin.
6. “Oʻzbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi korxonalari “Oʻzbekyengilsanoat” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi obyektlarni qurish va texnika bilan qayta jihozlash uchun keltiriladigan texnologiya asbob-uskunalari va asbob-uskunalarga ehtiyot qismlar uchun bojxona toʻlovlari toʻlashdan (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimlardan tashqari) istisno tariqasida 2007-yil 1-yanvargacha ozod qilinsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 8-ilovaga muvofiq qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari M.Z. Usmonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2002-yil 2-iyul,
240-son
Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 2-iyuldagi 240-son qaroriga 8-ILOVA
Hukumatning toʻliq yoki qisman oʻz kuchini yoʻqotgan qarorlari roʻyxati
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston yengil sanoat mollari ishlab chiqarish davlat uyushmasi (“Oʻzbekyengilsanoat”) masalalari toʻgʻrisida” 1991-yil 20-maydagi 139-son qarori.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston yengil sanoat mollari ishlab chiqarish davlat uyushmasi (“Oʻzbekyengilsanoat”) boshqaruv tuzilmasini takomillashtirish hamda uning korxonalari va tashkilotlarini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1992-yil 28-noyabrdagi 558-son qarori 1-bandining ikkinchi xatboshi, qarorning 2, 3, 5, 7, 8-bandlari.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston yengil sanoat mollari ishlab chiqarish davlat uyushmasi (“Oʻzbekyengilsanoat”) korxonalarini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishning asosiy yoʻnalishlari toʻgʻrisida” 1994-yil 4-apreldagi 179-son qarorining 1, 2, 3, 5, 6, 7, 8-bandlari.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yengil va mahalliy sanoatni rivojlantirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1996-yil 29-apreldagi 166-son qarorining 11-bandi.
