Bank tizimini isloh qilishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida (104-son)
24.03.2000
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
[Koʻchirma]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Bank tizimini yanada erkinlashtirish va isloh qilish borasidagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2000-yil 21-martdagi PF–2564-son Farmoniga muvofiq va bank tizimini rivojlantirishni ragʻbatlantirish, boʻsh mablagʻlarni bank muomalasiga jalb qilish va banklarning iqtisodiyotning aniq sektorida ishlayotgan korxonalarni kreditlash boʻyicha imkoniyatlarini kengaytirish, banklarning mustaqilligini taʼminlash va aholining moliya-bank tizimiga boʻlgan ishonchini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan kredit siyosatini shakllantirish va amalga oshirishga, shu jumladan yakka tartibdagi tadbirkorlarni, fermer va dehqon xoʻjaliklarini, kichik va oʻrta biznesning boshqa subyektlariga kredit va mikrokredit berishda, investitsiya loyihalarini, erkin muomaladagi valyutada mablagʻ bilan taʼminlashda tijorat banklariga koʻproq mustaqillik berishga qaratilgan meʼyoriy hujjatlar turkumi, shuningdek banklarda korporativ boshqarishga doir tavsiyalar ishlab chiqilganligi va tasdiqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankiga Moliya vazirligi, Davlat mulki qoʻmitasi, Tijorat banklari Kengashlari bilan birgalikda banklarning kapitallashuvi darajasiga qarab 2000—2004-yillar mobaynida har yili soliqlar toʻlangandan keyin foydaning 10 foizidan 30 foizgachasini tijorat banklarining oʻz sarmoyalarini koʻpaytirishga yoʻllashini nazarda tutuvchi meʼyoriy talablarni bir oy muddatda ishlab chiqish va joriy etish tavsiya qilinsin.
3. Tijorat banklariga:
fermer va dehqon xoʻjaliklariga, mikrofirmalarga, kichik va oʻrta biznes korxonalariga, ishlab chiqarish korxonalariga berilayotgan investitsiya kreditlari miqdorini kengaytirishni nazarda tutish tavsiya qilinsin. Bunda dehqon va fermer xoʻjaliklariga kredit berishning eng kam muddati, qoidaga koʻra, kamida 2 yil boʻlishi belgilab qoʻyilsin;
yirik investitsiya loyihalarini mablagʻ bilan taʼminlash uchun sindikatlashtirilgan kreditlarni amaliyotga joriy etish chora-tadbirlarini koʻrish tavsiya qilinsin. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tijorat banklari tomonidan bunday kreditlar berish tartibi toʻgʻrisidagi tavsiyalarni ishlab chiqsin, kreditlashda qatnashuvchi banklarning javobgarligi va vakolatlarining aniq doiralarini belgilashni nazarda tutsin;
omonatlarning har xil turlari boʻyicha bank tomonidan belgilangan foiz stavkalarini, shuningdek berilayotgan kreditlar boʻyicha oʻrtacha stavkalarni ommaviy axborot vositalarida muntazam eʼlon qilish tavsiya etilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat soliq qoʻmitasi va Markaziy bank bilan birgalikda Vazirlar Mahkamasiga aholining muddatli depozitlari oʻsishiga qarab tijorat banklari daromadlariga imtiyozli soliq solishni joriy etish toʻgʻrisida ikki hafta muddatda takliflar kiritsin.
5. Bank tizimini isloh qilish respublika komissiyasi tomonidan ishlab chiqilgan 2000 — 2003-yillarda bank tizimini yanada isloh qilish dasturi va uning boʻyicha tadbirlar 1-ilovaga muvofiq maʼqullansin.
6. Tijorat banklarining Kengashlari va boshqaruvlariga:
korporativ boshqaruvni yanada takomillashtirish, aksiyadorlarning manfaatlarini himoya qilish uchun taʼsirchan shart-sharoitlar yaratish va banklarning kapitallashuvini mustahkamlash uchun banklarning ijro etuvchi organlari va ichki audit xizmatlari rahbarlarining kredit, investitsiya va operatsiya siyosatini amalga oshirishga doir hisobotlarini yilning har choragida eshitish;
iqtisodiyotning real sektoriga kredit qoʻyilmalari oʻsishini, tavakkalchiliklarning oqilona diversifikatsiyasini, qisqa muddatli kredit resurslari bozorida operatsiyalardan yuqori daromadlar olinishini ragʻbatlantiruvchi bank kredit siyosatining asosiy yoʻnalishlarini har yili ishlab chiqish va tasdiqlash;
kreditlar berish shartlarini, shuningdek bank kredit portfelining holatini banklar aksiyadorlari manfaatlarini himoya qilish nuqtai nazaridan muntazam ravishda koʻrib borish tavsiya qilinsin.
7. Oʻzbekiston banklar uyushmasi va tijorat banklari tomonidan xalqaro reyting agentliklarining reytinglari olingandan keyin:
mustaqil xalqaro audit natijalariga koʻra, Jahon bankining moliyaviy sektorni rivojlantirish agentligi va Oʻzbekiston banklar uyushmasining “Axbor Reyting” kompaniyasi bilan birgalikda xalqaro reytinglar olish uchun tavsiya qilinayotgan tijorat banklarini aniqlasinlar;
Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki ishtirokida 2000-yil 1-iyulgacha reytingdan oldin oʻrganish uchun “Tompson Financial Bank Watch” agentligini jalb etish masalasini ishlab chiqsinlar va tijorat banklari bilan birgalikda har bir bank boʻyicha reyting olish tadbirlarining aniqlashtirilgan jadvallarini ishlab chiqsinlar;
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda 2000-2001-yillarda strategik xorijiy investorlarni tijorat banklarining aksiyadorlik sarmoyasiga jalb qilish maqsadida chet ellarda taqdimotlar oʻtkazsinlar.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi vazirlik tuzilmasida xodimlarning belgilangan soni doirasida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan banklarning ustav sarmoyalaridagi davlat ulushini boshqarish boʻyicha, shtatdagi xodimlari soni 3 kishidan iborat boʻlim tashkil etsin.
Quyidagilar boʻlimning asosiy vazifalari etib belgilansin:
banklarning kredit siyosati, shu jumladan, ustuvor davlat dasturlarini mablagʻ bilan taʼminlash manfaatlaridan kelib chiqqan holda, ishlab chiqilishida qatnashish va ularning amalga oshirilishini nazorat qilish;
banklarni, shu jumladan, xorijiy sarmoyalarni jalb qilgan holda, xususiylashtirishga doir takliflarni ishlab chiqish;
davlat ulushi boʻyicha dividendlar hisoblanishini va ularning belgilangan tartibda yoʻnaltirilishini nazorat qilish.
