Oʻzbek-turkman Davlat chegarasida chegara komissarlari faoliyati toʻgʻrisida
25.02.2009
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkmaniston Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Oʻzbekiston Respublikasi bilan Turkmaniston oʻrtasida doʻstlik, hamkorlik va oʻzaro yordam toʻgʻrisida 1996-yil 16-yanvardagi Shartnomaga va Oʻzbekiston Respublikasi va Turkmaniston oʻrtasida Davlat chegarasini qoʻriqlashda hamkorlik qilish toʻgʻrisida 1996-yil 16-yanvardagi Bitimga asoslanib va xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari va normalariga amal qilib,
doʻstona qoʻshnichilik munosabatlarini rivojlantirish va oʻzbek-turkman Davlat chegarasini (bundan keyin — Davlat chegarasi) rejimini taʼminlash boʻyicha hamkorlikni qoʻllab-quvvatlashga intilib,
ikkala mustaqil davlatning oʻz Davlat chegaralarini qoʻriqlash boʻyicha chora-tadbirlar koʻrishdagi daxlsiz huquqini tan olib,
Oʻzbekiston Respublikasi va Turkmaniston chegara komissarlari chegara mojarolarining oldini olishda, ular paydo boʻlganda esa — ularni tezda tekshirib. bartaraf qilishni taʼminlashda, chegara masalalari boʻyicha samarali hamkorlikni amalga oshirishda va uni rivojlantirish uchun sharoit yaratishda ishtirok etishlari zarurligini qayd etib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Chegara komissarlari va ularning oʻrinbosarlari Tomonlar davlatlarining milliy qonunchiligiga muvofiq tayinlanadilar. Tomonlar bir-birlariga chegara vakillari apparatlari orqali chegara komissarlari va ularning oʻrinbosarlari tayinlangani toʻgʻrisida, ularning familiyalari, ismlari va otalarining ismlari, xizmat uchastkalari va joylashgan yerlarini koʻrsatib, xabar beradilar.
Chegara komissarlari vazifalarini bajarayotganlarida chegara komissarlari oʻrinbosarlari chegara komissarlariga berilgan huquqlardan foydalanadilar.
2-modda
Chegara komissarlari bahamjihatlikni Oʻzbekiston Respublikasi bilan Turkmaniston oʻrtasida tuzilgan xalqaro shartnomalarga, ushbu Bitimga va oʻz davlatlarining milliy qonunchiligiga muvofiq amalga oshiradilar.
Chegara komissarlari oʻz vazifalarini oʻzbek-turkman Davlat chegarasining uchastkalari doirasida bajaradilar, ular chegara komissarlarining xizmat uchastkalari toʻgʻrisidagi Protokol bilan belgilanadi (Ilova № 1). Protokol ushbu Bitimning ajralmas qismi hisoblanadi.
Yozma vakolatlar (Ilova № 2)ni:
Oʻzbekiston Respublikasi chegara komissarlari va ularning oʻrinbosarlariga — Oʻzbekiston Respublikasi Chegara qoʻshinlari qoʻmondoni,
Turkmaniston chegara komissarlari va ularning oʻrinbosarlariga — Turkmaniston Davlat chegara xizmati boshligʻi beradi.
3-modda
Chegara komissarlari faoliyatini taʼminlash uchun yordamchilar, kotiblar, tarjimonlar, xizmat xat-xabarlarini qabul qilish topshirish boʻyicha vakillar tayinlanadi va shuningdek ekspertlar va boshqa shaxslar jalb qilinadi.
Chegara komissarlari yordamchilariga yozma vakolat, kotiblar va tarjimonlar guvohnomalari, ikkala tomonga chegaradan bir marta oʻtishga guvohnomalar (Ilovalar № 3 — 5)ni chegara komissarlari beradilar.
