Oʻzbekiston Respublikasi davlat muassasalari tibbiyot va farmatsevtika xodimlari mehnatiga haq toʻlash tartibi va shartlari toʻgʻrisidagi Nizomga qoʻshimcha kiritish haqida (156-son)
12.06.2015
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vazirlar Mahkamasining “Qishloq vrachlik punktlarini yanada maqbullashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2014-yil 5-martdagi 50-son qaroriga muvofiq, shuningdek qishloq joylarda birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini muvofiqlashtirishni kuchaytirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi 276-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2005-y., 12-son, 64-modda) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi davlat muassasalari tibbiyot va farmatsevtika xodimlari mehnatiga haq toʻlash tartibi va shartlari toʻgʻrisidagi Nizomning 24-bandiga quyidagi tahrirdagi xatboshi qoʻshilsin:
“tuman koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasi mudirining oʻrinbosari — qishloq vrachlik punktlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchiga: vrachlik lavozimlarida uzluksiz ishlangan umumiy stajning birinchi uch yili uchun va har bir keyingi ikki yili uchun tarif stavkasiga nisbatan 10 foizdan miqdorda belgilanadi, ustamaning eng koʻp miqdori — 50 foiz”.
2. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.I. Ikramov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 12-iyun,
156-son
