3-modda. Asosiy tushunchalar — “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-387-son)
3-modda. Asosiy tushunchalar
“Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-387-son) · Sana: 03.06.2015 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
aksiya — oʻz egasining aksiyadorlik jamiyati foydasining bir qismini dividendlar tarzida olishga, aksiyadorlik jamiyatini boshqarishda ishtirok etishga va u tugatilganidan keyin qoladigan mol-mulkning bir qismiga boʻlgan huquqini tasdiqlovchi, amal qilish muddati belgilanmagan, egasining nomi yozilgan emissiyaviy qimmatli qogʻoz;
axborotni oshkor qilish — qimmatli qogʻozlar bozorida manfaatdor shaxslarning axborotni qaysi maqsadda olishidan qatʼi nazar, mazkur axborotdan uning topilishi va olinishini kafolatlaydigan shakllarda foydalanishini taʼminlash;
birja obligatsiyasi — chiqarilishi fond birjasi tomonidan roʻyxatga olinadigan va fond birjasining kotirovkalash varagʻiga kiritilgan, aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan chiqariladigan qarz emissiyaviy qimmatli qogʻoz;
veksel — veksel beruvchining yoxud vekselda koʻrsatilgan boshqa toʻlovchining vekselda nazarda tutilgan muddat kelganda veksel egasiga muayyan summani toʻlashga doir qatʼiy majburiyatini tasdiqlovchi noemissiyaviy qimmatli qogʻoz;
davlat qimmatli qogʻozlari — Oʻzbekiston Respublikasi nomidan chiqarilgan davlat gʻaznachilik obligatsiyalari, xalqaro obligatsiyalar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining obligatsiyalari;
depo hisobvaragʻi — deponentning qimmatli qogʻozlarini saqlash va qimmatli qogʻozlarga boʻlgan huquqlarni hisobga olish uchun moʻljallangan, investitsiya vositachisining va Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysining hisobga olish registrlaridagi yozuvlar yigʻindisi;
depo hisobvaragʻidan koʻchirma — deponentning qimmatli qogʻozlarga boʻlgan huquqlarini tasdiqlaydigan, investitsiya vositachisi va (yoki) Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi tomonidan beriladigan hujjat;
depozitar operatsiyalar — hisobga olish registrlarida depozitar operatsiyalar standartlariga muvofiq bajariladigan operatsiyalar;
depozitar tilxatlar — nominal qiymatga ega boʻlmagan qimmatli qogʻoz boʻlib, u taqdim etiladigan qimmatli qogʻozlarning muayyan soniga boʻlgan mulk huquqini tasdiqlaydi va uning egasining ushbu qimmatli qogʻoz emitentidan depozitar tilxat oʻrniga taqdim etiladigan qimmatli qogʻozlarning tegishli sonini olishini hamda taqdim etiladigan qimmatli qogʻozlar bilan mustahkamlangan huquqlarning depozitar tilxat egasi tomonidan amalga oshirilishi bilan bogʻliq xizmatlar koʻrsatilishini talab qilish huquqini mustahkamlaydi;
depozit sertifikati — bankka qoʻyilgan omonat summasini va omonatchining (sertifikat saqlovchining) omonat summasini hamda sertifikatda shartlashilgan foizlarni sertifikatni bergan bankdan yoki shu bankning istalgan filialidan belgilangan muddat tugaganidan keyin olish huquqini tasdiqlovchi noemissiyaviy qimmatli qogʻoz;
deponent — depo hisobvaragʻiga ega boʻlgan shaxs;
investitsiya aktivlari — qimmatli qogʻozlar, pul mablagʻlari va qonunchilikka muvofiq investitsiya aktivlari deb eʼtirof etiladigan boshqa mol-mulk;
