Xorijiy davlatlar avtotransport vositalarining Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirganligi hamda tranzit oʻtishi uchun yigʻimlarni undirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (2694-son)
09.07.2015
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI BOSHQARUVI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT BOJXONA QOʻMITASINING
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 9-iyulda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2694]
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi, “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 11-yanvardagi 11-son “Avtomobilda xorijiy yuk tashuvchilarning Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirishlari, boʻlishlari, yuk olib oʻtishlari va undan chiqib ketishlari tartibi toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi va Davlat bojxona qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Xorijiy davlatlar avtotransport vositalarining Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirganligi hamda tranzit oʻtishi uchun yigʻimlarni undirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2015-yil 12-iyun,
335-V-son
Davlat bojxona qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari Sh. XAYRULLAYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 12-iyun,
02-02/12-26-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi va Davlat bojxona qoʻmitasining 2015-yil 12-iyundagi 335-V, 02-02/12-26-sonli qaroriga ILOVA
Xorijiy davlatlar avtotransport vositalarining Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirganligi hamda tranzit oʻtishi uchun yigʻimlarni undirish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi va “Valyutani tartibga solish toʻgʻrisida”gi qonunlari, Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 11-yanvardagi 11-sonli “Avtomobilda xorijiy yuk tashuvchilarning Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirishlari, boʻlishlari, yuk olib oʻtishlari va undan chiqib ketishlari tartibi toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq xorijiy davlatlar avtotransport vositalarining Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirganligi hamda tranzit oʻtishi uchun yigʻimlarni (bundan buyon matnda yigʻimlar deb yuritiladi) undirish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
qimmatliklar — milliy valyuta va kassa hujjatlari;
kunlik hujjatlar — operatsion kun davomida rasmiylashtirilgan milliy valyutada amalga oshirilgan operatsiyalar hisobini yuritish hujjatlari;
inkassatsiya xizmati — maxsus kassaning kunlik naqd pul tushumlarini inkassatsiya qilish va qimmatliklarni tashish bilan bogʻliq boʻlgan xizmat.
2. Xorijiy davlatlar avtotransport vositalarining Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirganligi hamda tranzit oʻtishi uchun qonunchilik hujjatlarida belgilangan miqdorda milliy valyutada yigʻimlar undiriladi.
3. Yigʻimlar naqd pul yoki naqd pulsiz shaklda toʻlanadi.
4. Yigʻimlarni undirish uchun tegishli bojxona postida tijorat banki tomonidan milliy valyutada toʻlovlarni qabul qiluvchi bank kassasi (bundan buyon matnda maxsus kassa deb yuritiladi) tashkil qilinadi.
Yigʻimlar barcha tijorat banklarining Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi kassalari orqali qabul qilinishi mumkin.
2-bob. Maxsus kassa ishini tashkil qilish, qimmatliklar bilan taʼminlash va ulardan foydalanish
5. Maxsus kassalar ishini tashkil etish, inkassatsiya va qimmatliklarni tashish, mazkur Nizomda boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, Tijorat banklarida kassa ishini tashkil etish, naqd pul va boshqa qimmatliklarni inkassatsiya qilishga doir yoʻriqnoma (roʻyxat raqami 3028, 2018-yil 29-iyun) talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
6. Maxsus kassa tijorat banki tomonidan yonmaydigan temir shkaf (seyf), telefon aloqasi, qoʻriqlash va yongʻin xavfsizligi signalizatsiyasi, milliy valyutani naqd pulsiz shaklda qabul qiluvchi toʻlov terminali, kompyuter, printer, hisoblash texnikasi, pul sanash mashinkasi, pullarni oʻrab-bogʻlash uchun banderol, tizimcha va plombalar, kassir uchun biriktirilgan maxsus plombir, amaliyot kassasining nomi yozilgan yoki uning tartib raqami koʻrsatilgan shtamp va blankalar bilan taʼminlangan boʻlishi shart.
7. Maxsus kassada faoliyat yuritadigan kassirlar soni uning ish hajmidan kelib chiqqan holda tijorat banki tomonidan belgilanadi.
8. Maxsus kassada ikki yoki undan ortiq kassirlar faoliyat yuritganda, tijorat banki rahbarining buyrugʻiga asosan katta amaliy ish tajribasiga ega boʻlgan kassirlardan biri katta kassir lavozimiga tayinlanadi. Katta kassir kassirlarga yuklatilgan barcha vazifalarni amalga oshirib, maxsus kassa ishiga boshchilik qiladi va kassirlarning ishini nazorat qilib boradi.
10. Yigʻimlar undirilganligi haqida kassir tomonidan mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shaklda kirim hujjati rasmiylashtiriladi. Bunda kassir hujjatda mijozning imzosi qoʻyilganligini hamda toʻgʻri va toʻliq toʻldirilganligini tekshirishi shart.
