Avtomototransport vositalarini yillik majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisida (334-son)
23.03.2015
Fargʻona viloyati Oʻzbekiston tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuni (OʻR QHT, 2013-y., 15-son, 197-modda)ga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom (OʻR QHT, 2003-y, 1-2-son, 17-modda)ga hamda Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 6, 25-moddalariga asosan tumandagi transport vositalarining 2015-yilda majburiy texnik koʻrigini tashkil qilish maqsadida qaror qilaman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida”gi 54-sonli qarori rahbarlik va ijro etish uchun qabul qilinsin.
2. Tumandagi fermer xoʻjaliklari, korxona va tashkilotlarga qarashli avtomototransport vositalari 2015-yil 1-martdan 30-iyunga qadar texnik koʻrikdan oʻtkazilsin.
Texnik koʻrikdan oʻtkazish 1-bosqich jadvali 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
3. Tumandagi tijorat asosida yoʻlovchilar tashish uchun foydalaniladigan yengil avtomobillar, avtobuslar, trolleybuslar, tramvaylar va oʻtiriladigan joylar soni 8 ta va undan ortiq boʻlgan (haydovchining oʻrnidan tashqari), odamlarni muntazam tashish uchun jihozlangan yuk avtomobillari, yirik gabaritli, ogʻir vaznli va xavfli yuklarni tashish uchun maxsus transport vositalari va ularga tirkamalar — bir yilda ikki marta, birinchi marta 1-martdan — 30-iyungacha, ikkinchi marta 1-sentabrdan — 31-oktabrgacha texnik koʻrikdan oʻtkazilsin. Texnik koʻrikdan oʻtkazish 2-bosqich jadvali 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
4. Barcha jismoniy shaxslarga qarashli boʻlgan transport vositalarining texnik koʻrigi 2015-yil 1-yanvardan 31-avgust kuniga qadar texnik koʻrikdan oʻtkazilsin.
5. Avtomototransport vositalarining yillik majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha tuman komissiyasi tarkibi 3-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
1 — 3-ilovalar berilmaydi.
6. Komissiya tarkibiga kiritilgan masʼul shaxslarning oylik ish haqi, mukofotlari 2015-yil 1-martdan 31-iyulgacha va 2015-yil 1-sentabrdan 31-oktabrgacha toʻliq saqlansin.
7. Komissiya zimmasiga:
Texnik koʻrik davomida belgilangan jadvalga rioya qilish, transport vositalarini texnik koʻrikka tayyorgarligini, kerakli jihozlarni yetkazib berilishini, tuman mudofaa ishlari boʻlimida roʻyxatda turuvchi transport vositalariga barcha hujjatlarni rasmiylashtirilganligiga, avtotransport vositalarini texnik pasportlarini, taʼmirga kirgizish roʻyxatlarini, ishga chiqish va qaytishni qayd etish kitoblarini yuritilganligini tekshirish va aniqlangan kamchiliklarni joyida bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar koʻrish vazifalari yuklatilsin.
8. Tumandagi fermer xoʻjaliklari, korxona va tashkilotlar rahbarlariga jadvalda koʻrsatilgan muddatga qadar avtomototransport vositalarini texnik koʻrikka tayyorlash va texnik koʻrik komissiyasiga taqdim etish vazifasi topshirilsin.
9. “Oʻzagrosugʻurta” DASK Oʻzbekiston tuman boʻlimi (I. Mamatqulov)ga fuqarolardan 2015-yil uchun transport vositalarining sugʻurta toʻlovlarini oʻz vaqtida undirilishini taʼminlash vazifasi yuklatilsin.
10. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan tuman hokimining 2014-yil 3-martdagi “Tuman hududida 2014-yilda transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish va uni tashkillashtirish toʻgʻrisida” 219-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
11. “Yaypan ovozi” gazetasi (K. Shermatov)ga 2015-yil avtomotoransport vositalarini yillik majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha qabul qilingan tuman hokimining mazkur qarori bilan belgilangan vazifalarni mazmun mohiyati va maqsadini keng yoritib borish vazifasi yuklatilsin.
12. Mazkur qaror ommaviy axborot vositalari orqali rasmiy eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
13. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining birinchi oʻrinbosari A. Tursunov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim A. BOBORAXIMOV
Oʻzbekiston t.,
2015-yil 23-mart,
334-son
