“251-modda. Hokimning viloyat, tuman, shahar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan hisobotini xalq deputatlari Kengashi tomonidan eshitish
Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida (O‘RQ-388-son) · Sana: 09.06.2015 · Amalda
Viloyat, tuman, shahar hokimi har yili tegishli xalq deputatlari Kengashiga viloyat, tuman, shahar ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishining eng muhim va dolzarb masalalari yuzasidan hisobot taqdim etadi.
Viloyat, tuman, shahar hokimining hisoboti tegishli xalq deputatlari Kengashining viloyat, tuman, shaharning oʻtgan yildagi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi yakunlari va joriy yilga moʻljallangan ijtimoiy-iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yoʻnalishlariga bagʻishlangan majlisida eshitiladi. Mazkur majlis viloyatlarda va Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli majlisi oʻtkazilganidan keyin oʻn kundan kechiktirmay, tumanlar va shaharlarda esa viloyatlarda tegishli majlislar oʻtkazilganidan keyin oʻn kundan kechiktirmay oʻtkaziladi.
Viloyat va Toshkent shahar hokimining hisobotini eshitishga tegishli viloyatlar va Toshkent shahridan saylangan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi aʼzolari, davlat boshqaruvi organlari rahbarlari, tumanlar va shaharlar hokimlari, viloyat va Toshkent shahar ijroiya hokimiyati organlari tarkibiy boʻlinmalarining rahbarlari taklif etiladi.
Tuman va shahar hokimining hisobotini eshitishga tegishli saylov okruglaridan saylangan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari, Qonunchilik palatasi deputatlari va xalq deputatlari viloyat Kengashlari deputatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining, davlat boshqaruvi organlarining vakillari, viloyat hokimi yoki uning oʻrinbosarlari, tuman va shahar ijroiya hokimiyati organlari tarkibiy boʻlinmalarining rahbarlari taklif etiladi.
Viloyat, tuman, shahar hokimining hisobotini eshitishga tegishli hududda joylashgan boshqa davlat organlarining, fuqarolar oʻzini oʻzi boshqarish organlarining, korxonalarning, muassasalarning, tashkilotlarning, shu jumladan nodavlat notijorat tashkilotlarining, siyosiy partiyalarning, ommaviy axborot vositalarining vakillari va boshqa shaxslar taklif etilishi mumkin.