9. Ustav sarmoyasida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan aksiyadorlik-tijorat banki kengashi toʻgʻrisidagi Namunaviy nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat mulki qoʻmitasi bilan birgalikda ustav sarmoyasida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan banklar kengashlari shaxsiy tarkibini bir oy muddatda oʻrganib chiqsin va ular boʻyicha takliflar kiritsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki, Moliya vazirligi, vazirliklar va idoralar Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda oʻz meʼyoriy hujjatlarini mazkur qarorga muvofiqlashtirsinlar.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3 va 3a-ilovalarga muvofiq qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari B.S. Hamidov va Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi F.M. Mullajonov zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2000-yil 24-mart,
104-son
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 24-martdagi 104-son qaroriga 1-ILOVA
2000—2003-yillarda Oʻzbekiston Respublikasi bank tizimini isloh qilish
DASTURI
Mazkur Dastur Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aksiyadorlik tijorat banklari faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1998-yil 2-oktabrdagi PF—2084-son Farmonini, Vazirlar Mahkamasining “Bank tizimini isloh qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1999-yil 15-yanvardagi 24-son qarorini va “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis XIV sessiyasidagi maʼruzasi asosiy qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1999-yil 10-iyundagi 296-son qarorlarini bajarish yuzasidan ishlab chiqilgan.
Bank tizimini isloh qilish dasturi Oʻzbekiston Respublikasida bozor islohotlari siyosatini amalga oshirishning tarkibiy qismi hisoblanadi.
BANK TIZIMINI ISLOH QILISh DASTURINING MAQSADLARI VA YOʻNALIShLARI
Bozor iqtisodiyoti talablariga javob beruvchi bank tizimini shakllantirish, banklarning moliya bozoridagi vositachilik rolini faollashtirish, ularning moliyaviy mustaqilligini taʼminlash, faoliyatini jahon bank amaliyotiga yaqinlashtirish, va, pirovard natijada, banklarning ichki va xalqaro moliyaviy bozorlarda raqobatbardoshligining yuqori darajasiga erishish Dasturning strategik maqsadi hisoblanadi.
Koʻrsatib oʻtilgan maqsadlarga erishish uchun quyidagilar Dasturning asosiy yoʻnalishlari hisoblanadi:
banklarni xususiylashtirish va davlat tasarrufidan chiqarish jarayonlarini chuqurlashtirish, tijorat banklarini yanada aksiyalashtirish, banklarga rahbarlik qilishda aksiyadorlarning rolini oshirish yoʻli bilan korporativ boshqarish tizimini mustahkamlash;
bank tizimini institutsional rivojlantirish, banklarning aktivlari, shu jumladan valyuta aktivlari sifatini yaxshilash hisobiga ularning moliyaviy barqarorligini oshirish, bank ishini yanada takomillashtirish va koʻrsatilayotgan bank xizmatlari turlarini kengaytirish;
tijorat banklarining investitsiya jarayonlaridagi rolini oshirish va mulkchilikning barcha shakllaridagi tadbirkorlik tuzilmalarining kredit resurslari, shu jumladan, xalqaro moliya tashkilotlari liniyasi boʻyicha kredit resurslari olishi mexanizmini takomillashtirish;
banklar faoliyatining tezkorligini oshirish, xalqaro moliya bozorlari bilan integratsiyalash uchun shart-sharoitlarni taʼminlash maqsadida zamonaviy xalqaro standartlarga muvofiq maʼlumotlarni uzatish banklararo tarmogʻining axborot-kompyuter infratuzilmasini yanada takomillashtirish;
korporativ boshqarish prinsiplariga asoslangan banklar menejmentining bozor tizimini shakllantirish, banklarni bozor sharoitlarida ishlashga tayyor boʻlgan yuqori malakali mutaxassislar bilan mustahkamlash, bank kadrlarini tayyorlash va qayta tayyorlash usullarini takomillashtirish;
aholining bank tizimiga boʻlgan yuksak ishonchini taʼminlash, omonatchilar, investorlar va kreditorlarning manfaatlarini himoya qilish maqsadida banklar faoliyatini tartibga solish va bank nazorati tizimini yanada rivojlantirish.
I. TIJORAT BANKLARINI XUSUSIYLAShTIRISh VA DAVLAT TASARRUFIDAN ChIQARISh
Hozirgi vaqtda respublika hududida 34 ta tijorat banki faoliyat koʻrsatmoqda, ularning joylarda 800 tadan ortiq filiallari bor. 5 ta bank ustav sarmoyasida davlat ulushi 25 foizdan ortiqdir. Aksiyalarning asosiy nazorat paketi davlatga qarashli boʻlgan korxonalar, uyushmalar, korporatsiyalar va konsernlar yirik aksiyadorlik-tijorat banklarining asosiy muassislari hisoblanadilar. Shu munosabat bilan aholining, xususiy tadbirkorlarning, kichik va oʻrta biznes korxonalarining, shuningdek xorijiy investorlarning tijorat banklari sarmoyasida qatnashishini kengaytirish favqulodda muhim ahamiyatga egadir. Bu banklarni boshqarishda bozor iqtisodiyoti uchun muhim boʻlgan xususiy mulkdorning manfaatini ishga tushirish imkonini beradi.
Dastur:
2000-2001-yillarda Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy bankini aksiyalashtirish va aksiyalarining 40 foizini hamda “Asaka” banki aksiyalarining 50 foizini xorijiy investorlarga sotish;
2000—2003-yillarda mamlakatimiz investorlarini va chet ellik investorlarni jalb qilish hisobiga “Oʻzuyjoyjamgʻarmabank”, “Oʻztadbirkorbank” va “Zamin” banki ustav sarmoyalarida davlat ulushini kamaytirish yoʻli bilan banklarni bosqichma-bosqich xususiylashtirish va davlat tasarrufidan chiqarishni nazarda tutadi.
Bank sohasida xususiylashtirish jarayonini faollashtirish, tijorat banklari aksiyalari sotilishini va ularning xaridorgirligini oshirishni taʼminlash uchun dastur fond birjalari, shu jumladan xorijiy fond birjalari orqali qimmatli qogʻozlarning birlamchi va ikkilamchi bozorlarida banklarning aksiyalarini sotish mexanizmini takomillashtirishni nazarda tutadi.
