45-modda. Axborotning qimmatli qogʻozlar bozori professional ishtirokchisi tomonidan oshkor qilinishi
“Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-387-son) · Sana: 03.06.2015 · Amalda
Qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchisi investorning talabiga koʻra:
davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi hujjatning koʻchirma nusxasini;
qimmatli qogʻozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziyaning koʻchirma nusxasini yoki vakolatli davlat organini xabardor qilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
qimmatli qogʻozlar bozori professional ishtirokchisining ustav fondi, oʻz mablagʻlarining miqdori va zaxira fondi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
investor oladigan qimmatli qogʻozlar chiqarilishining davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni;
investor oladigan qimmatli qogʻozlarning emissiya risolasidagi maʼlumotlarni, shuningdek ushbu qimmatli qogʻozlarning investor tomonidan axborot taqdim etish toʻgʻrisida talab qoʻyilgan sanadan oldingi olti hafta davomidagi narxlari haqidagi maʼlumotlarni;
qimmatli qogʻozlarga doir bitimlarning natijalari boʻyicha hisobotni shartnomada kelishilgan muddatlarda taqdim etadi.
Qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchisi investorlarni ushbu moddada nazarda tutilgan axborotni olish huquqlari haqida xabardor qilishi shart.
Qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchisi:
yilning bir choragi davomida faqat bir emitentning qimmatli qogʻozlari bilan operatsiyalar;
bir emitentning qimmatli qogʻozlari bilan bir martalik operatsiya, agar bu operatsiya boʻyicha qimmatli qogʻozlarning soni mazkur qimmatli qogʻozlar umumiy sonining kamida 15 foizini tashkil etgan boʻlsa, ularning amalga oshirilganligi haqida qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organini ikki ish kuni ichida yozma shaklda xabardor qiladi.
Investitsiya fondlari axborotni ushbu Qonunning 44-moddasida nazarda tutilgan tartibda oshkor qiladi.