4-modda
Chegara komissarlari oʻz xizmat uchastkalari doirasida:
chegara mojarolarining oldini olish va ular paydo boʻlgan taqdirda ularni bartaraf qilish boʻyicha zarur choralar koʻradilar;
Davlat chegarasini Tomonlar oʻrnatgan kesib oʻtish qoidalariga rioya qilinishini kuzatadilar va chegaradan oʻrnatilgan tartibni buzib oʻtishning oldini olish boʻyicha choralar koʻradilar;
tegishli davlat organlari bilan birgalikda qurol, oʻq-dorilar kontrabandasiga, narkotik vositalar, psixotrop moddalar qimmatbaho narsalar hamda valyutaning va shuningdek radioaktiv moddalarning noqonuniy aylanishiga qarshi kurash boʻyicha zarur choralar koʻradilar;
Tomonlarning vakolatli davlat organlari bilan birgalikda Davlat chegarasini uyushgan jinoiy guruhlar noqonuniy kesib oʻtishiga qarshi kurash boʻyicha, chegaradosh Tomon bilan bahamjihat harakat qilish tartibini oʻrnatish va unga oʻz vaqtida xabar berish boʻyicha choralar koʻradilar;
oʻz vakolati doirasida, Tomonlar huquqni muhofaza qilish organlari bilan bahamjihatlikda uyushgan jinoyatchilikka, terrorizmga va diniy ekstremizmga qarshi kurashga qaratilgan operatsiyalar oʻtkazishni taʼminlaydilar;
Tomonlar davlatlarining vakolatli organlari bilan birgalikda noqonuniy emigrantlarni, shu jumladan uchinchi mamlakatlardan kelgan emigrantlarni, agar ularning chegaradosh Tomon davlati hududidan noqonuniy kirib kelganiga dalillar mavjud boʻlsa, departatsiya qilish (topshirish) choralarini koʻradilar;
odamlar jasadlarini tanib olishda ishtirok etadilar va zarurat boʻlgan taqdirda ularni topshirish boʻyicha choralar koʻradilar;
vakolatli davlat boshqaruv organlari bilan birgalikda, tabiatni muhofaza qilish Davlat chegarasida xoʻjalik ishlari va boshqa ishlar, shuningdek chegara havzalarida suvdan foydalanish ustidan tegishli nazorat qilishni taʼminlaydilar;
yongʻinlar, epidemiyalar, epizootiyalar va qishloq xoʻjalik zararkunandalarining Davlat chegarasi orqali tarqalish tahdidlari toʻgʻrisida oʻz vaqtida bir-birlarini xabardor qiladilar;
Davlat chegarasi rejimini saqlash bilan bogʻliq boshqa masalalarni hal qiladilar.
5-modda
1. Chegara komissarlari birgalikdagi ishni, odatda, oʻzlarining majlislarida (uchrashuvlarida) olib boradilar. Chegara komissarlarining oʻzaro kelishuvlariga koʻra ularning oʻrinbosarlari va yordamchilarining uchrashuvlari oʻtkazilishi mumkin.
2. Chegara komissarlarining majlislari (uchrashuvlari) ularning oʻzaro kelishuvlari boʻyicha oʻtkaziladi. Chegara komissarlari va ularning oʻrinbosarlarining rejadagi majlislari (uchrashuvlari), odatda, navbati bilan Oʻzbekiston Respublikasida va Turkmanistonda oʻtkaziladi, navbatdan tashqarilari esa chegara komissari majlis oʻtkazishni taklif qilgan Tomon hududida oʻtkaziladi. Taklifda majlisning yoki uchrashuvning kun tartibi, ishtirokchilar tarkibi, majlisni (uchrashuvni) oʻtkazish joyi va vaqti koʻrsatilishi kerak.
Ayrim hollarda, chegara komissarlarining oʻzaro kelishuvlariga koʻra, majlislarda (uchrashuvlarda) muhokama uchun ilgari taklif qilinmagan masalalar koʻrib chiqilishi mumkin.
Majlis yoki uchrashuv oʻtkazish toʻgʻrisidagi taklifga javob chegara komissarlari tomonidan mumkin qadar qisqa muddatda berilishi kerak, lekin bunday taklifni xizmat xat-xabarlar qabul qilish-topshirish boʻyicha vakillar olgan paytdan boshlab kechi bilan 72 soatda berilishi kerak. Shu bilan birga muhokama uchun qoʻshimcha masalalar va shuningdek majlis (uchrashuv) oʻtkazishning boshqa vaqti va joyi taklif qilinishi mumkin.
3. Chegara komissarlari taklif qilgan majlisga (uchrashuvga) chegaradosh davlatning chegara komissarlari shaxsan oʻzi kelishi kerak. Agar buning imkoni boʻlmasa, majlisga (uchrashuvga) uning oʻrinbosari keladi, bu haqda uchrashuvni taklif qilgan chegara komissariga majlis yoki uchrashuv boshlanishidan kechi bilan 48 soat ilgari xabar beriladi.
