Ayollarning siyosiy huquqlari toʻgʻrisida
20.12.1952
Konvensiya
Ahdlashuvchi tomonlar,
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomida eʼlon qilingan erkaklar va ayollar oʻrtasida tenglik tamoyilini amalga oshirishni istagan holda, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomi va Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasiga muvofiq ayollar va erkaklarning siyosiy huquqlardan foydalanishdagi maqomini tenglashtirishni istagan holda,
Shu maqsadda Konvensiya tuzishga qaror qilib,
Quyidagilarga kelishib oldilar:
1-modda
Ayollar barcha saylovlarda, hech qanday kamsitishlarsiz, erkaklar bilan teng sharoitlarda ovoz berish huquqiga ega.
2-modda
Ayollar milliy qonunchilikda belgilangan tartibda, hech qanday kamsitishlarsiz, erkaklar bilan teng sharoitlarda saylanish huquqiga ega.
3-modda
Ayollar erkaklar bilan teng sharoitlarda, hech qanday kamsitishlarsiz, milliy qonunchilikda belgilangan tartibda barcha davlat va jamoat xizmati lavozimlarini egallash va ularni amalga oshirish huquqiga ega.
4-modda
1. Ushbu Konvensiya Birlashgan Millatlar Tashkilotining har qanday aʼzolari, shuningdek Bosh Assambleyadan taklifnoma olgan boshqa davlatlar tomonidan imzolanishi uchun ochiqdir.
2. Ushbu Konvensiya ratifikatsiya qilinishi va ratifikatsiya hujjatlari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibiga topshirilishi kerak.
5-modda
1. Ushbu Konvensiya IV moddaning 1-bandida koʻrsatilgan barcha davlatlarning qoʻshilishi uchun ochiqdir.
2. Konvensiyaga qoʻshilish Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibiga qoʻshilish toʻgʻrisidagi deklaratsiyani topshirish orqali amalga oshiriladi.
6-modda
1. Ushbu Konvensiya oltinchi ratifikatsiya hujjati yoki qoʻshilish deklaratsiyasi topshirilishining toʻqsoninchi kunidan kuchga kiradi.
2. Ushbu Konvensiyaning ratifikatsiya hujjati yoki qoʻshilish deklaratsiyasi uni ratifikatsiya qiluvchi yoki unga qoʻshiluvchi har bir davlat uchun oltinchi ratifikatsiya hujjatini yoki qoʻshilish deklaratsiyasini topshirgandan keyingi toʻqsoninchi kuni kuchga kiradi.
7-modda
Davlat imzolash, ratifikatsiya qilish yoki qoʻshilish paytida ushbu Konvensiyaning moddasiga qoʻshimcha shart kiritgan taqdirda, Bosh kotib ushbu qoʻshimcha shart matnini ushbu Konvensiyaning ishtirokchisi boʻlgan yoki ishtirok etishi mumkin boʻlgan barcha davlatlarga yetkazadi. Ushbu qoʻshimcha shartga qarshi boʻlgan har qanday davlat, ushbu xabar yuborilgan kundan boshlab toʻqson kun ichida (yoki u Konvensiya ishtirokchisi boʻlgan kundan boshlab) Bosh kotibga buni qabul qilmasligi toʻgʻrisida xabar berishi mumkin. Bunday holatda Konvensiya ushbu davlat va qoʻshimcha shart kiritgan davlat oʻrtasida kuchga kirmaydi.