II. BANK TIZIMINI INSTITUTSIONAL RIVOJLANTIRISh VA BANK IShINI YANADA TAKOMILLAShTIRISh
Hozirgi vaqtda bank tizimi aktivlarining 80 foizdan ortigʻi davlat va ixtisoslashtirilgan (tarmoq) banklar ulushiga toʻgʻri kelmoqda. Banklar aktivlarining iqtisodiyotning ayrim tarmoqlarida notekis jamlanishi kichik, oʻrta va xususiy tadbirkorlikning rivojlanishiga, moliya bozorida banklar oʻrtasida raqobatning kuchayishiga, banklar tavakkalchilik aktivlarining diversifikatsiyasiga, shuningdek bank faoliyatining monopoliyadan chiqarilishiga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Banklarning tavakkalchilik aktivlarini diversifikatsiyalash, bank faoliyatini amalga oshirishda ularning mustaqilligini taʼminlash, moliya bozorida raqobatni kuchaytirish, bank tomonidan moliyalashtirishning bozor prinsiplarini rivojlantirish, shuningdek, kichik, oʻrta va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga koʻmaklashish maqsadida Dasturda quyidagilar nazarda tutiladi:
ixtisoslashtirilgan banklar tomonidan xizmat koʻrsatilayotgan tarmoqlar sonini, xoʻjalik yurituvchi subyektlar turlarini va sodir etilayotgan operatsiyalar sonini kengaytirish yoʻli bilan ishlab turgan ixtisoslashtirilgan (tarmoq) tijorat banklarini universallashtirish va tijoratlashtirish;
bank aksiyadorlarining huquqlarini boshqa xoʻjalik jamiyatlari aksiyadorlarining huquqlari bilan tenglashtirishni taʼminlash maqsadida tijorat banklariga soliq solish tartibini takomillashtirish (banklarni foydadan soliq olinadigan soliq toʻlovchilar toifasiga oʻtkazish);
banklar faoliyatini jahon bank amaliyotiga yaqinlashtirishni taʼminlovchi chora-tadbirlar koʻrish. 2000—2002-yillar mobaynida banklar tomonidan bajarilayotgan nazorat funksiyalari tegishli davlat organlariga bosqichma-bosqich beriladi, shuningdek, banklarning mijozlari tomonidan sodir etilayotgan operatsiyalar uchun ularning javobgarligini oshirish chora-tadbirlari koʻriladi;
Banklar aktivlari tarkibini oʻzgartirish agentligi koʻmagida 2000-2001-yillar mobaynida banklarning muammoli aktivlar toifasidagi mavjud aktivlarining tarkibi oʻzgartiriladi;
2001-yilda Oʻzbekiston banklar uyushmasi huzurida banklarni potensial qarz oluvchilarning kredit tarixi toʻgʻrisidagi axborot bilan taʼminlash uchun Kredit-axborot byurosi tashkil etish.
Garov sifatidagi kredit tavakkalchiligini taʼminlashning amaliy bozor vositasidan samarali foydalanish maqsadida Adliya vazirligi, Markaziy bank va Banklar uyushmasi tomonidan 2000-yilda garov toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga qoʻshimchalar kiritish yuzasidan takliflar tayyorlanadi va tegishli organlarning koʻrib chiqishi uchun kiritiladi.
Markaziy bank tomonidan Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi bilan birgalikda bank muomalasiga qoʻshimcha moliyaviy resurslarni jalb qilish va bank sektoriga ishonchni oshirish maqsadida, naqd va naqdinasiz shakllardan foydalanish sohasini birxillashtirgan holda, hisob-kitoblar tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari koʻriladi.
Dasturning amalga oshirilishi tijorat banklarida jamgʻarma ishini rivojlantirish, talab va taklif asosida depozitlar boʻyicha oʻzgaruvchan foiz siyosatini joriy etish, shuningdek banklarning depozit bazasini mustahkamlash, aholining boʻsh mablagʻlarini amaliy muomalaga jalb qilish maqsadida mijozlarning pul mablagʻlari, qimmatli qogʻozlari va mol-mulkini saqlashga oid seyf operatsiyalarini joriy etish bilan bogʻliqdir.
2000-yildan boshlab tijorat banklarining resurs bazasi barqarorligini va kapitallashuvi darajasini oshirish maqsadida ipoteka obligatsiyalari, depozit, jamgʻarma sertifikatlar va boshqa qimmatli qogʻozlar singari banklarning uzoq muddatli qarz majburiyatlarining zamonaviy bozor vositalari joriy etiladi. Bunga qoʻshimcha ravishda 2000—2004-yillar mobaynida foydaning 10 foizidan 30 foizgachasi, soliqlar toʻlangandan keyin, banklarning kapitallashuvi darajasiga qarab tijorat banklarining ustav sarmoyalarini koʻpaytirishga yoʻnaltiriladi.
2000—2005-yillar mobaynida Xalq bankining resurs bazasini mustahkamlash va uning ustav sarmoyasi miqdorini mazkur bankning mayda omonatchilari manfaatlari himoya qilinishini taʼminlash uchun 10 mlrd soʻmgacha yetkazish chora-tadbirlari koʻriladi.
Aholi omonatlari boʻyicha banklar javobgarligining zarur sugʻurta himoyasi Jamoa sugʻurta jamgʻarmasi mablagʻlarini ishonchli yuqori likvidli davlat va korporativ qimmatli qogʻozlarga va bank depozitlariga investitsiya qilishning maqbul strategiyasini amalga oshirish hisobiga taʼminlanadi.
III. INVESTITSIYa JARAYoNLARINING FAOL QATNAShChILARI SIFATIDA TIJORAT BANKLARINING ROLINI OShIRISh
Hozirgi vaqtda yirik tijorat banklari investitsiya jarayonlarining asosiy qatnashchilari boʻlib qolmoqda. Bu kichik va oʻrta tadbirkorlikni rivojlantirish uchun xalqaro moliyaviy tashkilotlarning kredit liniyalarini oʻzlashtirishga ham toʻliq darajada taalluqlidir.
