6-modda. Korporativ va infratuzilma obligatsiyalarini chiqarish shartlari
“Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-387-son) · Sana: 03.06.2015 · Amalda
Korporativ obligatsiyalar quyidagi shartlarga rioya etgan holda:
emitentning bunday obligatsiyalar chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan sanadagi oʻz kapitali miqdori doirasida. Agar korporativ obligatsiyalar summasi emitentning oʻz kapitali miqdoridan oshsa, emitent oshgan summa uchun taʼminot berishi shart;
soʻnggi bir yilda rentabellik, toʻlovga qobiliyatlilik, moliyaviy barqarorlik va likvidlilikning ijobiy koʻrsatkichlariga ega boʻlgan emitentlar tomonidan;
obligatsiyalar chiqarilishidan oldingi bir yil uchun moliyaviy hisobot boʻyicha auditorlik xulosasi mavjud boʻlganda;
investorlarga tegishli mablagʻlarning emitentlar tomonidan toʻlanishi boʻyicha toʻlov agentlari vazifasini bajaruvchi tijorat banklari ishtirokida chiqariladi.
Ushbu modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan shartlar ipotekani qayta moliyalashtirish tashkilotlariga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Infratuzilma obligatsiyalari quyidagi shartlarga rioya etgan holda:
emitentning bunday obligatsiyalar chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan sanadagi oʻz kapitali miqdori doirasida. Agar infratuzilma obligatsiyalari summasi emitentning oʻz kapitali miqdoridan oshsa, emitent oshgan summa uchun taʼminot berishi shart;
obligatsiyalar chiqarilishidan oldingi bir yil uchun moliyaviy hisobot boʻyicha auditorlik xulosasi mavjud boʻlganda;
infratuzilma obligatsiyalarini joylashtirishdan tushgan mablagʻlardan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining yoki Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorida nazarda tutilgan loyihani moliyalashtirish uchun foydalanilsa, chiqariladi.
Davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari tomonidan infratuzilma obligatsiyalari Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda chiqariladi.
Korporativ va infratuzilma obligatsiyalarini chiqarishning qoʻshimcha shartlari qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi tomonidan belgilanadi.
