8-modda
Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish toʻgʻrisida · Sana: 21.12.1965 · Amalda
1. Irqiy kamsitishni tugatish qoʻmitasi (bundan keyin “qoʻmita” deb ataladi) tuzilib, u yuksak maʼnaviy fazilatlarga ega va odil deb tan olingan, ishtirokchi davlatlar tomonidan oʻz fuqarolari hisobidan saylanadigan oʻn sakkiz ekspertdan iborat boʻlishi, ular oʻz vazifalarini shaxs sifatida bajarishlari lozim, bunda adolatli joʻgʻrofiy taqsimotga va sivilizatsiyalarning turli shakllaridan, shuningdek asosiy huquqiy tizimlardan vakillar boʻlishiga eʼtibor beriladi.
2. Qoʻmita aʼzolari ishtirokchi davlatlar tomonidan koʻrsatilib, roʻyxatga kiritilgan shaxslar hisobidan yashirin ovoz berish yoʻli bilan saylanadi. Har bir ishtirokchi davlat oʻz fuqarolari hisobidan bir shaxsni koʻrsatishi mumkin.
3. Dastlabki saylov ushbu Konvensiya kuchga kiritilgandan keyin olti oy oʻtgach oʻtkaziladi. Har gal kamida saylov boʻladigan sanadan uch oy avval Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi ishtirokchi davlatlarga xat bilan murojaat qilib, ulardan ular koʻrsatadigan shaxslarni ikki oy mobaynida taqdim etishlarini iltimos qiladi. Bosh kotib tayyorlaydigan roʻyxatda alifbo tartibida shunday tarzda koʻrsatilgan shaxslar kiritilgan boʻladi va unda ularni koʻrsatgan ishtirokchi davlatlar qayd etiladi. Bosh kotib bu roʻyxatni Konvensiyaning ishtirokchi davlatlariga beradi.
4. Qoʻmita aʼzolarini saylash Bosh kotib tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkilotining markaziy muassasalarida chaqiriladigan Konvensiyaning ishtirokchi davlatlari majlisida oʻtkaziladi. Ishtirokchi davlarning uchdan ikki qismi kvorumni tashkil etadigan shu majlisda eng koʻp ovoz olgan hamda ovoz berishda ishtirok etadigan va qatnashadigan Konvensiya ishtirokchi davlatlari vakillarining mutlaq koʻpchilik ovozini olgan nomzodlar qoʻmita aʼzolari etib saylangan boʻladilar.
5. a) Qoʻmita aʼzolari toʻrt yilga saylanadi. Biroq dastlabki saylovda saylanadigan toʻqqiz aʼzoning vakolat muddati ikki yillik davr oxirida tugaydi; dastlabki saylovdan keyin darhol shu toʻqqiz aʼzoning nomlari qoʻmita raisi tomonidan qurʼa tashlab aniqlanadi.
b) Kutilmagan vakansiyalarni toʻldirish uchun eksperti bundan buyon qoʻmita aʼzosi boʻlmagan Konvensiyaning ishtirokchi davlati qoʻmita maʼqullagan taqdirda oʻz fuqarolari hisobidan boshqa ekspert tayinlaydi.
6. Ishtirokchi davlatlar qoʻmita aʼzolari tomonidan oʻz vazifalarini bajarish davridagi xarajatlarining oʻrnini qoplash uchun javobgardir.