Hukumatning investitsiya dasturini muvaffaqiyatli amalga oshirishda barcha banklarning vositachilik rolini oshirish, kichik va oʻrta tadbirkorlikni rivojlantirish uchun xorijiy kredit liniyalarni va budjetdan tashqari fondlarning mablagʻlarini oʻz vaqtida oʻzlashtirish maqsadida mazkur Dastur quyidagilarni nazarda tutadi:
kichik va oʻrta tadbirkorlikni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlash uchun investitsiya jarayonlarida ayniqsa xalqaro moliyaviy tashkilotlar liniyasi boʻyicha moliyaviy vositachilikni faollashtirish maqsadida Oʻzbekiston taraqqiyot bankini tashkil etish;
2000-yildan boshlab yirik investitsiya loyihalarini kombinatsiyali (sindikatlashtirilgan) moliyalashtirish va kreditlash mexanizmi va vositalarini shakllantirish;
banklar foydasining 25 foizgachasini tijorat banklarida tashkil etilayotgan kichik va oʻrta biznesning ishlab chiqarish korxonalarini, yuqori texnologiyali va innovatsiya loyihalarini, dehqon va fermer xoʻjaliklarini Imtiyozli kreditlash jamgʻarmasi mablagʻlariga ajratish hisobiga kichik va oʻrta biznesning ishlab chiqarish korxonalarini, yuqori texnologiyali va innovatsiya loyihalarini, dehqon va fermer xoʻjaliklarini imtiyozli kreditlashdan foydalanish.
IV. XUSUSIY TADBIRKORLAR VA AHOLINI MIKROKREDITLAShNI RIVOJLANTIRISh
Hozirgi vaqtda xususiy tadbirkorlarni, kichik va mikrokorxonalarni mikrokreditlash bozori toʻliq banklarga tegishlidir, bu ushbu bozorda raqobatning darajasi yetarli emasligiga olib keladi.
Dastur mikrokreditlash bozorida raqobatni kuchaytirish maqsadida quyidagilarni nazarda tutadi:
Osiyo taraqqiyot banki va boshqa xalqaro moliyaviy muassasalarning koʻmagida kredit kooperativlari (uyushmalar) tashkil etish yoʻli bilan kichik va oʻrta tadbirkorlikni mablagʻ bilan taʼminlashning bank kreditlashiga muqobil shakllarini rivojlantirish;
xususiy tadbirkorlar, kichik va mikrokorxonalarni mikrokreditlash mexanizmini doimiy ravishda takomillashtirish maqsadida kredit kooperativlari uyushmalarning tijorat banklari bilan oʻzaro hamkorligi mexanizmini rivojlantirish.
Shu bilan birga bank tizimida kichik va oʻrta biznes subyektlarini, xususiy tadbirkorlikni mikrokreditlashning vositalaridan keng foydalaniladi, shu jumladan qarz oluvchi tomonidan uchinchi shaxslar, mahalla, qishloq, ovul fuqarolari yigʻini organlarining kafilligini berishdan foydalaniladi.
V. BANK AXBOROT TIZIMLARI VA TEXNOLOGIYALARINI RIVOJLANTIRISh
Respublika mustaqilligi yillarida bank tizimida mijozlarning pul mablagʻlarini oʻz vaqtida oʻtkazishni taʼminlovchi elektron toʻlov tizimi shakllantirildi. Biroq bank tizimi oldida yaqin yillarda turgan vazifalar uni yanada takomillashtirish va rivojlantirishni taqozo etadi.
Dasturda banklararo axborot-kompyuter infratuzilmani yanada yaxshilash maqsadida quyidagilar nazarda tutilgan:
Markaziy bank maʼlumotlarni uzatish banklararo tarmogʻining axborot-kompyuter infratuzilmasini hisob-kitoblar tizimini rivojlantirishning ilgʻor yoʻnalishlariga muvofiq takomillashtirish. Buning uchun 2000-yil mobaynida Jahon banki loyihasi doirasida toʻlov tizimining konseptual dizayni ishlab chiqiladi;
Markaziy bank maʼlumotlarni uzatish banklararo tarmogʻini 2000-2001-yillar mobaynida bank tuzilmalari va boshqa moliyaviy tuzilmalarning axborot borasida oʻzaro hamkorligini taʼminlovchi telekommunikatsiyalarning global respublika tarmogʻiga aylantirish yoʻli bilan rivojlantirish;
maʼlumotlarni uzatish tarmogʻida standartlarni va axborot ayirboshlash tartibotini takomillashtirish yoʻli bilan elektron pochta ishini yanada yaxshilash;
plastik kartochkalar negizida naqd pulsiz hisob-kitoblar milliy tizimini yaratish.
VI. BANK MENEJMENTINI VA BANK KADRLARI TAYYORLASh USULLARINI TAKOMILLAShTIRISh
Dastur bank menejmentini va bank kadrlari tayyorlash usullarini yanada takomillashtirish maqsadida quyidagilarni nazarda tutadi:
bank faoliyati natijalari, kreditlarning qaytarilishi uchun banklar Kengashlari va Boshqaruvlarining javobgarligini oshirish yoʻli bilan banklarni korporativ boshqarishni mustahkamlash boʻyicha 1999-yilda boshlangan chora-tadbirlarni 2000-yilda davom ettirish;
tijorat banklarida ichki audit xizmatlarining rolini kuchaytirish, ularning ijro etuvchi organdan mustaqilligini taʼminlash va banklar ijro etuvchi organlari tomonidan ichki audit xizmatlarini ular faoliyatidagi muammolarni oʻz vaqtida aniqlash va bartaraf etish uchun bankning moliyaviy ahvoli toʻgʻrisidagi ishonchli axborot bilan taʼminlash;
tijorat banklari tomonidan xalqaro reyting agentliklarining reytinglarini olish boʻyicha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
bozor iqtisodiyotining zamonaviy talablariga javob beruvchi bank kadrlari tayyorlash uchun shart-sharoitlarni taʼminlash maqsadida 2000-yilda va undan keyingi yillarda zamonaviy kompyuter texnikasi, bank ishi boʻyicha mamlakatimiz adabiyoti va xorijiy adabiyot bilan taʼminlash yoʻli bilan bank taʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasini va kutubxona fondini mustahkamlash chora-tadbirlari koʻriladi;
ana shu maqsadda bank mutaxassislarini ilgʻor jahon bank amaliyotiga muvofiq oʻqitish maqsadida oliy oʻquv yurtlari, bank kollejlari va sinflari uchun: darsliklar, qoʻllanmalar va uslubiy adabiyotning yangi avlodini, shuningdek, birxillashtirilgan oʻquv dasturlarini yaratish jarayoniga 2000—2002-yillarda alohida eʼtibor beriladi;
professional oʻsishni ragʻbatlantirish va taʼminlash, banklarning ijtimoiy infratuzilmasini, shuningdek ragʻbatlantirishning nomoddiy shaklllari tizimini rivojlantirish yoʻli bilan bank xodimlari mehnati asoslanishining bozor usullari tizimini yanada takomillashtirish.
