Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari qutqaruvchilarining hayoti va sogʻligʻini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida (166-son)
22.06.2015
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Qutqaruv xizmati va qutqaruvchi maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq hamda qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari qutqaruvchilarining hayoti va sogʻligʻini majburiy sugʻurta qilishning toʻliq amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari qutqaruvchilarining hayoti va sogʻligʻini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Belgilansinki:
budjet tashkilotlari hisoblanadigan sugʻurta qildiruvchilarning sugʻurta mukofotlarini toʻlash boʻyicha xarajatlarini moliyalashtirish Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari qutqaruvchilarining hayoti va sogʻligʻini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq budjet mablagʻlari hisobiga amalga oshiriladi;
qutqaruv xizmatiga ega boʻlgan yuridik shaxslar yoki qutqaruv tuzilmasi Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari qutqaruvchilarining hayoti va sogʻligʻini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisidagi nizom talablariga muvofiq majburiy sugʻurta qilish shartnomasini tuzishlari shart;
qutqaruv xizmatini yangidan tashkil etishayotgan yuridik shaxslar yoki qutqaruv tuzilmasi Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari qutqaruvchilarining hayoti va sogʻligʻini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisidagi nizom talablariga muvofiq bunday xizmat yoki tuzilma tashkil etilgan kundan boshlab bir oy mobaynida majburiy sugʻurta qilish shartnomasini tuzishlari shart.
3. Vazirliklar va idoralar bir oy muddatda oʻz idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov va Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.I. Zakirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 22-iyun,
166-son
Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 22-iyundagi 166-son qaroriga ILOVA
Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari qutqaruvchilarining hayoti va sogʻligʻini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari qutqaruvchilarining hayoti va sogʻligʻini majburiy sugʻurta qilish tartibini belgilaydi.
Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari qutqaruvchilarining hayoti va sogʻligʻini sugʻurta qilish:
qonunchilikda belgilangan boshqa majburiy sugʻurta turlaridan mustaqil ravishda;
mazkur Nizomning 1-ilovasiga* muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
naf oluvchi — sugʻurtalangan shaxsning funksional majburiyatlarini bajarish bilan bogʻliq holda vafot etgan (halok boʻlgan)da sugʻurta tovonini olish huquqiga ega boʻlgan shaxs (meros huquqi toʻgʻrisidagi guvohnomani taqdim etganda);
sugʻurtalangan shaxs — sugʻurtalangan va sugʻurta mukofoti toʻlangan qutqaruv xizmati yoki qutqaruv tuzilmasi qutqaruvchisi;
sugʻurta qildiruvchi — qutqaruv xizmati, qutqaruv tuzilmasi yoki oʻz tuzilmasida qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari qutqaruvchilarining hayoti va sogʻligʻini majburiy sugʻurta qilish shartnomasini tuzgan qutqaruv xizmati yoki qutqaruv tuzilmasiga ega boʻlgan qutqaruv xizmati, tuzilmasi yoki tashkiloti.
