29-modda
Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar toʻgʻrisida · Sana: 16.12.1966 · Amalda
1. Ushbu Paktda ishtirok etuvchi har bir davlat tuzatishlar taklif etishi va uni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibiga takdim etishi mumkin. Bosh kotib taklif etilgan har qanday oʻzgartirishlarni mazkur Paktda ishtirok etuvchi davlatlarga joʻnatadi va ulardan ushbu takliflarni koʻrib chiqish hamda ovozga qoʻyish maqsadida konferensiya chaqirish haqidagi fikrini bildirishni iltimos qiladi. Agar ishtirokchi-davlatlarning kamida uchdan biri shunday konferensiyani maʼqullab fikr bildirsa, BMT Bosh kotibi Birlashgan Millatlar Tashkiloti rahbarligida ushbu konferensiyani chaqiradi. Mazkur konferensiyada ishtirok etuvchi va ovoz berishda qatnashuvchi ishtirokchi-davlatlarning koʻpchiligi tomonidan qabul qilingan har qanday tuzatish Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasiga tasdiqlash uchun takdim etiladi.
2. Tuzatishlar ularni BMT Bosh Assambleyasi tasdiqlagach va ushbu Paktda ishtirok etuvchi davlatlarning uchdan ikki qismi tomonidan ularning konstitutsiya tartibiga muvofiq qabul qilingach kuchga kiradi.
3. Tuzatishlar kuchga kirgach uni qabul etgan ishtirokchi-davlatlar uchun majburiy boʻladi, boshqa ishtirokchi-davlatlar uchun esa mazkur Paktning ular tomonidan qabul qilingan qarorlari va barcha ilgarigi tuzatishlar majburiy boʻlib qoladi.