4. Chegara komissarlarining majlislarida (uchrashuvlarida) ularning oʻrinbosarlari, yordamchilari, kotiblar va qatnashishlari zarur boʻlgan shaxslar (ekspertlar, guvohlar, jabrlanuvchilar va boshqa shaxslar) ishtirok etishlari mumkin.
Chegara komissarlari yordamchilarining uchrashuvlarida kotiblar, zarur hollarda esa ekspertlar va boshqa shaxslar ishtirok etishlari mumkin.
5. Shaxsan uchrashuvlarni talab qilmaydigan masalalar yozishma yoʻli bilan yoki texnika aloqa vositalaridan foydalanib, hal qilinishi mumkin.
6. Chegara komissarlari, oʻzaro kelishib, majlislarda (uchrashuvlarda) qabul qilingan qarorlarning bajarilishi boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida bir-biriga axborot beradilar.
6-modda
Chegara komissarlarining yordamchilari chegara komissarlarining topshirigʻi boʻyicha qilinadigan birgalikdagi ishni, odatda, oʻzlarining uchrashuvlarida bajaradilar. Chegara komissarlari yordamchilari qabul qilgan qarorlar tegishli chegara komissarlari tasdiqlagandan keyin kuchga kiradi. Chegara komissarlari yordamchilari kelishuvga erisholmagan masalalar tegishli chegara komissarlarining koʻrib chiqishlari uchun taqdim etiladi.
7-modda
Chegara komissarlari majlislari (uchrashuvlari) yakunlari boʻyicha qoʻshma protokol tuziladi (Ilova № 6), unda majlis (uchrashuv) kun tartibi, ishtirokchilar tarkibi, majlis yoki uchrashuvning umumiy borishi, qabul qilingan qarorlar va ularni bajarish muddatlari koʻrsatiladi.
Majlis (uchrashuv) protokoli ikki nusxada, har biri rus tilida tuziladi, chegara komissarlari yoki ularning vazifalarini vaqtincha bajarayotgan shaxslarning imzolari va gerbli muhrlar bilan tasdiqlanadi.
8-modda
1. Chegara komissarlari oʻzaro kelishuv boʻyicha:
Davlat chegarasida uchrashuv punktlari;
xizmat xat-xabarlarini almashish tartibi;
texnik aloqa vositalaridan foydalanish, shuningdek Tomonlar hududidan beriladigan shartli belgilar bilan chegara komissari apparati vakillarini chaqirish tartibini belgilaydi.
Xizmat xat-xabarlarini qabul qilish va topshirishga vakil qilingan shaxslar bu ishni Davlat chegarasida kechayu kunduz bajarishlari shart.
2. Chegara komissarlari ushlangan shaxslar, shuningdek uy hayvonlari, odamlarning jasadlarini Tomonlardan har birining davlati milliy qonunchiligiga muvofiq topshirishni amalga oshiradilar. Chegara komissarlari har bir bunday topshirishning vaqti va tartibini alohida belgilaydilar. Davlat chegarasi qoidasini buzishda ushlangan shaxslar, ularning tasodifiy chegarani kesib oʻtish fakti aniqlanganda, shuningdek ular kesib oʻtayotganda jinoyatlar sodir etmagan boʻlsa, ular kelgan davlat hududiga topshiriladi.
Chegara komissarlari oʻzaro kelishuv boʻyicha shaxslar, uy hayvonlari, mol-mulk, odamlarning jasadlari, xizmat xat-xabarlarini qabul qilish-topshirishda, shuningdek ushbu Bitim qoidalariga muvofiq boshqa harakatlarni amalga oshirish chogʻida rasmiylashtiriladigan dalolatnomalar, tilxatlar va boshqa hujjatlarning namunalarini belgilaydi. Shaxslar, uy hayvonlari, mol-mulk. odamlarning jasadlarini topshirish chegara komissarlari, ularning oʻrinbosarlari va yordamchilari tomonidan amalga oshirilishi mumkin.
9-modda
Chegara komissarlari, ularning oʻrinbosarlari, yordamchilari, kotiblari, tarjimonlar va ekspertlar mazkur Bitim doirasida oʻz vazifalarini bajarish uchun Davlat chegarasini belgilangan punktlarda yoki kelishilgan joylarda ushbu Bitimning 2 va 3-moddalarida belgilangan yozma vakolat va guvohnomalar asosida kesib oʻtadilar.
