Madaniy, ilmiy va texnikaviy hamkorlik toʻgʻrisida
27.10.1993
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Fransiya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Fransiya Respublikasi Hukumati, quyida Tomonlar deb atalib,
Oʻzbekiston Respublikasi va Fransiya Respublikasi oʻrtasida 1993-yil 27-oktabrda Parijda imzolangan doʻstlik va hamkorlik toʻgʻrisidagi Shartnomaga binoan,
Yevropa xavfsizlik va hamkorlik Kengashining Xelsinkidagi imzolangan yakunlovchi Aktning prinsiplarini hurmat qilib,
ikki davlatning madaniy oʻziga xosligini va iqtisodiy ehtiyojlarini hisobga olgan holda taʼlim, bilim olish, madaniyat, fan, texnika va kadrlar tayyorlash sohalarida hamkorlikni kengaytirishni va ushbu bilan ikki xalq oʻrtasida oʻzaro tushunishni va doʻstlikni chuqurlashtirishni istab,
quyidagilar haqida kelishdilar:
1-MODDA
Har bir Tomon oʻz hududida boshqa davlat madaniyatidan erkin foydalanishni kafolatlaydi va oʻz jamoatini boshqa Tomonning madaniy boyliklari va bu sohadagi yutuqlari bilan bevosita tanishtirishga intiladilar.
Tomonlar amaldagi yoki oʻz davlatlari hududida ochilishi mumkin boʻlgan madaniyat tashkilotlari faoliyatini ragʻbatlantiradilar va vazifalarining bajarilishini osonlashtiruvchi mumkin va bor choralarni oʻz qonunlari doirasida qabul qiladilar.
Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻz hududida boshqa Tomon madaniyatining tarqatilishiga, xususan:
boshqa Tomonning intellektual va sanʼat dunyosining arboblarini, shuningdek, rassomlar, haykaltaroshlar, arxitektorlar, rejissorlar, kompozitorlar, muzey xodimlari, yozuvchilar, kutubxonachilarni hamda oliy sanʼat oʻquv yurtlariga yosh ijrochilarni oʻquv stajirovkalariga va yosh madaniyat xodimlarini madaniyat institutlarida tayyorlash uchun taklif qilish yoʻli bilan;
turli hujjatlar va maʼlumotlar almashish yoʻli bilan koʻmaklashadilar.
Tomonlar madaniy meros va tarixiy yodgorliklarni muhofaza qilish sohasida maʼmuriy, huquqiy va texnikaviy hamkorlikka koʻmaklashadilar. Ular, jumladan, milliy merosni saqlash sohasida kadrlar tayyorlashni ragʻbatlantiradilar.
2-MODDA
Ahdlashuvchi Tomonlar oʻz hududlarida boshqa davlatning tili oʻrganilishining amalga oshirilishiga harakat qiladilar.
Fransiya tomoni, 1992-yil noyabrda Toshkentda Fransiya elchisi va Oʻzbekiston Respublikasining Xalq taʼlimi hamda Oliy va maxsus oʻrta taʼlim vazirlari imzolagan pedagogik va lingvistik hamkorlik toʻgʻrisidagi eslatma ruhida, oliy malakali mutaxassislarni (til masalalari boʻyicha attashe, lektor va oʻqituvchilar) jalb qilib, Fransiyada hamda Oʻzbekistonda lingvistik stajirovkalarni tashkil qilib, fransuz tilini oʻqitishning, yangi maktab oʻquv kitoblarini va audiovizual metodlar tuzish sohasida hamkorlikni kengaytirib, Oʻzbekiston Respublikasida fransuz tilining oʻqitilishi va tarqalishi ishiga oʻz hissasini qoʻshadi.
Texnika sohasida hamkorlik loyihalari bilan birgalikda fransuz tilining mutaxassislik tili sifatida oʻqitilishiga alohida eʼtibor beriladi.