sugʻurtalovchi — umumiy sugʻurta sohasida majburiy sugʻurta qilish huquqini beruvchi litsenziyaga ega boʻlgan yuridik shaxs;
sugʻurta summasi — sugʻurta hodisasi sodir boʻlganda qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari qutqaruvchilarining hayoti va sogʻligʻini majburiy sugʻurta qilish shartnomasi boʻyicha sugʻurtalovchi tomonidan toʻlash majburiyati olingan sugʻurta tovoni doirasidagi pul mablagʻlari summasi;
sugʻurta tovoni — mazkur Nizomda nazarda tutilgan sugʻurta hodisasi sodir boʻlganda sugʻurtalovchi tomonidan sugʻurtalangan shaxs (naf oluvchi)ga har bir sugʻurtalangan shaxs uchun toʻlanadigan pul mablagʻlari summasi;
sugʻurta mukofoti — mazkur Nizomda nazarda tutilgan tartibda va muddatda sugʻurta qildiruvchi tomonidan sugʻurtalovchiga toʻlanishi shart boʻlgan pul mablagʻi summasi;
sugʻurta hodisasi — qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari qutqaruvchilarining hayoti va sogʻligʻini majburiy sugʻurta qilish shartnomasi amalda boʻlgan davrda sugʻurtalangan shaxsning fuknsional majburiyatlarini bajarish bilan bogʻliq holda hayoti va sogʻligʻiga yetkazilgan belgilangan tartibda tasdiqlangan zararni sugʻurtalovchi tomonidan qoplash boʻyicha fuqarolik majburiyatining vujudga kelishi holati;
qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari qutqaruvchilarining hayoti va sogʻligʻini majburiy sugʻurta qilish shartnomasi (keyingi oʻrinlarda majburiy sugʻurta shartnomasi deb ataladi) — sugʻurta hodisasi yuz bergan taqdirda sugʻurtalovchining kelishilgan toʻlov (sugʻurta mukofoti) evaziga sugʻurta hodisasi natijasiga koʻra, sugʻurtalangan shaxsning funksional majburiyatlarini bajarish bilan bogʻliq holda sogʻligʻi va hayotiga yetkazilgan zararni sugʻurta summasi doirasida unga (naf oluvchiga) qoplashi toʻgʻrisidagi sugʻurta shartnomasi;
3. Sugʻurtalangan shaxsning hayoti va sogʻligʻi majburiy sugʻurta obyekti hisoblanadi.
4. Sugʻurta hodisasi munosabati bilan sugʻurtalangan shaxs (naf oluvchi)ga yetkazilgan maʼnaviy zarar majburiy sugʻurta boʻyicha qoplanmaydi.
5. Majburiy sugʻurta shartnomasi va majburiy sugʻurtaning sugʻurta polisi majburiy sugʻurta amalga oshirilganligini tasdiqlovchi hujjatlar hisoblanadi.
II. Majburiy sugʻurta shartnomasini tuzish va uning shartlarini oʻzgartirish tartibi
6. Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari qutqaruvchilarining hayoti va sogʻligʻini majburiy sugʻurta shartnomasi ushbu Nizomning 2-ilovasiga* muvofiq shakl boʻyicha sugʻurta qildiruvchi va sugʻurtalovchi oʻrtasida bir yil muddatga tuziladi.
7. Qutqaruv xizmatlari va qutqaruv tuzilmalari qutqaruvchilarining hayoti va sogʻligʻini majburiy sugʻurta shartnomasini tuzish uchun sugʻurta qildiruvchi majburiy shartnoma tuzish toʻgʻrisida arizani sugʻurtalovchiga taqdim etadi.
8. Sugʻurtalovchining majburiy sugʻurta boʻyicha majburiyatlari majburiy sugʻurta shartnomasida koʻrsatilgan sugʻurta davri mobaynida amal qiladi.
9. Majburiy sugʻurta polisi sugʻurta qildiruvchiga sugʻurtalovchining hisob raqamiga majburiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta mukofoti kelib tushgan kundan keyin uch kundan kechiktirmay beriladi.
10. Majburiy sugʻurta polisi yoʻqolgan taqdirda sugʻurta qildiruvchi uning dublikatini bepul olish huquqiga ega. Cugʻurta qildiruvchi majburiy sugʻurta polisining dublikatini olgandan keyin yoʻqolgan polis haqiqiy emas deb hisoblanadi.
11. Majburiy sugʻurta shartnomasining amal qilish davrida sugʻurta qildiruvchi majburiy sugʻurta shartnomasini tuzish toʻgʻrisidagi arizada koʻrsatilgan maʼlumotlardagi oʻzgarish toʻgʻrisida sugʻurtalovchini uch ish kunidan kechikmay xabardor qilishi shart.
12. Sugʻurtalovchi majburiy sugʻurta shartnomasini tuzishda taqdim etilgan maʼlumotlardagi oʻzgarishlar toʻgʻrisidagi arizani sugʻurta qildiruvchidan olgach zarur hollarda majburiy sugʻurta qilish shartnomasiga qoʻshimcha bitim tuzadi va sugʻurta polisini qayta rasmiylashtiradi.