Ushbu Bitim qoidalariga muvofiq chegarani kesib oʻtish huquqini beruvchi hujjatlar yoʻqotilgan xolda ularning egalari oʻz davlatining chegara komissariga darhol maʼlum qilishlari lozim, u qushni davlat chegara komissariga yuz bergan hodisa haqida xabar qiladi.
10-modda
1. Ushbu Bitim qoidalariga muvofiq vakil qilingan chegara komissarlari, ularning oʻrinbosarlari, yordamchilari, kotiblari uchun boshqa Tomon davlati hududida shaxsiy daxlsizlik, shuningdek ularning yonida boʻlgan va ularga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun zarur boʻlgan hujjatlar va mol-mulk daxlsizligi kafolatlanadi.
Koʻrsatib oʻtilgan mansabdor shaxslar rasmiylashgan kiyim formasida yurishi, ish uchun va shaxsiy foydalanish uchun predmetlar, oziq-ovqat mahsulotlari, tamaki mahsulotlari va dori-darmonlarni oʻz yonida olib yurishi va boshqa Tomon davlati hududiga bojsiz va boshqa soliqlar va yigʻimlar toʻlamay olib kirishlari mumkin.
2. Har bir Tomon mazkur Bitimni amalga oshirish bilan bogʻlik xarajatlarni oʻzi koʻtaradi.
11-modda
Chegara komissarlari:
Davlat chegarasini noqonuniy kesib oʻtish faktlari va unga tayyorgarlik toʻgʻrisida:
chegara orqali shaxslar, qurol, oʻq-dorilar, narkotik vositalar, psixotrop moddalar, qimmatbaho narsalar va valyuta, shuningdek radioaktiv moddalarni noqonuniy olib oʻtish bilan shugʻullanuvchi shaxslar faoliyati toʻgʻrisida;
Davlat chegarasi yaqinida kishilar yoki hayvonlarning xavfli yuqumli kasalliklarining paydo boʻlishi toʻgʻrisida, shuningdek qishloq xoʻjaligi va oʻrmon zararkunandalarining ommaviy tarzda tarqalishi, yonginlar, toshqinlar toʻgʻrisida;
chegara orqali oʻtkazish punktlarida Tomonlar davlatlari fuqarolarining qonunga zid harakatlari toʻgʻrisida;
Tomonlardan har birining davlati xavfsizligiga va manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan xatti-harakatlar ehtimoli toʻgʻrisida, shuningdek chegara mojarolarining oldini olish boʻyicha koʻrilgan choralar toʻgʻrisida;
Davlat chegarasi rejimini saqlab turish bilan bogʻlik boshqa masalalar boʻyicha maʼlumot almashadilar.
12-modda
Tomonlarning chegara komissarlari oʻz hududida:
qurollangan yoki qurollanmagan shaxslar tomonidan boshqa Tomon hududida jinoiy harakatlar sodir etilishining oldini olish uchun, zarur choralar koʻrishi va bu haqda boshqa Tomonning tegishli hokimiyat vakillarini xabardor qilishi;
boshqa Tomonning xavfsizligi, tinchligi yoki manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan tayyorgarlik harakatlari va urinishlarning oldini olish uchun zarur choralar, va shuningdek chegarani noqonuniy kesib oʻtishga koʻmaklashuvchi shaxslarga qarshi choralar koʻrishi;
chegara oldi tumanlarda kontrabandaga qarshi kurashish uchun zarur choralar koʻrishi;
barcha chegara mojarolarini tekshirib chiqishi va zarur hollarda hal qilishi shart.
13-modda
Chegara komissarlari Tomonlarning vakolatli Davlat organlari bilan birgalikda chegara mojarolarining oldini olish boʻyicha hamkorlik qiladilar, ular roʻy bergan holda esa, chegara mojarolarini, shu jumladan:
Davlat chegarasi ustidan odamlarni va hududlarni oʻqqa tutishlar, shu jumladan odamlarning halok boʻlishi yoki jarohatlanishiga, mol-mulkka zarar yetkazilishiga va boshqa ogʻir oqibatlarga olib kelishini;
kishilar, transport vositalarining Davlat chegarasini noqonuniy kesib oʻtishini;
suzish vositalari va uchish apparatlari vositasida Davlat chegarasini buzishni;
Davlat chegarasidan kontrabanda olib oʻtishni;
tabiiy ofatlar va boshqa vaziyatlar tufayli boshqa Tomon davlati hududiga oʻtib qolgan mol-mulkni topib olishni;
chegara belgilari va boshqa chegara inshootlarining beruxsat yoki tasodifan koʻchirilishi, buzilishi yoki ularga shikast yetkazilishini;
uy hayvonlarining Davlat chegarasidan oʻtishini;
yongʻinlarning Davlat chegarasi orqali tarqalib ketishini;
Davlat chegarasi rejimiga rioya qilishning Tomonlar davlatlarining manfaatlariga daxldor boʻlgan, ammo diplomatik kanallar boʻyicha hal qilish talab etilmaydigan boshqa masalalarni tekshiradi va hal qiladi.
