20-modda
Qiynoqlarga hamda muomala va jazolashning boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan turlariga qarshi · Sana: 10.12.1984 · Amalda
1. Agar Qoʻmita olgan toʻgʻri axborotda, uning fikricha, qaysidir ishtirokchi davlat hududida qiynoqlar muntazam qoʻllanilgani toʻgʻrisida toʻliq asosli maʼlumotlar boʻlsa, unda u ushbu ishtirokchi davlatga shu axborotni koʻrib chiqishda hamkorlik qilishni hamda shu maqsadda oʻzining mazkur axborotga nisbatan mulohazalarini bildirishni taklif qiladi.
2. Tegishli ishtirokchi davlat taqdim etadigan har xil mulohazalarni, shuningdek uning ixtiyoridagi ishga aloqador boshqa istalgan axborotlarni hisobga olgan holda Qoʻmita, agar u shuni maqsadga muvofiq deb topsa, maxfiy ravishda tekshirish oʻtkazish va Qoʻmitaga shoshilinch ravishda tegishli maʼruzani berish uchun oʻzining bir yoki bir necha aʼzolarini tayinlashi mumkin.
3. Agar ushbu moddaning ikkinchi bandiga binoan tekshiruv oʻtkazilsa, Qoʻmita tegishli ishtirokchi davlat bilan hamkorlik oʻrnatishga intiladi. Shu ishtirokchi davlat roziligi bilan bunday tekshiruv uning hududiga borib koʻrishni nazarda tutishi mumkin.
4. Shu moddaning ikkinchi bandiga muvofiq ana shu tekshiruv aʼzosi yoki aʼzolari tomonidan taqdim qilingan tekshiruv natijalari koʻrib chiqilgandan keyin Qoʻmita tegishli ishtirokchi davlatga bu natijalarni shu vaziyatda maqsadga muvofiq deb topiladigan istalgan mulohazalar yoki takliflar bilan qoʻshib joʻnatadi.
5. Qoʻmitaning ushbu moddaning birinchi — toʻrtinchi bandlarida eslatilgan butun ishi maxfiy tusdadir va bu ishning hamma bosqichlarida ishtirokchi davlat bilan hamkorlik qilishga intilish lozim. ikkinchi bandga binoan oʻtkazilgan tekshiruv nisbatan bu ish tugagach Qoʻmita tegishli ishtirokchi davlat bilan maslahatlashgandan keyin shu ish natijalari toʻgʻrisida qisqacha hisobotni 24-moddaga asosan tayyorlanadigan oʻzining har yilgi maʼlumotiga kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin.