13. Majburiy sugʻurta shartnomasining shartlari uning amal qilish davrida oʻzgargan taqdirda, oʻzgargan shartlarga asosan sugʻurta mukofoti miqdoriga ham tuzatish kiritiladi. Bu holda tomonlarning sugʻurta mukofoti boʻyicha oʻzaro hisob-kitoblariga taalluqli majburiyatlari majburiy sugʻurta shartnomasiga qoʻshimcha bitim tuzilgan sanadan boshlab uch ish kunidan kechikmay bajarilishi kerak.
III. Sugʻurta summasi, sugʻurta mukofoti va majburiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta mukofotini toʻlash tartibi
14. Majburiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurtalangan shaxslar soniga koʻpaytirilgan holda, sugʻurta summasi har bir sugʻurtalangan shaxs uchun toʻlov amalga oshirilgan kunda Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining 84 barobariga teng miqdorda belgilanadi.
15. Majburiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta mukofoti sugʻurtalangan shaxslar soniga koʻpaytirilgan holda, har bir sugʻurtalangan shaxs uchun toʻlov amalga oshirilgan kunda Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining 20 foiziga teng miqdorda belgilanadi.
16. Sugʻurta qildiruvchi tomonidan majburiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta mukofoti majburiy sugʻurta shartnomasi tuzilgan sanadan boshlab besh ish kuni mobaynida bir yoʻla toʻlanadi.
IV. Majburiy sugʻurta shartnomasi tomonlarining huquq va majburiyatlari
17. Sugʻurta qildiruvchi quyidagi huquqlarga ega:
sugʻurtalovchidan majburiy sugʻurta shartnomasining shartlarini tushuntirib berishni talab qilish;
sugʻurtalovchining sugʻurta pulini toʻlashni rad etish toʻgʻrisidagi qarori yuzasidan belgilangan tartibda shikoyat qilish;
sugʻurtalangan shaxslarning soni kamayganda sugʻurta mukofotining sugʻurtalangan shaxslarning kamaygan soniga va majburiy sugʻurta shartnomasi muddatining oʻtmagan davriga mutanosib qismini olish.
Sugʻurta qildiruvchi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
18. Sugʻurta qildiruvchi quyidagilarga majbur:
majburiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta mukofotini ushbu Nizomda belgilangan muddatlarda va tartibda toʻlash;
sugʻurtalangan shaxsning hayoti yoki sogʻligʻiga zarar yetkazilganligi toʻgʻrisida oʻziga maʼlum boʻlgan paytdan boshlab uch ish kunidan kechikmay bu haqda sugʻurtalovchini yozma yoki elektron shaklda xabardor qilish;
sugʻurtalangan shaxslarni majburiy sugʻurta shartnomasi shartlari bilan tanishtirish, shu jumladan mazkur shartnoma boʻyicha tomonlarning huquq va majburiyatlarini tushuntirish;
sugʻurtalangan shaxs (naf oluvchi) yozma yoki elektron shakldagi ariza bilan murojaat qilgan sanadan boshlab ikki ish kuni mobaynida sugʻurtalovchi haqidagi barcha zarur maʼlumotlarni taqdim etish.
Sugʻurta qildiruvchi qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham olishi mumkin.
19. Sugʻurtalovchi quyidagi huquqlarga ega:
sugʻurtalangan shaxsning hayoti yoki sogʻligʻiga zarar yetkazilishi holatlarini tekshirishda ishtirok etish va zarurat boʻlganda tegishli ekspertlarni jalb etish;
sugʻurtalangan shaxsning hayoti yoki sogʻligʻiga zarar yetkazilishi holatlari toʻgʻrisidagi axborotni tekshirish.
Sugʻurtalovchi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
20. Sugʻurtalovchi quyidagilarga majbur:
sugʻurta qildiruvchini majburiy sugʻurta shartnomasi shartlari bilan tanishtirish, shu jumladan uning huquq va majburiyatlarini tushuntirish;
oʻz faoliyatini amalga oshirish natijasida sugʻurta qildiruvchi va (yoki) sugʻurtalangan shaxs (naf oluvchi) toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning maxfiyligini taʼminlash;
sugʻurta tovonini toʻlashni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, sugʻurta qildiruvchi sugʻurta tovonini toʻlash uchun murojaat etgandan keyin oʻn besh ish kunidan kechikmay, bu haqda sugʻurta qildiruvchiga rad etish sabablarini asoslagan holda yozma yoki elektron shaklda xabar qilish;
mazkur Nizomning 24-bandida nazarda tutilgan barcha zarur hujjatlar taqdim etilgan sanadan boshlab oʻn besh ish kunidan kechikmay qaror qabul qilish va sugʻurta tovonini toʻlash.