Tijorat banklari tomonidan konferensiyalarda chiqishlar qilish, ommaviy axborot vositalaridan, bosma mahsulotlardan, “Internet” tarmogʻidan, Oʻzbekiston Respublikasi elchixonalari va diplomatik vakolatxonalari imkoniyatlaridan foydalanish yoʻli bilan chet elda taqdimotlar tashkil etish amaliyoti qoʻllaniladi.
VII. BANK NAZORATINI KUChAYTIRISh VA YANADA RIVOJLANTIRISh
Bank faoliyatini tartibga soluvchi qabul qilingan qonunlarga muvofiq Markaziy bankda tijorat banklari faoliyatini nazorat qilishning xalqaro standartlarga va Bank nazorati boʻyicha Bazel qoʻmitasi talablariga javob beruvchi taʼsirchan tuzilmasi yaratilgan.
Tijorat banklari hisob raqamlarining Moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga muvofiq boʻlgan va banklar faoliyati ochiqligini taʼminlovchi yangi rejasi amalga joriy etilgan. Shuningdek tijorat banklarida xalqaro eʼtirof etilgan audit kompaniyalar tomonidan tashqi auditorlik tekshirishlari oʻtkazish amaliyoti joriy etilgan.
Tijorat banklari faoliyatini nazorat qilish, jadal rivojlanayotgan bozor sharoitlarida bank nazoratining taʼsirchanligini qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Markaziy bankning rolini yanada kuchaytirish maqsadida Dastur quyidagilarni nazarda tutadi:
amaldagi qonun hujjatlariga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish yoʻli bilan tijorat banklari faoliyati ustidan nazoratni takomillashtirish;
banklarning buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobotini moliyaviy hisobotning xalqaro standartlariga muvofiq takomillashtirish yoʻli bilan tijorat banklarining axborotni tashqi foydalanuvchilar uchun oshkor qilish standartlarini yanada rivojlantirish.
VIII. KUTILAYOTGAN NATIJALAR
Bank tizimini isloh qilish dasturining asosiy yoʻnalishlari milliy moliya-kredit tizimini isloh qilishni yanada chuqurlashtirishning ustuvor yoʻnalishlarini ochib beradi va Dasturning mamlakatda amalga oshirilayotgan umumiy iqtisodiy qayta oʻzgartirishlar, bank tizimini bosqichma-bosqich isloh qilish, milliy moliya tizimining barqarorligini, moliya bozorlarida erkin raqobatni qoʻllab-quvvatlash bilan muvofiqligi prinsiplariga asoslanadi.
Bank tizimini isloh qilish dasturi asosiy yoʻnalishlarining amalga oshirilishi quyidagilarni taʼminlaydi:
davlat va nodavlat bank muassasalari faoliyat koʻrsatishining balansliligiga erishish maqsadida bank tizimi mol-mulki tuzilmasini maqbullashtirish;
bank tizimini rivojlantirishni raqobatbardoshlik darajasini oshirishga yoʻnaltirgan holda bank sektorini monopoliyadan chiqarishni kuchaytirish;
bozor va kredit tavakkalchiliklarini hisobga olgan holda aktivlar va passivlarni samarali boshqarishni taʼminlovchi banklar kredit siyosatini takomillashtirish; tijorat banklarida ichki kredit nazorati tizimini rivojlantirish; kredit resurslarini isteʼmol va investitsiya talabini ragʻbatlantirishga yoʻnaltirish;
banklarning bank vositalarining xaridorgirligini joriy etish va takomillashtirish yoʻli bilan yuridik va jismoniy shaxslarning pul mablagʻlarini (shu jumladan valyuta mablagʻlarini) omonatlarga jalb qilish ishlari faollashuvini taʼminlaydigan ularning depozit siyosatini rivojlantirish;
banklarning investitsiya vositachilari sifatida tijorat banklarining rolini oshirishga; real sektorning ustuvor tarmoqlarini kreditlash koʻlamlarini kengaytirishga; iqtisodiyotning xususiy sektorini, shuningdek kichik va oʻrta biznesni rivojlantirishning moliyaviy imkoniyatlarini rivojlantirishga; banklarning investitsiya loyihalari va dasturlarini mablagʻ bilan taʼminlashda qatnashishining yangi shakllari va usullarini joriy etishga qaratilgan investitsiya siyosatini takomillashtirish;
bank xizmatlarini kengaytirish va diversifikatsiyalash, bank mijozlariga xizmat koʻrsatishning zamonaviy bank mahsulotlari va texnologiyalarini joriy etish asosida tijorat banklari bilan ularning mijozlari oʻrtasidagi munosabatlarni uygʻunlashtirish;
bankning barqarorligi va faoliyat koʻrsatishi ishonchliligi oshishiga koʻmaklashuvchi bankning joriy va strategik faoliyatini boshqarishda sifat va samaradorlik oshishini taʼminlovchi zamonaviy xalqaro standartlar va huquqiy normalarga javob beruvchi tijorat banklarida korporativ boshqarishni institutsional mustahkamlash;
bank xizmatlari bozorining, shuningdek tijorat banklari faoliyatining ularning mijozlari, investorlar va hamkorlar uchun ochiq boʻlishini oshirish;
monetar siyosat, davlat krediti, fiskal siyosat, ichki nazorat va auditlash, tashqi auditni oʻz ichiga oluvchi banklar faoliyatini davlat tomonidan va ichki iqtisodiy tartibga solish tizimini takomillashtirish;
jahon iqtisodiyoti globallashuvi sharoitlarida mamlakat moliya tizimi uchun salbiy tizimli tavakkalchiliklarga yoʻl qoʻyilmasligini taʼminlovchi mamlakatimiz tijorat banklarining jahon bank tizimiga izchil integratsiyalashuvini amalga oshirish;
moliyaviy sektorning huquqiy negizini takomillashtirish;
bankdan tashqari moliya muassasalarining, ayniqsa ichki investitsiya resurslarini jamlash masalasidagi faoliyatini rivojlantirish;
toʻlaqonli bank nazorati ostida boʻlgan yaxshi boshqariladigan kredit muassasasi boʻlishi mumkin boʻlgan banklarning milliy tarmogʻini yaratish;
bank sektorining taʼminlovchi kichik tizimlarini rivojlantirish.
Oʻzbekiston Respublikasi Bank tizimini isloh qilish dasturining amalga oshirilishi iqtisodiyotning real sektori korxonalari uchun ancha rivojlangan moliyaviy muhitni taʼminlash, kichik, oʻrta va xususiy tadbirkorlikning amaliy faolligini oshirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, mamlakatimiz korxonalarining raqobatbardoshligi oshishiga ijobiy taʼsir koʻrsatish, mamlakat iqtisodiyotiga qoʻyilayotgan jamgʻarmalar va investitsiyalar darajasi jiddiy ravishda oʻsishiga koʻmaklashish, makroiqtisodiy barqarorlikni va iqtisodiy oʻsish tendensiyalarini mustahkamlash yoʻli bilan iqtisodiyotda bir qancha ijobiy natijalarga olib keladi.
