29-modda. Investitsiya fondining faoliyati
“Qimmatli qogʻozlar bozori toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-387-son) · Sana: 03.06.2015 · Amalda
Investorlarning pul mablagʻlarini va qoʻyilmalarini investitsiya aktivlariga jalb qilish maqsadida aksiyalar chiqaradigan yuridik shaxs — aksiyadorlik jamiyati investitsiya fondidir.
Investitsiya fondi yuridik shaxsning boshqa tashkiliy-huquqiy shakllariga oʻzgartirilishga haqli emas. Investitsiya fondini qoʻshib yuborish, qoʻshib olish, boʻlish, ajratib chiqarish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Investitsiya fondi faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya talab etilmaydi va investitsiya fondining faoliyati qimmatli qogʻozlar bozorini tartibga solish boʻyicha vakolatli davlat organi tomonidan oʻz vakolatlari doirasida tartibga solinadi.
Investitsiya fondi quyidagi huquqlarga ega emas:
korporativ va infratuzilma obligatsiyalarini, shuningdek imtiyozli aksiyalarni chiqarish;
fond sof aktivlarining 10 foizidan ortigʻini bir emitentning qimmatli qogʻozlariga yoki masʼuliyati cheklangan jamiyatning ulushiga investitsiyalash;
toʻlanishi lozim boʻlgan qarzning jami hajmi kredit va (yoki) qarz bitimi imzolanadigan sanadagi holatga koʻra investitsiya fondi sof aktivlari qiymatining 15 foizidan oshib ketgan taqdirda kredit va (yoki) qarz mablagʻlarini jalb etish. Kredit va (yoki) qarz muddati uch oydan oshib ketmasligi kerak;
kafil boʻlish, mol-mulkni yoki mulkiy huquqlarni garovga qoʻyish;
tashkiliy-huquqiy shakli oʻz ishtirokchilarining qoʻshimcha javobgarligini nazarda tutadigan yuridik shaxslarning qimmatli qogʻozlariga investitsiyalarni amalga oshirish;
investitsiya aktivlarining ishonchli boshqaruvchisi, auditorlik tashkilotlari tomonidan chiqarilgan qimmatli qogʻozlarga investitsiyalarni amalga oshirish;
boshqa investitsiya fondlarining aksiyalarini olish va ularga ega boʻlish;
umumiy summasi fond sof aktivlarining 10 foizidan ortiq investitsiyalarni amalga oshirish, bundan qimmatli qogʻozlarga qoʻyish mustasno.
