9-modda. Emissiyaviy qimmatli qogʻozlarning chiqarilishini davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etish
“Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-387-son) · Sana: 03.06.2015 · Amalda
Emissiyaviy qimmatli qogʻozlarning chiqarilishini davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etish uchun quyidagilar asos boʻladi:
emissiyaviy qimmatli qogʻozlarning chiqarilishini davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun taqdim etilgan hujjatlarning hamda ulardagi maʼlumotlarning qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga nomuvofiqligi;
emissiyaviy qimmatli qogʻozlarni chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilish tartibiga emitent tomonidan rioya etilmaganligi;
qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi qonunchilikda nazarda tutilgan yigʻimlarning toʻlanmaganligi;
emissiyaviy qimmatli qogʻozlar chiqarishni amalga oshirayotgan yuridik shaxsda ularni chiqarish huquqining yoʻqligi.
Qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organining qarorida koʻrsatilgan muddat ichida qayta murojaat etilgan taqdirda, yangitdan taqdim etilgan hujjatlarda aniqlangan nomuvofiqliklardan tashqari yangi asoslarga koʻra emissiyaviy qimmatli qogʻozlarning chiqarilishini davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Emissiyaviy qimmatli qogʻozlar chiqarilishini davlat roʻyxatidan oʻtkazishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