Bank tizimini isloh qilish dasturini amalga oshirish tadbirlari
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 24-martdagi 104-son qaroriga 2-ILOVA
Ustav sarmoyasida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan aksiyadorlik-tijorat banki kengashi toʻgʻrisida
NAMUNAVIY NIZOM
1. UMUMIY QOIDALAR
1. Ushbu Nizom “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki toʻgʻrisida”, “Banklar va bank faoliyati”, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlar xuquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga hamda boshqa qonun hujjatlariga, shuningdek, bank ustaviga muvofiq ishlab chiqilgan.
2. Nizom “__________” aksiyadorlik-tijorat banki kengashi maqomini belgilaydi va ishini tartibga soladi, Kengash aʼzolarini saylash tartibini, shuningdek Bank kengashi aʼzosining huquqlari va vazifalarini belgilaydi.
3. “_________” aksiyadorlik-tijorat banki kengashi (keyingi oʻrinlarda Bank kengashi deb ataladi) bank faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshiradi, Aksiyadorlar umumiy majlisining mutlaq vakolatiga taalluqli masalalar bundan mustasno.
2. BANK KENGAShINING HUQUQLARI VA VAZIFALARI
4. Bank kengashi quyidagi masalalar boʻyicha qarorlar qabul qilishda mutlaq huquqqa egadir:
bank faoliyatining ustuvor yoʻnalishlarini belgilash, shu jumladan, uning kredit siyosatini ishlab chiqish;
bankning tashkiliy-boshqaruv tuzilmasini tasdiqlash;
yillik hisobotni, foyda va zararlar hisob raqamlarini koʻrib chiqish va ularni Aksiyadorlar umumiy majlisiga tasdiqlash uchun kiritish;
bank ustaviga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha takliflarni koʻrib chiqish hamda ularni Aksiyadorlar umumiy majlisiga tasdiqlash uchun kiritish;
moliya yili uchun daromad va xarajatlar rejasini tasdiqlash toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish;
obligatsiyalar chiqarish va bankning boshqa qarz majburiyatlari toʻgʻrisida, ularni qonunchilikda nazarda tutilgan tartibda sotib olish tartibi toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish;
yangi boʻlimlar, filiallar, chet ellarda vakolatxonalar tashkil etish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish;
tijorat, shuʼba va aloqador korxonalar tashkil etishni nazarda tutuvchi investitsiyalar toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish;
Boshqaruv aʼzolariga beriladigan mukofotlar va kompensatsiyalar miqdorlarini belgilash;
Bank boshqaruvi faoliyati tartibini belgilovchi hujjatlarini tasdiqlash.
5. Bank boshqaruv Bank kengashi bilan kelishgan holda quyidagilar toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi:
bank aksiyadorlarining yillik va navbatdan tashqari umumiy majlislarini chaqirish;
bankning zaxira va boshqa jamgʻarmalaridan foydalanish boʻyicha qarorlar qabul qilish;
yirik bitishuvlar tuzish, shu jumladan, oʻz vakolati doirasida korxonalarga (bitishuvlar yoki umumiy qiymati qaror qabul qilingan sanada bank sarmoyasining 15 foizidan koʻprogʻini tashkil qiladigan bir nechta oʻzaro bogʻliq bitishuvlar) mol-mulk sotib olish va ularni begonalashtirish bilan bogʻliq kreditlar berish;
agar ilgari berilgan kreditlar qaytarilmagan boʻlsa, bitta qarz oluvchiga yangi kreditlar berish;
Bank ustavida Kengashga berilgan vakolatlarga oid boshqa masalalarni hal qilish.
6. Quyidagilar Bank kengashi vazifalari hisoblanadi:
oʻz vakolatlarini bank aksiyadorlari manfaatlarini koʻzlab amalga oshirish;
bankka vakolatli rahbarlikni taʼminlash;
bank faoliyati, kreditning toʻgʻri berilishi va mablagʻlarning investitsiyalanishi ustidan joriy nazoratni amalga oshirish (omonatchilar, kreditorlar va aksiyadorlar manfaatlarini himoya qilish maqsadida);
bankning teng ravishda kapitallashuvini saqlab turish;
bank faoliyati strategiyasini shakllantirish;
bankni rivojlantirishga oid qabul qilingan biznes-rejalarning bajarilishini nazorat qilish;
bank daromadlari ustidan monitoringni amalga oshirish;
ichki audit xizmati faoliyat koʻrsatishini tashkil etish;
har chorakda bank faoliyati natijalarini eshitish.
3. BANK KENGAShINI SAYLASh VA UNI OʻTKAZISh TARTIBI
7. Aksiyadorlarning umumiy Majlisi, Bank kengashi hamda Bank boshqaruvi bankni boshqarish organlari hisoblanadi. Aksiyadorlarning umumiy Majlisi boshqarishning yuqori organi hisoblanadi.
8. Bank kengashi tarkibida aʼzolarning vakilligi aksiyadorlar ulushlariga mutanosib boʻlishi kerak.
10. Bank boshqaruvi aʼzolari hamda Boshqaruv raisi Bank kengashiga saylanishlari mumkin emas.
12. Bank kengashi tarkibiga saylangan shaxslar uning tarkibiga cheklanmagan marta saylanishlari mumkin.
13. Aksiyador oʻziga tegishli aksiyalar boʻyicha ovozlarni Bank kengashi aʼzoligiga nomzodlardan biriga toʻliq yoki bir necha nomzodga taqsimlab berishga haqlidir.
14. Bank kengashi raisi:
Kengash ishini tashkil etadi;
Kengash majlislarini chaqiradi va ularda raislik qiladi;
majlislarda protokol yuritilishini tashkil etadi;
Aksiyadorlarning umumiy majlisini ochadi va uning hayʼati tarkibiga kiradi, bank nomidan Boshqaruv raisi bilan mehnat shartnomasi tuzadi;
bank ustavida va qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boshqa harakatlarni amalga oshiradi.
15. Bank kengashi raisi joyida boʻlmagan taqdirda uning funksiyalarini qonun hujjatlarida va bank ustavida belgilangan tartibda tayinlanadigan Kengash aʼzolaridan biri amalga oshiradi.
