22-modda
Qiynoqlarga hamda muomala va jazolashning boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan turlariga qarshi · Sana: 10.12.1984 · Amalda
1. Ushbu Konvensiyaning ishtirokchi davlati istalgan vaqtda ushbu moddaga muvofiq uning huquqiy tobeligida boʻlgan shaxslarning ishtirokchi davlat tomonidan Konvensiya qoidalarini buzish qurbonlari boʻlganliklarini yoki ular nomidan tushadigan shunday tusdagi axborotlarni tasdiqlaydigan xabarlarini olish va koʻrib chiqishga Qoʻmita vakolatini tan olishi toʻgʻrisida bayonot berishi mumkin. Shunday bayonot bermagan ishtirokchi davlatga taaluqli boʻlgan har qanday axborotlarni Qoʻmita qabul qilmaydi.
2. Qoʻmita ushbu moddaga binoan anonim boʻlgan yoki uning fikricha, shunday xabarlarni berish huquqini suiisteʼmol qilgan yoki ushbu Konvensiya qoidalariga toʻgʻri kelmaydigan har qanday axborotni nomaqbul deb hisoblaydi.
3. Qoʻmita ikkinchi bandni hisobga olgan holda ushbu moddaga Muvofiq ravishda unga berilgan axborotni birinchi bandga koʻra bayonot bergan va goʻyoki Konvensiyaning u yoki bu qoidalarini buzayotgan ushbu Konvensiyaning ishtirokchi davlatiga maʼlum qiladi. Axborotni olgan davlat olti oy mobaynida Qoʻmitaga masalani va shu davlat tomonidan qabul qilinadigan har qanday tadbirlarni aniqlashtiradigan yozma tushuntirish yoki ariza taqdim etadi.
4. Qoʻmita ushbu moddaga muvofiq olingan xabarlarni unga mazkur shaxs tomonidan yoki uning nomidan va tegishli ishtirokchi davlat tomonidan taqdim etilgan butun axborotlar asosida koʻrib chiqadi.
5. Qoʻmita agar u quyidagilarga amin boʻlmasa, ushbu moddaga koʻra qandaydir shaxsdan olingan hech bir axborotni koʻrib chiqmaydi:
a) xuddi shu masala xalqaro tergov yoki bartaraf etish boʻyicha qaysidir boshqa marosimda koʻrib chiqilmagan va koʻrib chiqilmayapti;
b) mazkur shaxs mavjud ichki huquq himoyasining barcha choralarini tugatgan; bu qoida shu tadbirlarni qoʻllash asossiz choʻziladigan yoki shu Konvensiyani buzish qurboni boʻlgan shaxsga samarali yordam berishi gumon sanalgan hollarda harakat qilmaydi.
6. Ushbu modda boʻyicha axborotlarni koʻrib chiqishda Qoʻmita yopiq majlislar oʻtkazadi.
7. Qoʻmita tegishli ishtirokchi davlat va mazkur shaxsga oʻz fikrlarini bildiradi.
8. Ushbu moddaning qoidalari ushbu Konvensiyaning beshta ishtirokchi davlati mazkur moddaning birinchi bandiga muvofiq ariza berganda amalga kiritiladi. Bunday arizalar ishtirokchi davlatlar tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibiga saqlash uchun beriladi, u ularning nusxalarini qolgan ishtirokchi davlatlarga joʻnatadi. Ariza istalgan vaqtda Bosh kotib nomiga bildirishnoma joʻnatish vositasida chaqirib olinishi mumkin. Arizani bunday chaqirib olish ushbu moddaga binoan berilib boʻlingan axborot mavzui sanalgan istalgan masalani koʻrib chiqishga zarar keltirmasligi lozim; har qanday shaxs tomonidan yoki uning nomidan joʻnatiladigan hech qanday keyingi xabarlar ushbu moddaga muvofiq, Bosh kotib tomonidan arizani chaqirib olish toʻgʻrisida bildirishnoma olingandan keyin, agar tegishli ishtirokchi davlat yangi ariza bermasa, qabul qilinmaydi.