14-modda
1. Ushbu Bitimning 13-moddasida koʻrsatib oʻtilgan chegara mojarolarini chegara komissarlari kelishilgan tartibda aniqlaydilar. Tomonlarning chegara komissarlari chegara mojarolarini tezda tekshirib chiqish va tartibga solishni taʼminlash maqsadida, boshqa Tomonning chegara komissari ularni mojaro haqida xabardor qilishda koʻrsatilgan vaqtda va joyga uchrashish uchun kelishlari shart. Chegara mojarolarini birgalikda tekshirish chegara mojarosi uchastkasi hududida roʻy bergan chegara komissari rahbarligi ostida amalga oshiriladi.
2. Chegara mojarosini birgalikda tekshirib chiqish natijalari toʻgʻrisida dalolatnoma, zarur boʻlganda esa yigʻilish bayonnomasiga ilova sifatida qoʻshib qoʻyiladigan boshqa hujjatlar tayyorlanadi.
3. Chegara komissarlari ularga ushbu Bitimda berilgan vakolatlar doirasida boshqa Tomon davlati hududida topilgan uy hayvonlari, mol-mulkni qaytarish masalalarini hal qiladilar.
4. Chegara mojarosini birgalikda tekshirib chiqish chegara komissarlarining qatʼiy vakolatlari doirasida va Tomonlarning milliy qonunchiliklariga muvofiq amalga oshiriladi.
5. Chegara komissarlari tomonidan hal qilinmagan chegara mojarolari diplomatik kanallar boʻyicha hal qilinadi.
15-modda
Ushbu Bitim Tomonlarning Oʻzbekiston Respublikasi va Turkmaniston ishtirokchisi boʻlgan boshqa amaldagi xalqaro shartnomalaridan kelib chiquvchi huquq va majburiyatlariga daxl qilmaydi.
16-modda
Ushbu Bitim doirasidagi faoliyat vaqtida Tomonlar ishchi til sifatida rus tilidan foydalanadilar.
17-modda
Ushbu Bitimga Tomonlarning roziligi boʻyicha mazkur Bitimning ajralmas qismlari boʻlgan alohida bayonnomalar bilan rasmiylashtiriladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
18-modda
Mazkur Bitim qoidalarini bajarish yoki qoʻllash jarayonida kelib chiqadigan har qanday kelishmovchiliklar yoki munozarali masalalar Tomonlar oʻrtasida muzokaralar yoʻli bilan hal qilinadi.
19-modda
Ushbu Bitim Tomonlar uning kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan davlat ichki protseduralarini bajarganliklari toʻgʻrisida oxirgi yozma xabarnoma olingan kundan boshlab kuchga kiradi.
Ushbu Bitim noaniq muddatga tuziladi va Tomonlardan biri diplomatik kanallar orqali boshqa Tomondan ushbu Bitimning amal qilishini toʻxtatish niyati haqidagi yozma xabarnomani olgan sanadan olti oy oʻtgunga kadar kuchida qoladi.
Toshkent shahrida 2009-yil 25-fevralda ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, turkman va rus tillarida tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Ushbu Bitim qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan taqdirda Tomonlar rus tilidagi matnga murojaat qiladilar.