16. Bank kengashi Majlisi Kengash raisining oʻz tashabbusiga koʻra yoki:
bank ustav sarmoyasidagi davlat ulushini boshqarish vakolati berilgan organ sifatidagi Moliya vazirligi;
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki;
Kengashning ikki va undan ortiq aʼzolari;
Taftish komissiyasi;
Boshqaruv;
bank ichki audit xizmati rahbari;
bank tashqi auditorining talabiga koʻra chaqiriladi.
17. Bank kengashi majlisini chaqirish va uni oʻtkazish tartibi ustavda belgilanadi (Bank kengashi majlislari, qoidaga koʻra, Kengashning tasdiqlangan ish rejasiga muvofiq chaqiriladi).
18. Bank kengashi majlisini oʻtkazish uchun kvorum bank ustavida belgilanadi, lekin u Bank kengashining saylangan aʼzolarining 2/3 qismidan kam boʻlmasligi kerak. Kengashning ayrim aʼzolari kelolmagan taqdirda ularning ovozlari yozma ravishda soʻrov yoʻli bilan hisobga olinadi.
19. Kengash aʼzolarining soni ustavda nazarda tutilgan aʼzolar sonining 2/3 qismidan kam boʻlib qolgan taqdirda bank Bank kengashining yangi tarkibini saylash uchun Aksiyadorlarning favqulodda (navbatdan tashqari) umumiy majlisini chaqirishga majbur. Bank kengashining qolgan aʼzolari faqat Aksiyadorlarning favqulodda (navbatdan tashqari) umumiy majlisini chaqirish toʻgʻrisida qaror qabul qilishga haqlidir.
20. Bank kengashi majlisida qarorlar qatnashayotganlarning koʻpchilik, kamida 2/3 qismining ovozi bilan qabul qilinadi.
21. Bank kengashi bir aʼzosi ovozining Kengashning boshqa aʼzosiga berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
22. Bank kengashi majlisida protokol yuritiladi, u Kengash Majlisi oʻtkazilgandan keyin 10 kundan kechikmay tuziladi va tasdiqlanadi.
23. Majlis protokolida:
majlis oʻtkazilgan joy va vaqt;
majlisda qatnashgan shaxslar;
majlis kun tartibi;
ovozga qoʻyilgan masalalar, ular boʻyicha ovoz berish natijalari;
qabul qilingan qarorlar koʻrsatiladi.
24. Bank kengashi majlisining protokoli majlisda raislik qiluvchi tomonidan imzolanadi, u protokolning toʻgʻriligi uchun javob beradi.
25. Bank kengashi tomonidan qarorlar qabul qilishda ovozlar teng boʻlib qolgan taqdirda Bank kengashi raisi hal qiluvchi ovozga ega boʻladi.
26. Bank kengashi qarorlari bilan bank aksiyadorlari tanishtirilishi mumkin (tijorat siri boʻlgan qarorlar bundan mustasno).
4. BANK KENGAShI AʼZOLARINING HUQUQLARI VA MAJBURIYATLARI
27. Bank kengashi aʼzosi quyidagi huquqlarga ega:
Bank kengashi majlisida shaxsan qatnashish, ish tartibiga muvofiq ajratilgan vaqt doirasida majlisda muhokama qilinayotgan masala boʻyicha soʻzga chiqish;
bankning muayyan davr mobaynidagi faoliyati natijalari, bankni rivojlantirish rejalari toʻgʻrisida toʻliq va ishonchli axborot olish;
yuklangan funksiyalarni bajargan holda Bank kengashida ishlaganligi uchun muayyan miqdorda mukofot olish.
Kengashning har bir aʼzosi uchun aniq funksiyalar Kengash raisi tomonidan tasdiqlanadi. Kengash aʼzosining har biri uchun mukofotlar va kompensatsiyalar miqdori Aksiyadorlarning umumiy Majlisi tomonidan belgilanadi.
28. Bitishuv tomonlaridan biri bank boʻlgan bitishuvdan Kengash aʼzosi moliyaviy manfaatdor boʻlgan taqdirda, shuningdek Kengash aʼzosi va bank manfaatlari oʻrtasida boshqa nizo paydo boʻlganda Kengash aʼzosi bitishuv sodir etilgunga qadar oldindan Kengashni oʻz manfaatdorligi toʻgʻrisida xabardor qilishi kerak, bitishuv toʻgʻrisidagi qaror esa bunday manfaatdorlikka ega boʻlmagan Kengash aʼzolarining koʻpchilik ovozi bilan yoxud aksiyadorlarning umumiy majlisida koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinishi kerak. Bunda Kengashning manfaatdor aʼzolari bunday bitishuv boʻyicha muhokamada ham, qaror qabul qilishda ham qatnashmaydilar.
29. Kengash aʼzolari Kengash tomonidan u yoki bu tusdagi qaror qabul qilishga taʼsir oʻtkazganliklari uchun bevosita yoki bilvosita mukofot olish huquqiga ega emaslar.
30. Kengash aʼzolari bankning imkoniyatlari (bankning mulkiy va nomulkiy huquqlari, xoʻjalik faoliyati sohasidagi imkoniyatlari, faoliyati va rejalari toʻgʻrisidagi axborotlar)dan shaxsiy boylik orttirish maqsadida foydalanish huquqiga ega emaslar.
5. BANK AKSIYADORLARINING HUQUQ VA MANFAATLARINI HIMOYA QILISh
31. Bank aksiyadorlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish Kengash tomonidan:
bank faoliyatini aksiyadorlar manfaatlarini hisobga olgan holda tashkil etish;
Aksiyadorlar umumiy majlislarining tayyorlanishi va oʻtkazilishini nazorat qilish;
ovoz berish, ovozlarni hisoblash va qarorlar qabul qilish tartibotlari;
ustav fondini koʻpaytirish yohud kamaytirish, qoʻshimcha qimmatli qogʻozlar chiqarish va boshqalar bilan ustav sarmoyasi ulushlari oʻzgartirilganda aksiyadorlar huquqlari cheklanishiga yoʻl qoʻymaslik;
bankning samarali dividend siyosatini ishlab chiqish;
bank aksiyadorlarining oʻzaro munosabatlari bilan bogʻliq masalalarni koʻrib chiqish;
Boshqaruvning noqonuniy va asoslanmagan xatti-harakatlari ustidan aksiyadorlarning takliflari va shikoyatlarini qabul qilish va koʻrib chiqish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
6. BANK FAOLIYATINI NAZORAT QILISh
32. Bank kengashi Boshqaruvdan vaqti-vaqti bilan (kamida har chorakda bir marta) bankning moliyaviy ahvoli va faoliyati, shu jumladan ularni yaxshilash boʻyicha tavsiyalar toʻgʻrisida qisqacha maʼlumotlar va yozma hisobotlar oladi, shuningdek, Boshqaruv raisi va ichki audit xizmati rahbarining axborotlarini eshitadi.
