Soliq qonunchiligiga rioya etilishi masalalari boʻyicha hamkorlik va oʻzaro yordam toʻgʻrisida
25.02.1998
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Gruziya Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Gruziya Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
soliq qonunlariga rioya etish masalalari boʻyicha xalqaro hamkorlik va oʻzaro yordamning muhimligidan kelib chiqib hamda shu maqsadda bir-biriga imkoni boricha koʻproq koʻmaklashishni istab,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda Atamalarni aniqlash
Ushbu Bitim maqsadlari uchun qoʻllaniladigan atamalar quyidagilarni anglatadi:
“soliq qonunlari” — soliqlarning turlarini va mazkur Tomonning davlati hududida ularni undirish tartibini belgilovchi hamda soliq majburiyatlarining paydo boʻlishi, oʻzgarishi va toʻxtatilishi bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga soluvchi yuridik normalar majmuasi;
“soliq qonunlarini buzish” — soliq toʻlovchi tomonidan budjet oldidagi majburiyatlar bajarilmasligida yoxud zarur darajada bajarilmasligida ifodalangan va buning uchun yuridik javobgarlik belgilangan huquqqa zid harakat yoki harakatsizlik;
“soʻrayotgan soliq xizmati” — Tomonning soliq masalalari boʻyicha koʻmaklashish toʻgʻrisida soʻrov (bundan keyin “koʻmaklashish toʻgʻrisida soʻrov” deb ataladi) beruvchi vakolatli soliq organi;
“soʻralayotgan soliq xizmati” — Tomonning koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrov oluvchi vakolatli soliq organi.
2-modda Vakolatli organlar
1. Ushbu Bitim maqsadlari uchun Tomonlarning vakolatli organlari quyidagilar hisoblanadi:
Oʻzbekiston Tomonidan — Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi;
Gruziya Tomonidan — Gruziya Soliq inspeksiyasi.
2. Vakolatli organlarning nomlanishi oʻzgargan holda Tomonlar bu haqda yozma ravishda diplomatik kanallar orqali bir-birlarini tezlik bilan xabardor qiladilar.
3-modda Bitim qoʻllaniladigan soha
Tomonlar vakolatli organlar orqali soliq qonunlarining zarur darajada bajarilishini taʼminlash maqsadida bir-birlariga quyidagi masalalarda oʻzaro koʻmaklashadilar:
soliq qonunlarini buzishning oldini olish va uni bartaraf etish;
koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrov boʻyicha yoki tashabbus koʻrsatish tartibida yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan soliq qonunlariga rioya etilishi toʻgʻrisidagi axborotni taqdim etish;
milliy soliq tizimlari va soliq qonunlarining joriy oʻzgarishlari toʻgʻrisidagi axborotni taqdim etish;
soliq organlari ishini taʼminlovchi kompyuter tizimlarini yaratish va ishlatish;
soliq toʻlovchilar bilan ishni tashkil etish;
kadrlarni oʻqitish va mutaxassislar bilan almashish sohasida;
birgalikdagi harakatlarni talab etuvchi boshqa masalalar boʻyicha.
Ushbu Bitim qoidalari vakolatli soliq organlarining Tomonlar oʻrtasida tuzilgan boshqa bitimlarga muvofiq hamkorligiga toʻsqinlik qilmaydi.
4-modda Koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrovning shakli va mazmuni
Koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrov yozma koʻrinishda uning koʻrib chiqilishi uchun zarur boʻlgan hujjatlar ilova qilingan holda yuboriladi. Favqulodda vaziyatda koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrov imkoni boricha qisqa muddatlarda keyinchalik yozma shaklda tasdiqlangan holda ogʻzaki shaklda ham berilishi mumkin.
Soʻrovnomaning haqiqiyligiga yoki mazmuniga nisbatan shubha tugʻilgan taqdirda soʻralayotgan vakolatli organ yozma shaklda takroran tasdiqlashni soʻrashi mumkin.
Koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrov oʻz ichiga quyidagilarni olishi kerak:
soʻrayotgan soliq xizmatining nomi;
soʻralayotgan soliq xizmatining nomi;
soʻrovning maqsadi va sababi;
unga nisbatan soʻrov berilayotgan soliq toʻlovchining nomi (ismi) va manzili;
soʻrovning qisqacha mazmuni va u bilan bogʻliq yuridik holatlarning qisqacha bayoni, koʻrib chiqilayotgan davr va soliqlarning aniq turlari koʻrsatilgan holda.
Axborot olish uchun soʻrovnoma va unga javob Tomonlarning vakolatli organlari tomonidan kelishilgan tilda tuziladi.
Soʻralayotgan soliq xizmati olingan koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrov boʻyicha qoʻshimcha axborotni talab qilishga haqlidir.
5-modda Koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrovni ijro etish tartibi
Vakolatli soliq organlari ushbu Bitimga, milliy qonunlarga muvofiq va oʻz vakolatlari doirasida bir-birlariga yordam koʻrsatadilar.
Soʻrayotgan soliq xizmati uning iltimosiga koʻra koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrov ijro etilishi uchun amalga oshiriladigan harakat vaqti va joyi toʻgʻrisida xabardor qilinishi, uning vakillari bu toʻgʻrisida qoʻshimcha ravishda kelishilgan taqdirda uni oʻtkazishda hozir boʻlishlari mumkin.
Agar koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrov soʻralayotgan soliq xizmati tomonidan bajarilishi mumkin boʻlmasa, u soʻrov tushgan kundan boshlab 1 oy davomida bu haqda koʻmaklashishni rad etishning sabablari koʻrsatilgan holda soʻrayotgan soliq xizmatini yozma ravishda xabardor qiladi.