Sugʻurtalovchi qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham olishi mumkin.
21. Sugʻurtalangan shaxs quyidagi huquqlarga ega:
sugʻurtalovchiga sugʻurta tovonini toʻlash haqida yozma yoki elektron shakldagi ariza bilan murojaat qilish;
qonun hujjatlarida belgilangan shartlarda va tartibda sugʻurta tovonini olish;
majburiy sugʻurta shartnomasining shartlari toʻgʻrisida sugʻurta qildiruvchidan yoki sugʻurtalovchidan bepul axborot olish;
hayoti yoki sogʻligʻiga zarar yetkazilishi sharoitlarini tekshirishda, zarurat boʻlganda, oʻzining ishonchli shaxsini jalb etgan holda belgilangan tartibda ishtirok etish;
sugʻurta qildiruvchidan sugʻurtalovchi haqidagi barcha zarur maʼlumotlarni olish.
Sugʻurtalangan shaxs qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
22. Naf oluvchi quyidagi huquqlarga ega:
sugʻurta tovonini olish haqidagi talab bilan sugʻurtalovchiga murojaat qilish;
sugʻurtalovchidan qonun hujjatlarida belgilangan shartlarda va tartibda sugʻurta tovonini olish;
majburiy sugʻurta shartnomasining shartlari toʻgʻrisida sugʻurta qildiruvchidan, sugʻurtalovchidan bepul axborot olish;
sugʻurtalangan shaxs funksional vazifalarini bajarayotganda halok boʻlganligi (vafot etganligi) haqida sugʻurta qildiruvchiga xabar qilish;
sugʻurta hodisasini tekshirishda, zarurat boʻlganda, oʻzining ishonchli shaxsini jalb etgan holda, belgilangan tartibda ishtirok etish;
sugʻurtalovchi haqidagi barcha zarur maʼlumotlarni sugʻurta qildiruvchidan olish.
Naf oluvchi qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
V. Majburiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha sugʻurta tovonini toʻlash tartibi va shartlari
23. Sugʻurtalovchi sugʻurta tovoni toʻlashni quyidagi holatlarda amalga oshiradi:
a) sugʻurtalangan shaxs funksional majburiyatlarini bajarish vaqtida halok boʻlganda (vafot etganda) yoki shikastlanish, kontuziya, mayiblanish, kasallik (keyinchalik — jarohat) natijasida ishdan boʻshagan hollarda naf oluvchilarga (meros huquqi toʻgʻrisidagi guvohnoma taqdim etilganda) — sugʻurta puli miqdorida;
b) sugʻurtalangan, funksional majburiyatlarini bajarish vaqtida olgan jarohati natijasida ishdan boʻshaganiga bir yil boʻlgunga qadar shaxs nogironligi boʻlgan shaxs deb eʼtirof etilganda:
I guruh nogironligi boʻlgan shaxsga — sugʻurta pulining 75 foizi miqdorida;
II guruh nogironligi boʻlgan shaxsga — sugʻurta pulining 50 foizi miqdorida;
III guruh nogironligi boʻlgan shaxsga — sugʻurta pulining 30 foizi miqdorida.
v) sugʻurtalangan shaxs funksional majburiyatlarini bajarish vaqtida ogʻir jarohat olganda — sugʻurta pulining 20 foizi va yengil jarohat olganda — 10 foizi miqdorida;
g) sugʻurtalangan shaxs ish davrida sogʻligʻining holati tufayli keyinchalik oʻz xizmat vazifalarini bajara olmaydi deb eʼtirof etilganda — sugʻurta pulining 10 foizi miqdorida.