Kengash aʼzolari bu hisobotlarning toʻgʻriligini va tavsiyalarni amalga oshirish mumkinligini aniqlash maqsadida ularni sinchiklab tekshiradilar.
33. Xususan, quyidagi moliyaviy koeffitsiyentlar Kengash tomonidan muntazam nazorat qilinadigan koʻrsatkichlar hisoblanadi:
aktivlarga nisbatan daromad;
oddiy aksiyalar boʻyicha daromad;
umumiy foiz marjasi miqdori;
bankning aktivlarga nisbatan foizlar toʻlash bilan bogʻliq boʻlmagan xarajatlari;
barcha kreditlarga nisbatan shubhali va ishonchsiz kreditlar ulushi;
barcha kreditlarga nisbatan hisobdan chiqarilgan kreditlar ulushi;
yirik kreditlar summasi va bank bilan bogʻliq shaxslarga berilgan kreditlar.
7. KADRLAR SIYOSATINI AMALGA OShIRISh
34. Bank kengashi bankning kadrlar siyosatini, yuqori malakali bank rahbarlari va xodimlarini jalb qilish strategiyasini ishlab chiqadi va amalga oshiradi.
35. Kadrlar siyosati qonun hujjatlariga muvofiq:
bank xodimlarini mukofotlash, ragʻbatlantirish va jazolash tizimini;
oʻqitish va qayta oʻqitish dasturini;
boʻsh oʻrinlar paydo boʻlganda rahbarlikka koʻtarish tartibini;
bank rahbariyati ishdan boʻshatilishi majburiy boʻlgan holatlarni belgilashni oʻz ichiga oladi.
37. Bank kengashi:
Bank boshqaruvi aʼzolari hamda asosiy xizmatlar rahbarlari ishini baholash mezonlarini;
axloq kodeksini va manfaatlar qarama-qarshiliklarini bartaraf etish chora-tadbirlarini;
omilkor boʻlmaganligi, vijdonan ishlamaganligi, manfaatlar qarama-qarshiligi tufayli bankning mansabdor shaxslari yuklangan vazifalardan chetlatiladigan shart-sharoitlar roʻyxatini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi.
8. BANKNING TENG KAPITALLAShUVINI SAQLAB TURISh
38. Bank kapitalini saqlash va uning operatsiyalar koʻlami tavakkalchilik darajasiga muvofiqligini taʼminlash maqsadida Bank kengashi:
bank tomonidan vujudga kelishi mumkin boʻlgan boy berishga qarshi Markaziy bank belgilagan miqdorlarda maxsus zaxiralar yaratilishini nazorat qiladi;
Bank boshqaruvidan bank tavakkalchiliklari darajasi Markaziy bank belgilaganidan yuqori boʻlmasligini taʼminlashni talab qiladi;
bank aksiyalarini joylashtirish chora-tadbirlarini koʻradi;
bankning kapital va umumiy zaxiralari yetarli darajada saqlab turilishini taʼminlaydi.
9. BANKNI RIVOJLANTIRISh BIZNES-REJASINI ShAKLLANTIRISh VA UNI AMALGA OShIRISh
39. Bank kengashi bankni rivojlantirish biznes-rejasini (ham mustaqil ravishda, ham chetdan maslahatchilar va ekspertlarni jalb qilgan holda) ishlab chiqadi va tasdiqlaydi, biznes-reja:
kredit berish toʻgʻrisida qaror qabul qilish siyosatini;
kreditlarni nazorat qilish tartibotini;
aktivlar va passivlarni boshqarish tizimini;
investitsiyalash tartibini oʻz ichiga oladi.
40. Kengash bankni rivojlantirish biznes-rejasi uning Boshqaruvi tomonidan amalga oshirilishini taʼminlaydi.
41. Bankni rivojlantirish biznes-rejasi, qoidaga koʻra, unga zarur oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish maqsadida, yiliga kamida bir marta qayta koʻrib chiqiladi.
10. BANK KENGAShI AʼZOLARINING JAVOBGARLIGI
42. Bank kengashi aʼzolari bank va uning aksiyadorlari oldidagi oʻz majburiyatlarini zarur darajada bajarmaganliklari uchun Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlariga va bank ustaviga muvofiq javob beradilar.
43. Kengash yigʻilishida ovoz berishda qatnashmagan yoki bankka zarar yetkazishga olib kelgan qaror uchun qarshi ovoz bergan Bank kengashi aʼzolari javobgarlikdan ozod qilinadilar.
Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 24-martdagi 104-son qaroriga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan qarorlari
ROʻYXATI
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining “Respublikada kassa aʼmollarini tartibga solishning kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1992-yil 24-iyuldagi 346-son qarorining 9-bandi.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Aholining Oʻzbekiston jamgʻarmalar banki muassasalarida saqlanayotgan omonatlari boʻyicha yangi foiz stavkalarini tasdiqlash haqida” 1993-yil 16-yanvardagi 36-son qarori.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Pul muomalasini tartibga solish va respublika isteʼmol bozorini himoya qilishni kuchaytirish toʻgʻrisida” 1993-yil 5-maydagi 204-son qarorining 6-bandi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Pul muomalasini barqarorlashtirishga oid qoʻshimcha choralar toʻgʻrisida” 1993-yil 6-noyabrdagi 533-son qarori.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Bank tizimini takomillashtirish va pul-kredit munosabatlarini barqarorlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1994-yil 18-martdagi 146-son qarori.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Respublika bank tizimi boshqaruvi tuzilmasini va uning amaliy faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1994-yil 3-maydagi 234-son qarorining 2-bandi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Respublika korxonalari, tashkilotlari va muassasalaridan pul tushumi tushishi ustidan nazoratni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1994-yil 29-iyundagi 331-son qarori.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Muomaladagi naqd pullarni kamaytirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 1994-yil 11-iyuldagi 356-son qarorining 1 va 4-bandlari.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi budjetining ijrosini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 1997-yil 31-iyuldagi 379-son qarorining 8-bandi.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xoʻjaligi korxonalarini sanatsiya qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1998-yil 7-fevraldagi 61-son qarorining 6-bandi.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Yangi tashkil etilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyati ustidan bank va soliq nazoratini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1999-yil 30-martdagi 146-son qarori 1-bandining uchinchi xatboshi.
