17-modda
Qiynoqlarga hamda muomala va jazolashning boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsitadigan turlariga qarshi · Sana: 10.12.1984 · Amalda
1. Qiynoqlarga qarshi qoʻmita (bundan keyin Qoʻmita deyiladi) tuziladi, u quyida nazarda tutilgan vazifalarni bajaradi. Qoʻmita yuksak maʼnaviy fazilatlarga ega va inson huquqlari sohasida vakolatli deb tan olingan hamda shaxs sifatida chiqadigan oʻnta ekspertdan iborat. Ekspertlar ishtirokchi davlatlar tomonidan saylanadi, bunda joʻgʻrofiy taqsimlanishga hamda huquqiy tajribasi boʻlgan bir nechta shaxsning ishtiroki maqsadga muvofiqligiga eʼtibor beriladi.
2. Qoʻmita aʼzolari ishtirokchi davlatlar tomonidan koʻrsatiladigan shaxslar roʻyxati hisobidan yashirin ovoz berish bilan saylanadi. Har bir ishtirokchi davlat oʻz fuqarolari hisobidan bitta nomzod koʻrsata oladi. Ishtirokchi davlatlar shuningdek Fuqarolik va siyosiy huquqlar toʻgʻrisida xalqaro paktga binoan taʼsis etilgan Inson huquqlari qoʻmitasining aʼzolari boʻlgan hamda Qiynoqlarga qarshi qoʻmitada ishlash istagini bildirgan shaxslarni koʻrsatish maqsadga muvofiqligini ham hisobga oladilar.
3. Qoʻmita aʼzolari saylovi Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi tomonidan ikki yilda bir marta chaqiriladigan ishtirokchi davlatlar kengashida oʻtkaziladi. Kvorumini ishtirokchi davlatlarning uchdan ikki qismi tashkil etadigan ana shu kengashlarda eng koʻp ovoz hamda Konvensiya ishtirokchi davlatlari vakillaridan ishtirok etgan va ovoz berishda qatnashganlarining mutloq koʻpchilik ovozini olganlar Qoʻmitaga saylangan nomzodlar boʻladi.
4. Dastlabki saylovlar ushbu Konvensiya amalga kiritilgan sanadan boshlab olti oydan kechikmay oʻtkaziladi. Navbatdagi saylovlar sanasidan hech boʻlmaganda toʻrt oy avval Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi ishtirokchi davlatlarga uch oylik muddatda ularning nomzodlarini takdim etish taklif qilingan xat joʻnatadi. Bosh kotib tayyorlaydigan roʻyxatga alifbo tartibida shu tarzda koʻrsatilgan shaxslar ularni koʻrsatgan ishtirokchi davlatlarni koʻrsatgan holda kiritiladi, Bosh kotib bu roʻyxatni ishtirokchi davlatlarga taqdim etadi.
5. Qoʻmita aʼzolari toʻrt yil muddatga saylanadi. Ular takror koʻrsatilgan taqdirda qayta saylanish huquqiga egadir. Ammo dastlabki saylovda saylangan besh aʼzoning vakolat muddati ikki yillik davr oxirida tugaydi, dastlabki saylovdan keyin darhol shu besh aʼzoning nomlari, kengash raisi tomonidan qurʼa tashlab aniqlanadi, bu hakda ushbu moddaning uchinchi bandida bayon etiladi.