Agar koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrovning bajarilishi soʻralayotgan Tomonning milliy qonunlariga va davlat manfaatlariga maʼmuriy amaliyotiga zid boʻlsa, koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrovning bajarilishi rad etilishi mumkin.
Soʻralayotgan Tomon uning davlati hududida koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrovning bajarilishi bilan bogʻliq barcha xarajatlarni qoplaydi. Qoʻshimcha xarajatlarni talab etuvchi soʻrovnomalar olingan taqdirda ularni mablagʻ bilan taʼminlash toʻgʻrisidagi masala Tomonlarning vakolatli organlari tomonidan oʻzaro ahdlashuv boʻyicha koʻrib chiqiladi.
6-modda Taqdim etiladigan axborotning mazmuni
Vakolatli soliq organlari oʻz tashabbusiga koʻra yoki koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrov boʻyicha quyidagilarga nisbatan bir-birlariga axborotni taqdim etadilar:
boshqa Tomonning korxonalari, ularning filiallari va vakolatxonalarining roʻyxatdan oʻtkazilishi, jumladan ular joylashgan joy va ularning boʻysunishi, mulkchilik shakli va boshqa maʼlumotlar;
Tomonlarning milliy qonunlari tomonidan oʻrnatilgan tartibda bir Tomonning yuridik va jismoniy shaxslari tomonidan boshqa Tomonning davlat va tijorat banklarida hisoblar ochilishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, shuningdek ularda pul mablagʻlarining mavjudligi va harakati;
mazkur Tomonning davlat hududida olingan boshqa Tomonning yuridik va jismoniy shaxslarining daromadlari va soliq solish obyektlarining barcha turlari, soliqlarning toʻlangan summasi va ularga soliq solish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa masalalar.
7-modda Hujjatlar va boshqa materiallarning taqdim etilishi
Soʻralayotgan soliq xizmati koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrov boʻyicha meʼyoriy hujjatlarni, hujjatlarning tasdiqlangan nusxalarini va soliq surishtiruvini bajarish uchun zarur boʻlgan boshqa materiallarni taqdim etadi.
Nusxalar vakolatli shaxsning imzosi va soʻralayotgan soliq xizmatining muhri bilan tasdiqlanadi.
Hujjatlarning va boshqa materiallarning asl nusxalari tasdiqlangan nusxalar surishtiruv uchun yetarli boʻlmagan taqdirda talab qilinishi mumkin. hujjatlarning va boshqa materiallarning berilayotgan asl nusxalari kelishilgan muddatlarda qaytarilishi kerak.
Materiallar kompyuterlashtirilgan axborot koʻrinishida bu materiallarni talqin qilish uchun zarur boʻlgan qushimcha axborot qoʻshimcha ravishda berilgan holda taqdim etilishi mumkin.
8-modda Axborotni berish tartibi
Koʻmaklashish toʻgʻrisidagi soʻrovlar, hujjatlar, materiallar va boshqa axborot Tomonlarning kelishuvi boʻyicha belgilanadigan tartibda beriladi.
Koʻmaklashish Tomonlarning vakolatli soliq organlari rahbarlari tomonidan belgilanadigan rasmiy mansabdor shaxslarning toʻgʻridan toʻgʻrialoqalari doirasida amalga oshiriladi.
9-modda Maxfiylikka rioya qilish
Muayyan soliq toʻlovchilarga tegishli axborotlar maxfiy hisoblanadi va soʻralayotgan soliq xizmatining talablariga muvofiq himoya rejimi bilan taʼminlanadi.
Olingan axborotdan Tomonlar tarafidan ushbu Bitimda nazarda tutilgan maqsadlarda, shuningdek maʼmuriy yoki sud muhokamasi uchun foydalanish mumkin. Boshqa maqsadlar uchun axborotdan faqat soʻralayotgan Tomonning roziligi bilan foydalanish mumkin.
10-modda Bitimning ijro etilishi
Tomonlar ushbu Bitimni talqin qilish yoki qoʻllashda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan bahsli masalalarni tartibga solishda oʻzaro kelishuvga erishishga intiladilar.
Tomonlar zaruriyat boʻlganda ushbu Bitimning qanday bajarilayotganligini yoki unga oʻzgartishlar kiritishning maqsadga muvofiqligini baholash uchun maslahatlashishlar oʻtkazadilar. Bunday maslahatlashishlarning muddati Tomonlarning kelishuvi boʻyicha qoʻshimcha ravishda belgilanadi.
Ushbu Bitim qoidalarini amalga oshirish maqsadida Tomonlar ayrim masalalar boʻyicha qoʻshimcha bitimlar tuzish mumkin.
11-modda Oʻzgartirish va qoʻshimchalar
Ushbu Bitimga Tomonlarning oʻzaro kelishuviga koʻra ushbu Bitimning ajralmas qismi boʻlgan protokollar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
12-modda Bitimning kuchga kirishi va amal qilishining toʻxtatilishi
Ushbu Bitim Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini bajarganliklari toʻgʻrisidagi oxirgi yozma bildirishnoma olingan kundan boshlab kuchga kiradi va Tomonlardan biri boshqa Tomonning ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatish niyati haqidagi yozma bildirishnomasini olgan kundan boshlab olti oy utishgacha amal qiladi.
Tbilisi shahrida 1998-yil 25-fevralda ikki nusxada, har biri oʻzbek, gruzin va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilish maqsadida rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzzolar)