(imzolar)
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati oʻrtasida oʻzbek-turkman Davlat chegarasida chegara komissarlarining faoliyati toʻgʻrisidagi Bitimga 1-ILOVA
Chegara komissarlarining xizmat uchastkalari toʻgʻrisida
BAYoNNOMA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati oʻrtasida oʻzbek-turkman Davlat chegarasida chegara komissarlarining faoliyati toʻgʻrisidagi Bitimning 2-moddasiga muvofiq Tomonlar quyidagilarni belgiladilar:
Chegara komissarlarining xizmat uchastkalari:
Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan:
1. Sherobod uchastkasi boʻyicha chegara komissari. doimiy turish joyi Oʻzbekiston Respublikasi Surxondaryo viloyati Qoʻngʻirot shahrida, uning xizmat rayoni № 17 chegara nuktasidan Oʻzbekiston Respublikasi. Turkmaniston va Afgʻoniston davlat chegaralari tutashgan nuqtasigacha choʻziladi.
2. Qashqadaryo uchastkasi boʻyicha chegara komissari. doimiy turish joyi Oʻzbekiston Respublikasi Qashqadaryo viloyati Qarshi shahrida, uning xizmat rayoni № 48 chegara nuqtasidan № 17 chegara nuqtasigacha choʻziladi.
3. Buxoro uchastkasi boʻyicha chegara komissari, doimiy turish joyi Oʻzbekiston Respublikasi Buxoro viloyati Buxoro shahrida, uning xizmat rayoni № 125/15 chegara nuqtasidan № 48 chegara nuqtasigacha choʻziladi.
4. Xorazm uchastkasi boʻyicha chegara komissari, doimiy turish joyi Oʻzbekiston Respublikasi Xorazm viloyati Urganch shahrida, uning xizmat rayoni № 134 chegara nuqtasidan № 125/15 chegara nuqtasigacha choʻziladi.
5. Qoraqalpogʻiston uchastkasi boʻyicha chegara komissari, doimiy turish joyi Oʻzbekiston Respublikasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Nukus shahrida, uning xizmat rayoni Oʻzbekiston Respublikasi, Turkmaniston va Qozogʻiston Respublikasi (№ 165 chegara nuktasi) davlat chegaralari tutashgan nuqtasidan № 134 chegara nuqtasigacha choʻziladi.
Turkmaniston Tomonidan:
1. Magdanli uchastkasi boʻyicha chegara komissari, doimiy turish joyi Turkmanistonning Lebap viloyati Magdanli shahrida, uning xizmat rayoni Turkmaniston, Oʻzbekiston Respublikasi va Afgʻoniston Islom Respublikasi Davlat chegaralari tutashgan nuqtadan № 45 chegara nuqtasigacha choʻziladi.
2. Turkmanabat uchastkasi boʻyicha chegara komissari, doimiy turish joyi Turkmanistonning Lebap viloyati Turkmanabat shahrida, uning xizmat rayoni № 68 chegara nuqtasidan № 88 chegara nuqtasigacha choʻziladi.
3. Gazochak uchastkasi boʻyicha chegara komissari, doimiy turish joyi Turkmanistonning Lebap viloyati Gazochak shahrida, uning xizmat rayoni № 45 chegara nuqtasidan № 68 chegara nuqtasigacha choʻziladi.
4. Dashoguz uchastkasi boʻyicha chegara komissari, doimiy turish joyi Turkmanistonning Dashoguz viloyati Dashoguz shahrida, uning xizmat rayoni № 88 chegara nuqtasidan № 157 chegara nuqtasigacha choʻziladi.
5. Turkmanboshi uchastkasi boʻyicha chegara komissari, doimiy turish joyi Turkmanistonning Dashoguz viloyati Turkmanboshi shahrida, unish xizmat rayoni № 157 chegara nuqtasidan Turkmaniston, Oʻzbekiston Respublikasi va Qozogʻiston Respublikasi Davlat chegaralari tutashgan nuqtagacha choʻziladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati oʻrtasida oʻzbek-turkman Davlat chegarasida chegara komissarlarining faoliyati toʻgʻrisidagi Bitimga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati oʻrtasida oʻzbek-turkman Davlat chegarasida chegara komissarlarining faoliyati toʻgʻrisidagi Bitimga 3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati oʻrtasida oʻzbek-turkman Davlat chegarasida chegara komissarlarining faoliyati toʻgʻrisidagi Bitimga 4-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati oʻrtasida oʻzbek-turkman Davlat chegarasida chegara komissarlarining faoliyati toʻgʻrisidagi Bitimga 5-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati oʻrtasida oʻzbek-turkman Davlat chegarasida chegara komissarlarining faoliyati toʻgʻrisidagi Bitimga 6-ILOVA
* Izoh: imzolar chegara komissarlarining muhrlari bilan tasdiqlanadi.
