58-modda. Qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchilarining huquqlari va majburiyatlari
“Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-387-son) · Sana: 03.06.2015 · Amalda
Qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchilari quyidagi huquqlarga ega:
qimmatli qogʻozlar bozoridagi oʻz tavakkalchiliklarini sugʻurta qilish;
qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchilari toʻgʻrisida, qimmatli qogʻozlarning emissiyasini toʻxtatib qoʻyishga, qimmatli qogʻozlar bozoridagi professional faoliyatni amalga oshirishga doir litsenziyalarning amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish va ularni bekor qilishga doir barcha hollar haqida, investitsiya maslahatchilarining xabarnomalari reyestri haqida, ularning faoliyatini toʻxtatib turish yoki tugatish bilan bogʻliq holatlar toʻgʻrisida, qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchilari va emitentlar tomonidan sodir etilgan huquqbuzarliklar toʻgʻrisida, shuningdek qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organining daʼvo arizalari boʻyicha emitentlarga yoki qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchilariga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari haqida qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organidan axborot olish;
davlat organlariga arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat qilish;
qimmatli qogʻozlar bozorida oʻz huquqlari buzilganligi toʻgʻrisidagi va yetkazilgan zararlarning oʻrnini qoplash haqidagi daʼvo arizasi bilan sudga murojaat qilish.
Investorlar va qimmatli qogʻozlar egalari ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilgan huquqlardan tashqari:
qimmatli qogʻozlarning chiqarilishi roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida, emitentning joriy moliyaviy holati va emitentni rivojlantirish istiqbollari haqida axborot taqdim etishni emitentdan talab qilishga;
pul va boshqa toʻlov vositalari, mol-mulk bilan, shuningdek pul bahosiga ega boʻlgan huquqlar (shu jumladan, mulkiy huquqlar) asosida qimmatli qogʻozlarga qonunchilikda va emitentning taʼsis hujjatlarida belgilangan tartibda investitsiyalarni amalga oshirishga;
qimmatli qogʻozlar bozorida oʻz xizmatlarini taklif etayotgan qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchilaridan oʻzlari toʻgʻrisidagi axborotni ushbu Qonunga muvofiq talab qilishga ham haqli.
Qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchilari qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisidagi qonunchilik talablariga va qimmatli qogʻozlar bozorida oʻzlari tuzgan shartnomalar shartlariga rioya etishi shart.