Ahdlashuvchi Tomonlar:
ikki davlat mutaxassislarining tajriba almashuvi va uchrashuvlari hamda pedagogik va maʼmuriy kadrlarning dastlabki tayyorlanishi va malaka oshirishini tashkil qilish yoʻli bilan taʼlim sohasida, shuningdek, uning sistemalarini tashkil qilish va boshqarish sohalarida hamkorlikka,
maktablar, xususan, oʻrta taʼlim muassasalari sinflari oʻrtasida almashish boʻyicha hamkorlikka,
universitetlar, xususan, ikki davlat universitetlari va boshqa oliy oʻquv yurtlari orasida amaldagi milliy qonunlari doirasida aniq loyihalar boʻyicha konvensiyalar tuzish yoʻli bilan hamkorlik qilishiga koʻmaklashadilar.
3-MODDA
Har bir Tomon boshqa davlatning madaniy, fan va texnikaviy xarakteriga ega boʻlgan kitob va boshqa nashrlarning oʻz hududida tarqatilishiga koʻmaklashadilar.
Tomonlar kitob nashr etish sohasida mualliflar, nashriyotchilar, tarjimonlar, malakali va mutasaddi xodimlar oʻrtasida aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlaydilar. Tomonlar ikki davlat nashriyotlari oʻrtasida, xususan, tarjima va birgalikdagi nashriyotchilik sohasidagi faoliyatini kengaytirish imkonini beruvchi hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdordirlar.
Tomonlar oʻz hududlarida boshqa Tomonning kitob koʻrgazmalari, xususan, xalqaro kitoblar yarmarkasi hamda kitoblarning koʻchma koʻrgazmalari oʻtkazilishiga moyillik qiladilar.
Tomonlar ikki davlat kutubxonalari oʻrtasida, xususan, hujjatlar va maʼlumot almashish hamda arxiv ishi sohasida aloqalar oʻrnatishdagi hamkorligiga koʻmaklashadilar.
4-MODDA
Tomonlar sanʼatning teatr, musiqa va raqs, folklor, rassomchilik, suratga olish va ovoz yozish kabi turli sohalarida almashishga koʻmaklashadilar.
Tomonlar kadrlar tayyorlashga moyillik qiladilar va madaniy tadbirlarga tarbiyaviy koʻrinish berishga intiladilar.
Tomonlar ijodiy uchrashuvlarni koʻzda tutgan koʻrgazmalar loyihalariga imtiyozlar beradilar va qoʻshma ishlab chiqarishni qoʻllab-quvvatlaydilar.
5-MODDA
Tomonlar intellektual xususiylik masalalari boʻyicha konsultatsiyalar oʻtkazishga kirishadilar; ular, xususan, Oʻzbekistonda tegishli qonunchilikni ishlab chiqish maqsadida mutaxassislar almashishni tavsiya qiladilar.
6-MODDA
Tomonlar radioeshittirish va; televideniye sohasida, asosan, tashkilotlar va mutaxassislar oʻrtasida almashishga moyildirlar va kadrlar tayyorlash ishlariga koʻmaklashadilar.
Tomonlar kinematografiya sohasidagi munosabatlarning rivojlanishiga, jumladan, kino kunlari oʻtkazishni tashkil qilish, badiiy, hujjatli va ilmiy-ommabop filmlar bilan almashish, filmlarni birgalikda ishlab chiqarish, oʻz hududlarida tashkil qilinadigan xalqaro festivallarda qatnashish hamda kadrlarni tayyorlash yoʻli bilan koʻmaklashadilar.
7-MODDA
Tomonlar ikki davlat ilmiy-tadqiqot institutlari va universitetlari orqali oʻzaro qiziqish uygʻotadigan sohalarda ilmiy va texnologik almashuvlarning rivojlanishiga koʻmaklashadilar.
Shu maqsadda Tomonlar, xususan:
ikki davlat ilmiy xodimlarining doktorlik dissertatsiyasini yozishga qaratilgan uzoq muddatli safarlarini,
dissertatsiya ishlariga birgalikda rahbarlik qilishni,
oʻqituvchilar va ilmiy xodimlarning oʻqishga va birgalikda tadqiqotlar olib borishga yuborilishini,
seminarlar, yozgi kurslar va kollokviumlar oʻtkazishni qoʻllab-quvvatlaydilar.
Shuning uchun ular ilmiy-tadqiqot institutlari, tashkilotlari va universitetlar oʻrtasidagi, maxsus bitimlar doirasidagi qoʻshma tadqiqot loyihalari ishlab chiqilishiga olib keluvchi bevosita aloqalarni ragʻbatlantiradilar.