investor — qimmatli qogʻozlarni oʻz nomidan va oʻz hisobidan oluvchi yuridik yoki jismoniy shaxs;
infratuzilma obligatsiyalari — ishlab chiqarish infratuzilmasini va boshqa infratuzilmani barpo etish va (yoki) rekonstruksiya qilishni moliyalashtirish uchun pul mablagʻlarini jalb etish maqsadida xoʻjalik jamiyatlari tomonidan chiqariladigan obligatsiyalar;
kliring — qimmatli qogʻozlar savdosining tashkilotchilari tomonidan roʻyxatdan oʻtkazilgan qimmatli qogʻozlarga doir bitimlar boʻyicha oʻzaro majburiyatlarni aniqlash, aniqlashtirish va hisobga olish;
korporativ obligatsiyalar — aksiyadorlik jamiyatlari va masʼuliyati cheklangan jamiyatlar tomonidan chiqariladigan obligatsiyalar;
market-meyker — qimmatli qogʻozlarga doir narxlar, talab va taklif darajasini saqlab turish uchun birja bitimlarini tuzish majburiyatini oʻz zimmasiga olgan investitsiya vositachisi;
netting — mijozning barcha pul talablarini uning barcha pul majburiyatlariga nisbatan hisobga olish orqali amalga oshiriladigan kliring usuli;
noemissiyaviy qimmatli qogʻozlar — ushbu Qonunga muvofiq emissiyaviy qimmatli qogʻozlar tushunchasiga oid boʻlmagan qimmatli qogʻozlar;
obligatsiya — emissiyaviy qimmatli qogʻoz boʻlib, u obligatsiyani saqlovchining obligatsiyaning nominal qiymatini yoki boshqa mulkiy ekvivalentini obligatsiyani chiqargan shaxsdan obligatsiyada nazarda tutilgan muddatda olishga, obligatsiyaning nominal qiymatidan qatʼiy belgilangan foizni olishga boʻlgan huquqini yoxud boshqa mulkiy huquqlarini tasdiqlaydi;
xalqaro obligatsiya — sotiladigan emissiyaviy qimmatli qogʻoz boʻlib, u emitent tomonidan chiqariladi va moliyaviy tashkilotlarning guruhi tomonidan joylashtiriladi, emitentning mamlakatidan tashqari bir yoki undan koʻproq davlatda taklif etiladi, birlamchi ravishda (shu jumladan obuna boʻyicha) faqat ushbu guruh orqali sotib olinadi;
chet ellik nominal saqlovchi — qimmatli qogʻozlarga doir huquqlarni hisobga olishning va (yoki) qimmatli qogʻozlar hisob-kitoblarining xalqaro markazlashgan tizimi boʻlgan yoxud chet el birjalaridagi yoki boshqa tartibga solinadigan bozorlardagi savdolar natijalariga koʻra qimmatli qogʻozlar boʻyicha hisob-kitoblarni amalga oshiruvchi markaziy depozitariy boʻlgan, qimmatli qogʻozlar egasining yoki u vakil qilgan shaxsning topshirigʻiga koʻra, qimmatli qogʻozlarning egasi boʻlmagan holda, qimmatli qogʻozlarni hisobga olishni va ularga boʻlgan huquqlarni tasdiqlashni amalga oshiradigan chet el tashkiloti;
opsion — emissiyaviy qimmatli qogʻoz boʻlib, u oʻz emitentining muayyan miqdordagi qimmatli qogʻozlarini unda nazarda tutilgan muddatda, qatʼiy belgilangan narx boʻyicha sotib olishga boʻlgan huquqini tasdiqlaydi;
fond birjasi — ommaviy va oshkora birja savdolarini oldindan belgilangan joyda va belgilangan vaqtda oʻrnatilgan qoidalar asosida tashkil etish hamda oʻtkazish orqali faqat qimmatli qogʻozlar savdosi uchun sharoitlar yaratib beruvchi yuridik shaxs;
egasining nomi yozilgan qimmatli qogʻozlar — mulkiy huquqlarning realizatsiya qilinishi oʻz egasining roʻyxatdan oʻtkazilgan boʻlishini talab etadigan qimmatli qogʻozlar;