24. Sugʻurtalangan shaxs (naf oluvchi) sugʻurtalovchiga sugʻurta tovonini toʻlash toʻgʻrisidagi arizani unga quyidagilarning aslini yoki nusxasini ilova qilgan holda yuboradi:
a) sugʻurtalangan shaxs xizmat vazifalarini bajarish vaqtida halok boʻlganda (vafot etganda):
sugʻurtalangan shaxsning oʻlimi haqidagi guvohnomaning nusxasi;
meros huquqi toʻgʻrisidagi guvohnoma;
shaxsini tasdiqlovchi hujjat.
Sugʻurtalangan shaxs funksional vazifalarini bajarish vaqtida olgan jarohati sababli ishdan boʻshaganiga bir yil oʻtgunga qadar vafot etganda, bulardan tashqari, tibbiy-mehnat ekspert komissiyasining ushbu holatni tasdiqlovchi maʼlumotnomasi taqdim etiladi.
Naf oluvchilar notarial idoradan meros huquqini tasdiqlovchi guvohnomani olish uchun sugʻurta qildiruvchiga murojaat qilganda u naf oluvchilarga notarial idoraga taqdim etish uchun mazkur Nizomning 4-ilovasiga* muvofiq maʼlumotnoma beradi;
b) sugʻurtalangan shaxsga nogironlik belgilanganda:
tibbiy — mehnat ekspertiza komissiyasining nogironlikni belgilash toʻgʻrisidagi nogironlikning guruhi, sababi va belgilangan sanasi koʻrsatilgan maʼlumotnomasining nusxasi;
shaxsini tasdiqlovchi hujjat;
mehnat daftarchasining nusxasi;
v) sugʻurtalangan shaxs funksional vazifalarini bajarish vaqtida jarohat olganda:
mazkur Nizomning 5-ilovasiga* muvofiq belgilangan shakl boʻyicha tibbiyot muassasasining olingan jarohatning ogʻirligi darajasi koʻrsatilgan maʼlumotnomasi;
shaxsini tasdiqlovchi hujjat.
Olingan jarohatning ogʻirligi darajasi tibbiyot muassasalari tomonidan mazkur Nizomning 6-ilovasiga* muvofiq ogʻir yoki yengil darajadagi shikastlanish, kontuziya, jarohat va mayibliklar Roʻyxati asosida aniqlanadi;
*1 — 6-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
g) sugʻurtalangan shaxs ish davrida sogʻligʻi tufayli keyinchalik oʻz vazifalarini bajara olmaydi deb eʼtirof etilganda:
sugʻurtalangan shaxsning kasalligi haqidagi guvohnomaning nusxasi;
shaxsini tasdiqlovchi hujjat.
Sugʻurtalangan shaxs (naf oluvchi) sugʻurta hodisasining turiga koʻra mazkur Nizomning 24-bandida nazarda tutilgan hujjatlarni taqdim etadi. Ushbu hujjatlar toʻliq hajmda taqdim etilmaganda sugʻurtalovchi yetishmayotgan hujjatlarni yozma yoki elektron ravishda talab qilishi kerak.
25. Sugʻurta hodisasi eʼtirof etilgan taqdirda sugʻurta hodisasi toʻgʻrisida dalolatnoma tuziladi, u sugʻurtalovchi, sugʻurta qildiruvchi, sugʻurtalangan shaxs (naf oluvchi) tomonidan uch nusxada — har qaysi tomon uchun bir nusxadan imzolanadi.
26. Sugʻurtalovchi tomonidan sugʻurta tovonini toʻlashni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan taqdirda, bu haqda sugʻurtalanganga (naf oluvchiga) u sugʻurta tovonini toʻlash toʻgʻrisida yozma yoki elektron murojaat etgandan keyin oʻn besh ish kunidan kechikmay unga rad etishning asoslangan sabablari koʻrsatilgan holda xabar qilinishi lozim.
VI. Yakunlovchi qoidalar
27. Majburiy sugʻurta shartnomasi boʻyicha oʻz zimmasiga olingan majburiyatlarning bajarilmaganligi yoki zarur darajada bajarilmaganligi uchun tomonlar qonunchilikka muvofiq javob beradilar.
28. Majburiy sugʻurta shartnomasidan kelib chiqadigan barcha bahslar va kelishmovchiliklar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
29. Ushbu Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javob beradilar.
