5-modda
Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish toʻgʻrisida · Sana: 21.12.1965 · Amalda
Ushbu Konvensiyaning 2-moddasida bayon etilgan asosiy majburiyatlarga muvofiq, ishtirokchi davlatlar irqiy kamsitishni uning barcha shakllarida taqiqlash va yoʻqotishga hamda har bir odamning irqi, tana rangi, milliy yoki etnik nasabidan qatʼi nazar, ayniqsa quyidagi huquqlarni amalga oshirishga nisbatan qonun oldida teng huquqligini taʼminlash majburiyatini oladilar:
a) sud oldida va odil sudlovni amalga oshiradigan boshqa organlar oldida tenglik huquqlari;
b) hukumat mansabdor shaxslari, xuddi shuningdek qandaydir alohida shaxslar, guruhlar yoki muassasalar tomonidan yetkaziladigan zoʻravonlik yoki jismoniy shikastlanishlardan davlat tomonidan shaxsiy xavfsizlik va himoyani taʼminlash huquqi;
s) siyosiy huquqlar, shu jumladan, umumiy va teng saylov huquqida saylovda qatnashish-ovoz berish va oʻz nomzodini koʻrsatish huquqi, mamlakat boshqaruvida qatnashish huquqi, har qanday darajadagi davlat ishlariga rahbarlikda boʻlganidek, xuddi shuningdek davlat xizmatiga teppa-teng kirish huquqi;
d) boshqa fuqarolik huquqlari, jumladan:
i) davlat chegaralarida koʻchish va yashash erkinligi huquqi;
ii) har qanday mamlakatni, shu jumladan oʻz mamlakatini tashlab ketish va oʻz mamlakatiga qaytish huquqi;
iii) fuqarolik huquqi;
iv) nikohga kirish va juftini tanlash huquqi;
v) ham tanho, ham boshqalar bilan birgalikda mulkka egalik huquqi;
vi) meros olish huquqi;
vii) fikrlash, vijdon va din erkinligi huquqi;
ix) tinch yigʻilishlar va uyushmalar erkinligi huquqi;
e) iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy sohalardagi huquqlar, jumladan:
i) mehnat qilish, ishni erkin tanlash, adolatli va qulay mehnat sharoitlari, teng mehnat uchun baravar haq olish, adolatli va qoniqarli ragʻbatlantirish huquqi;
ii) kasaba uyushmalari tuzish va ularga kirish huquqi;
iii) uy-joy huquqi;
iv) sogʻliqni saqlash, tibbiy yordam, ijtimoiy taʼminot va ijtimoiy xizmat koʻrsatish huquqi;
v) taʼlim va kasbiy tayyorgarlik huquqi.
vi) madaniy hayotda teng ishtirok etish huquqi;
f) transport, mehmonxona, restoranlar, kafe, teatrlar va oromgohlar singari foydalanishga moʻljallangan istalgan joyga yoki istalgan xizmat koʻrsatish turiga kirish huquqi.
