Hamkorlik toʻgʻrisida
05.04.2012
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan Kipr Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi oʻrtasida
protokol
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi va Kipr Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, bundan keyingi oʻrinlarda “Tomonlar” deb ataluvchilar,
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ustavining talabiga, Yangi Yevropa uchun Parij Xartiyasi va boshqa xalqaro huquq normalari ruhidan kelib chiqqan qolda ikki davlat va xalqlar oʻrtasida doʻstona munosabatlar va hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirish maqsadida,
siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va oʻzaro ahamiyatga molik boʻlgan boshqa sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarni sheriklik, tenglik va oʻzaro manfaat prinsiplari asosida rivojlantirishga hissa qoʻshishni istab, xalqaro tashkilotlar va uchrashuvlar doirasida hamkorlikni kuchaytirish zarurligini taʼkidlagan holda,
oʻzaro manfaatli hamkorlik masalalarini tezda hal qilish uchun imkoniyat yaratishga intilib,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar ikki tomonlama munosabatlarning holati va istiqbollarini, har ikki Tomon uchun ahamiyatli boʻlgan mintaqaviy va xalqaro masalalarni muhokama qilish maqsadida maslahatlashuvlar oʻtkazadilar.
2-modda
Tomonlar 1-moddada koʻrsatilgan masalalar boʻyicha kamida yilda bir marta maslahatlashuvlar oʻtkazadilar. Maslahatlashuvlar navbati bilan Toshkent va Nikosiyada yoki xalqaro uchrashuvlar davomida oʻtkaziladi. Delegatsiya darajasi, kun tartibi va maslahatlashuvlarning vaqti diplomatik kanallar orqali kelishiladi.
3-modda
Maslahatlashuvlar quyidagi masalalarni qamrab olishi mumkin:
a) siyosat, iqtisodiyot, texnologiyalar, turizm, madaniyat, taʼlim, fan va tadqiqotlar, sogʻliqni saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish, shuningdek xalqlar oʻrtasidagi aloqalarga koʻmaklashish sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik masalalari;
b) ikki tomonlama bitimlarni bajarish masalalari boʻyicha maʼlumot almashish, shuningdek oʻzbek-kipr munosabatlarini rivojlantirishga koʻmaklashishning yangi shakllarini ishlab chiqish;
v) oʻzaro ahamiyatga molik mintaqaviy va xalqaro masalalar.
4-modda
Tomonlar oʻz vakolatlari doirasida har ikki davlatning boshqaruv organlari va muassasalari, shuningdek jamoat va ilmiy tashkilotlari oʻrtasida bevosita aloqalarni oʻrnatish va rivojlantirishga yordam koʻrsatadilar.
5-modda
Tomonlar har ikki mamlakat davlat muassasalari tomonidan tashkil etilgan xalqaro munosabatlar va xalqaro huquq sohasidagi malaka oshirish va maxsus kurslarda oʻzaro oʻqitish orqali oʻz diplomatlariga bevosita aloqalar oʻrnatish va tajriba almashish uchun qulay sharoit yaratadilar.
6-modda
Har ikki Tomonning xalqaro konferensiyalar va uchrashuvlardagi vakillari, shuningdek har ikki davlatning uchinchi mamlakatlardagi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlardagi diplomatik vakolatxonalari har ikki Tomon uchun oʻzaro ahamiyatli boʻlgan masalalar boʻyicha maslahatlashuvlar oʻtkazadilar.
7-modda
Mazkur Protokol imzolangan sanadan kuchga kiradi va Tomonlardan biri boshqa Tomondan uning amal qilishini toʻxtatish maqsadi toʻgʻrisidagi xabarnomasini olgandan soʻng uch oy oʻtgach amal qilishdan toʻxtaydi.
2012-yil 5-aprelda Toshkent shahrida, har biri oʻzbek va ingliz tillarida boʻlgan ikki nusxada tuzildi, bunda barcha matnlar bir xil kuchga ega. Mazkur Protokol qoidalarini talqin qilishda kelishmovchiliklar yuzaga kelgan holda ingliz tilidagi matn ustuvor hisoblanadi.
(imzolar)