Tomonlar arxeologiya sohasida birgalikda ishlarni davom ettirishni hamda gumanitar va ijtimoiy fanlarda yuqori darajadagi ilmiy tadqiqotlarni, jumladan, Markaziy Osiyo boʻyicha fransuz tadqiqotlari markazining (MOFTM) kelajakda olib boradigan ishlarini rivojlantirishni tavsiya qiladilar.
8-MODDA
Tomonlar oʻzaro kelishuv va zarurat asosida texnika sohasida imkoni boricha yaqin hamkorlikni davom ettiradilar.
Fransuz Tomoni, agar oʻzbek Tomonining bunga istagi boʻlsa, ekspert baholashini oʻtkazishi va oʻz yordamini taklif qilishi mumkin, soʻng oʻsha joyda yoki Fransiyada oʻtkaziladigan kadrlar tayyorlashga qaratilgan loyihalarga koʻmaklashadilar. Boʻlgʻusi stajorlar uchun zarur hollarda til oʻrganish kurslari tashkil etiladi.
Fransuz Tomoni jamiyat boshqaruvi (maʼmuriy kadrlar va huquqiy tayyorlash) sohasidagi hamkorlikka oʻz hissasini qoʻshishga hamda iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda yordam berishga tayyordir.
9-MODDA
Tomonlar oʻzbek va fransuz yoshlari oʻrtasida madaniyat hamda sport sohalarida, assotsiatsiya va federatsiyalar oʻrtasida bevosita aloqalarga alohida eʼtibor berib, yoshlar almashuviga hamda yoshlar tashkilotlari uchun kadrlar va yosh kadrlar tayyorlashga koʻmaklashadilar.
10-MODDA
Tomonlar, xususan, bir Tomondan xususiy shaxslar va boshqa Tomondan mahalliy kollektivlar, madaniy va ijodiy muassasalar, oʻquv yurtlari, assotsiatsiyalar, kasaba uyushmalari, jamoat tashkilotlari va boshqalar oʻrtasida bevosita — aloqalarda namoyon boʻlgan markazlashtirilmagan hamkorlikka alohida eʼtibor beradilar.
Bunday markazlashtirilmagan hamkorlik ikki davlat oʻrtasida davlatlar darajasida oʻtkaziladigan hamkorlikka qoʻshimcha boʻladi.
11-MODDA
Tomonlar ushbu Bitimning amalga oshirilishi ustidan nazorat qilishga qaratilgan madaniy, fan va texnikaviy hamkorlik boʻyicha oʻzbek-fransuz komissiyasini tuzadilar. Komissiya kerak hollarda hamkorlikning asosiy yoʻnalishlarining maqsadlarini aniqlash uchun va zarurati boʻlganda ushbu Bitimni amalga oshirish bilan bogʻliq boʻlgan umumiy tartibdagi masalalarni koʻrib chiqish uchun Oʻzbekiston yoki Fransiyada yigʻilib turadi.
Aralash ishchi gruppalari, zarurat tugʻilganda, hamkorlikning turli sohalarida aniq loyihalar ishlab chiqish maqsadida va ularni amalga oshirishning amaliy mexanizmlarini ishlab chiqish uchun yigʻilib turadilar.
Madaniy, fan va texnikaviy hamkorlik boʻyicha komissiya va aralash ishchi gruppalar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston va Fransiya Tashqi ishlar vazirliklari tomonidan taʼminlanadi.
12-MODDA
Har bir Ahdlashuvchi Tomon ushbu Bitimning kuchga kirishi uchun uz konstitutsiyasi talab qiluvchi zarur tadbirlar bajarilganligini boshqasiga maʼlum qiladi; bu xabarlarni olgan kun ushbu Bitimning kuchga kirish vaqti boʻladi.
Ushbu Bitimning amal qilish muddati 5 yilga belgilangan. Soʻng u agar Tomonlardan biri uni amal qilish muddati tugashidan olti oy avval yozma ravishda bekor qilmasa, keyingi har besh yillik muddatga avtomatik ravishda uzayadi.
Parij shahrida, 1993-yil 27-oktabrda, ikki asl nusxada, har biri oʻzbek va fransuz tilida tuzildi, ikki matn bir xil kuchga ega.
(imzolar)