emissiyaviy qimmatli qogʻozlar — bitta chiqarilish doirasida bir xil belgilar va rekvizitlarga ega boʻlgan, mazkur chiqarilish uchun yagona shartlar asosida joylashtiriladigan hamda muomalada boʻladigan qimmatli qogʻozlar;
Emissiyaviy qimmatli qogʻozlar chiqarilishlarining yagona davlat reyestri — roʻyxatdan oʻtkazilgan emissiyaviy qimmatli qogʻozlar chiqarilishlarining roʻyxati;
emitent — emissiyaviy qimmatli qogʻozlar chiqaruvchi va ular yuzasidan qimmatli qogʻozlarning egalari oldida majburiyatlari boʻlgan yuridik shaxs;
davlat gʻaznachilik obligatsiyalari — emissiyaviy qimmatli qogʻozlar boʻlib, toʻlanish muddatidan qatʼi nazar, ular egalik qiluvchi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining respublika budjetiga pul mablagʻlari kiritilganligini tasdiqlaydi va ushbu emissiyaviy qimmatli qogʻozlarga egalik qilishning butun muddati mobaynida qatʼiy belgilangan daromad olish huquqini beradi;
qimmatli qogʻozlar — hujjatlar boʻlib, ular mazkur hujjatlarni chiqargan yuridik shaxs bilan ularning egasi oʻrtasidagi mulkiy huquqlarni yoki qarz munosabatlarini tasdiqlaydi, dividendlar yoki foizlar tarzida daromad toʻlashni hamda ushbu hujjatlardan kelib chiqadigan huquqlarni boshqa shaxslarga oʻtkazish imkoniyatini nazarda tutadi;
qimmatli qogʻozlar bozori — yuridik va jismoniy shaxslarning qimmatli qogʻozlarni chiqarish, joylashtirish va ularning muomalasi bilan bogʻliq munosabatlari tizimi;
qimmatli qogʻozlar bozori ishtirokchilari — qimmatli qogʻozlarning emitentlari, qimmatli qogʻozlarning egalari, investorlar, qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchilari, shuningdek birjalar va Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi;
qimmatli qogʻozlar bozorining professional ishtirokchisi — qimmatli qogʻozlar bozorida professional faoliyatni amalga oshiruvchi yuridik shaxs;
qimmatli qogʻozlar bozori professional ishtirokchisining mijozi (mijoz) — deponent yoki qimmatli qogʻozlar bozori professional ishtirokchisining xizmatlaridan foydalanuvchi boshqa shaxs;
qimmatli qogʻozlar bozorida professional faoliyat — qimmatli qogʻozlarni chiqarish, joylashtirish va ularning muomalasi bilan bogʻliq xizmatlar koʻrsatish boʻyicha litsenziyalanadigan yoki vakolatli organni xabardor qilish tartibida amalga oshiriladigan faoliyat turi;
qimmatli qogʻozlarga doir bitimlar — qimmatli qogʻozlarning oldi-sotdisi, hadyasi, merosi, ustav fondiga kiritilishi va qimmatli qogʻozlar egasining almashuviga olib keladigan boshqa harakatlar, shuningdek qimmatli qogʻozlar garovi;
qimmatli qogʻozlarga doir fyuchers — qimmatli qogʻoz boʻlib, u oʻzida nazarda tutilgan muddatda qimmatli qogʻozlarning muayyan sonini qatʼiy belgilangan narxda sotib olish yoki sotish majburiyatini tasdiqlaydi;
qimmatli qogʻozlarni joylashtirish — qimmatli qogʻozlarni ularning dastlabki egalariga berish;
Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi — depo hisobvaraqlari boʻyicha qimmatli qogʻozlarni saqlashning, bunday qimmatli qogʻozlarga boʻlgan huquqlarni hisobga olishning va qimmatli qogʻozlar harakatining yagona tizimini taʼminlovchi tashkilot;