11. Kirim hujjati bir nusxada tayyorlanadi. Kirim hujjatning maʼlumotnoma qismi kunlik kassa hujjatlariga tikib qoʻyiladi, kvitansiya qismi naqd pulni topshirgan mijozga taqdim etiladi.
Bank kartalari orqali yigʻimlar qabul qilinganda toʻlov terminali kvitansiyasi (slip)ning bir qismi maʼlumotnomaga tikiladi, ikkinchi qismi kvitansiya bilan birga mijozga taqdim qilinadi.
Bundan tashqari, yigʻimlar virtual terminallar (E-ROS) yoki boshqa biror elektron toʻlov vositalari orqali qabul qilinganda, toʻlovchiga elektron chek yoki toʻlov amalga oshirilganligini tasdiqlovchi biror bir elektron hujjat taqdim etiladi.
3-bob. Maxsus kassada hisobotni yuritish
19. Kassir tomonidan operatsion kun yakunida maxsus kassada qimmatliklar asosida amalga oshirilgan operatsiyalar boʻyicha mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shaklda hisobot tuziladi va imzolanadi.
20. Hisobot va qimmatliklar inkassatsiya sumkasi (qop)ga tasdiqlovchi hujjatlar bilan birgalikda joylanadi hamda tijorat bankiga yuboriladi.
21. Inkassator tomonidan maxsus kassadan qabul qilingan inkassatsiya sumkalari (qoplari) tijorat bankining kechki kassasiga topshiriladi.
Maxsus kassa tomonidan tijorat bankiga yuboriladigan naqd pul va boshqa qimmatliklar oʻzaro shartnomaga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻriqlash xizmati (bank avtomashinasidan foydalangan holda) yoki “Respublika maxsus aloqa bogʻlamasi” davlat unitar korxonasi xizmati kuzatuvi ostida amalga oshirilishi mumkin.
22. Bank buxgalteriyasining masʼul xodimlari taqdim qilingan hujjatlar boʻyicha tuzilgan hisobotning toʻgʻriligini, qimmatliklarning toʻla-toʻkis topshirilganligini va ulardan toʻgʻri foydalanilganligini tekshiradi. Hisobotga kiritilgan operatsiyalarni tijorat banki balansida aks ettirilishi bosh buxgalter tomonidan tekshiriladi va imzolanadi hamda kassir tomonidan tasdiqlovchi hujjatlari bilan birgalikda kunlik hujjatlarga tikib qoʻyiladi.
4-bob. Yigʻimlarni undirish va hisobini yuritish
23. Yigʻimlardan tushgan mablagʻlar (bundan buyon matnda mablagʻlar deb yuritiladi) tijorat banklari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetining gʻazna hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
25. Operatsion kun yakunida maxsus kassa tomonidan qabul qilingan mablagʻlar tegishli tijorat bankiga inkassatsiya xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi qoʻriqlash xizmati (bank avtomashinasidan foydalangan holda) yoki “Respublika maxsus aloqa bogʻlamasi” davlat unitar korxonasi orqali topshiriladi. Mablagʻlar keyingi ish kunidan kechikmagan holda Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetining tegishli shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga oʻtkazib beriladi.
27. Tijorat banki tomonidan har oyda mablagʻlar boʻyicha hisobot tuziladi va hisobot oyidan keyingi oyning birinchi ish kunida Bosh bankka taqdim qilinadi.
28. Bosh bank hisobotlarni hisobot oyidan keyingi oyning 5-sanasidan kechiktirmasdan Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki va Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qoʻmitasiga taqdim etadi.
30. Yigʻimlarning belgilangan tartibda toʻlanishi ustidan nazorat bojxona boshqarmalari tomonidan amalga oshiriladi.
31. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
5-bob. Yakuniy qoida
32. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan.
Moliya vaziri R. AZIMOV
2015-yil 12-iyun
Xorijiy davlatlar avtotransport vositalarining Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirganligi hamda tranzit oʻtishi uchun yigʻimlarni undirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi va Davlat bojxona qoʻmitasining 2018-yil 7-fevraldagi 335-V-1, 01-02/12-17-sonli qarori (roʻyxat raqami 2694-1, 12.03.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.03.2018-y., 10/18/2694-1/0880-son)
Xorijiy davlatlar avtotransport vositalarining Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirganligi hamda tranzit oʻtishi uchun yigʻimlarni undirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi va Davlat bojxona qoʻmitasining 2018-yil 7-fevraldagi 335-V-1, 01-02/12-17-sonli qarori (roʻyxat raqami 2694-1, 12.03.2018-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.03.2018-y., 10/18/2694-1/0880-son)
