24-modda. Toʻliq va kommandit shirkatning qarzlari uchun undirishni qatnashchilar ulushiga qaratish hamda ularning javobgarligi
Xoʻjalik jamiyatlari va shirkatlari toʻgʻrisida (732-XII-son) · Sana: 09.12.1992 · Amalda
Xoʻjalik shirkatida qatnashchining shaxsiy qarzlari yuzasidan undirishni qatnashchining ulushiga qaratishga yoʻl qoʻyilmaydi. Shaxsiy qarzlarini qoplash uchun qatnashchining mol-mulki ozlik qilgan taqdirda kreditorlar shirkatni belgilangan tartibda tugatishni va qarzdor qatnashchining ulushini ajratishni talab qilishi mumkin. Bu holda qolgan qatnashchilar shirkatni saqlab qolish maqsadida bunday qatnashchining xoʻjalik shirkatidan chiqib ketish kunidagi holat boʻyicha tuzilgan balansga muvofiq qarzdor qatnashchining ulushini pul bilan yoki natural shaklda ajratishga haqlidirlar.
Agar xoʻjalik shirkatini tugatishda mavjud mol-mulk barcha qarzlarni toʻlashga ozlik qilib qolsa, shirkatning barcha qatnashchilari Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq undirishni qaratish mumkin boʻlgan oʻz mol-mulklari bilan qarzlarning yetishmagan qismi yuzasidan umumiy javobgar boʻladilar. Xoʻjalik shirkati qatnashchisi shirkatning qarzlari yuzasidan, qarzlar u shirkatga aʼzo boʻlib kirganidan keyin yoki kirishidan oldin paydo boʻlganidan qatʼi nazar, javobgar boʻladi.
Shirkatning qarzlarini toʻliq toʻlaydigan qatnashchi uning oldida shirkat mol-mulkidagi oʻz ulushiga mutanosib ravishda javobgar boʻlgan qolgan qatnashchilarga nisbatan tegishli ulush yuzasidan regressiv talab bilan murojaat qilishga haqlidir.