qimmatli qogʻozlarning muomalasi — qimmatli qogʻozlarni sotib olish va sotish, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan, qimmatli qogʻozlarning egasi almashuviga olib keladigan boshqa harakatlar;
qimmatli qogʻozlarni nominal saqlovchi — qimmatli qogʻozlar egasining yoki u vakil qilgan shaxsning topshirigʻiga koʻra qimmatli qogʻozlarni hisobga olishni va ularga boʻlgan huquqlarni tasdiqlashni qimmatli qogʻozlarning egasi boʻlmagan holda amalga oshiruvchi investitsiya vositachisi, Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysi;
qimmatli qogʻozlarni chiqarish — yuridik shaxsning fuqarolik huquqlarining obyekti sifatida qimmatli qogʻozlar paydo boʻlishiga qaratilgan harakatlari;
qimmatli qogʻozlar egasi — qimmatli qogʻozlar oʻziga mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquq asosida tegishli boʻlgan yuridik yoki jismoniy shaxs;
qimmatli qogʻozlar egalarining reyestri — roʻyxatdan oʻtkazilgan qimmatli qogʻozlar egalarining belgilangan sanadagi holatga koʻra shakllantirilgan, ularga qarashli egasining nomi yozilgan qimmatli qogʻozlar emitentining nomi, ushbu qimmatli qogʻozlarning soni, nominal qiymati, turi va xili, shuningdek reyestrda roʻyxatdan oʻtkazilgan shaxslarga axborot yuborish imkoniyatini beradigan maʼlumotlar koʻrsatilgan roʻyxati;
qimmatli qogʻozlar emissiyasi — emissiyaviy qimmatli qogʻozlarni chiqarish va joylashtirish;
qimmatli qogʻozlarning emissiya risolasi — emitent va u chiqaradigan qimmatli qogʻozlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, shuningdek investorning qimmatli qogʻozlar olish toʻgʻrisidagi qaroriga taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan boshqa axborotni aks ettiruvchi hujjat;
qimmatli qogʻozlarning hosilalari — oʻz egalarining boshqa qimmatli qogʻozlarga nisbatan huquqlarini yoki majburiyatlarini tasdiqlovchi va yuridik shaxslar tomonidan opsionlar, qimmatli qogʻozlarga doir fyucherslar, depozitar tilxatlar va boshqa moliyaviy vositalar tarzida chiqariladigan qimmatli qogʻozlar;
hisobga olish registrlari — investitsiya vositachisida va Qimmatli qogʻozlar markaziy depozitariysida qimmatli qogʻozlarni saqlash hamda qimmatli qogʻozlarga boʻlgan huquqlarni hisobga olish boʻyicha depozitar operatsiyalar standartlari bilan belgilangan yozuvlar tizimi.
O'qish oynasida ochishRangli belgilar, qaydlar, qidiruv va tanlangan matn bo'yicha test bilan.
Matn lex.uz dan avtomatik olingan va mazmunan u bilan bir xil: bu alohida tahrir emas, o'sha matnning o'zi. U ta'lim va ma'lumot maqsadida keltirilgan, normalar mazmuni o'zgartirilmaydi. Bu rasmiy nashr emas: sud, shartnoma va rasmiy javoblar uchun lex.uz dagi amaldagi tahrirni tekshiring. Loyiha haqida
Sayt haqida: NEOLEX (veoskill) — O'zbekiston Respublikasi huquqi bo'yicha ta'lim loyihasi. U lex.uz o'rnini bosmaydi, o'sha matnlarga har bir modda uchun alohida manzil, oddiy so'zlar bilan izohlar, atamalar lug'ati, testlar va uch tilda o'qishni qo'shadi. Aloqa: Telegram @neovixar.
Quyidagicha iqtibos keltiring: 3-modda. Asosiy tushunchalar “Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-387-son). neolex.uz/uz/laws/law-2662541/3 (lex.uz/docs/-2662539)