Tumandagi yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli avtomototransport vositalari va ularga tirkamalarni majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisida (245-son)
16.03.2015
Jizzax viloyati Mirzachoʻl tumani hokimining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 15-son, 197-modda) 17-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomiga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 1-2-son, 17-modda) muvofiq, transport vositalarining 2015-yilda majburiy texnik koʻrigini tashkil qilish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 320-modda) 6-moddasiga asosan qaror qilaman:
1. Tuman hududidagi barcha yuridik va jismoniy shaxslarga, shu jumladan xorijiy yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan va belgilangan tartibda Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati organlarida roʻyxatdan oʻtkazilgan avtotransport vositalari majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazilsin.
2. Texnik koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha tuman komissiyasining tarkibi 1-ilovaga, majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish jadvali 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Tumandagi barcha transport vositalari egalari boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslarga, shuningdek xorijiy yuridik va jismoniy shaxslarga transport vositalarini transport vositasini qayd etish guvohnomasi bilan birgalikda, oʻz vaqtida reja jadval asosida koʻrikdan oʻtkazish majburiyati yuklatilsin.
4. Transport vositalari quyidagi davriylikka muvofiq texnik koʻrikdan oʻtkazilsin:
a) tijorat asosida yoʻlovchilar tashish uchun foydalaniladigan yengil avtomobillar, avtobuslar va oʻtiriladigan joylar soni 8 ta va undan ortiq boʻlgan (haydovchining oʻrnidan tashqari), odamlarni muntazam tashish uchun jihozlangan yuk avtomobillari, yirik gabaritli, ogʻir vaznli va xavfli yuklarni tashish uchun maxsus transport vositalari va ularga tirkamalar — bir yilda ikki marta;
b) ishlab chiqarilganligiga besh yildan koʻp boʻlmagan (ishlab chiqarilgan yili ham shu jumlaga kiradi) transport vositalari (mazkur bandning “a” kichik bandida koʻrsatilgan transport vositalaridan tashqari) — ikki yilda bir marta;
v) ishlab chiqarilgan yilini hisobga olgan holda ishlab chiqarilganligiga besh yildan ortiq boʻlgan transport vositalari, shuningdek ishlab chiqarilgan vaqti aniqlanmagan transport vositalari (mazkur bandning “a” kichik bandida koʻrsatilgan transport vositalaridan tashqari) — bir yilda bir marta;
g) tirkamalar koʻrikka transport vositasi — shatakchi uchun belgilangan muddatlarda taqdim etiladi.
5. Qarorning 4-bandi “a” kichik bandida koʻrsatilgan transport vositalarning texnik koʻrigi:
birinchi marta — 1-mart — 30-iyunda;
ikkinchi marta — 1-sentabr — 31-oktabrda oʻtkazilishi inobatga olinsin.
Yuridik shaxslarga qarashli boʻlgan transport vositalarining texnik koʻrigi 14-martdan — 30-iyunga;
Jismoniy shaxslarga qarashli boʻlgan transport vositalarining texnik koʻrigi 14-martdan — 31-avgustga qadar oʻtkazilsin.
6. Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tuman komisssiyasi (A. Qoʻshmurodov)ga:
transport vositalarining texnik holati, ulardan foydalanish normalari va qoidalariga rioya etilishi ustidan samarali nazoratni tashkil etish;
transport vositalarining texnik holati va uskunalari yoʻl harakati xavfsizligi standartlari, qoidalari, normalariga muvofiqligini baholash vazifasi yuklatilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-son “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori 3-bandiga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligining ichki va soqchilik qoʻshinlari, Milliy xavfsizlik xizmatining harbiy boʻlinmalari transport vositalari koʻrsatib oʻtilgan idoralar tomonidan belgilangan tartibda majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazilishi inobatga olinsin.
8. Transport vositalari texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-son qarori bilan tasdiqlangan “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga muvofiq yigʻim undirilsin.
9. Tuman ichki ishlar boʻlimi (R. Tugalov) majburiy texnik koʻrik yakuni toʻgʻrisida tuman hokimligiga axborot taqdim etsin.
10. Ushbu qaror qabul qilinishi munosabati bilan tuman hokimining 2014-yil 4-martdagi 137-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining birinchi oʻrinbosari A. Aqboʻtayev zimmasiga, ijrosini tashkil etish tuman ichki ishlar boʻlimi boshligʻi R. Tugalov zimmasiga yuklatilsin.
12. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Hokim M. BOBOBEKOV
Mirzachoʻl t.,
2015-yil 16-mart,
245-son
Tuman hokimining 2015-yil 16-martdagi 245-sonli qaroriga 1-ILOVA
Texnik koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha tuman komissiyasining
TARKIBI
T/r Familiyasi va ismi Lavozimi 1. A. Qoʻshmurodov — Tuman IIB YHXB boshligʻi, leytenant – komissiya raisi 2. Q. Suyunov — Tuman IIB YHXB inspektori, kichik serjant – komissiya raisining oʻrinbosari 3. S. Saidov — DT “Xalq banki” tuman boʻlimi xodimi 4. Sh. Iskandarov — “Oʻzagrosugʻurta” DASK tuman boʻlimi boshligʻi 5. B. Prokofyev — “Mirzachoʻltrans” MChJ muhandisi
Tuman hokimining 2015-yil 16-martdagi 245-sonli qaroriga 2-ILOVA
Majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish
JADVALI
T/r Korxona va tashkilotlar nomi Transport vositalari soni Texnik koʻrikdan oʻtkazish sanasi Texnik koʻrikdan oʻtkazish joyi 1. Mirzachoʻl tuman hokimiyati 3 20.03.2015-yil “Umid avtotexservis” MChJ 2. Gagarin oʻrmon tajriba stansiyasi 1 20.03.2015-yil “Umidavtotexservis” MChJ 3. “Doʻstlikneftbaza” Irjar filiali 2 20.03.2015-yil “Umid avtotexservis” MChJ 4. “Qishloxxoʻjalikkimyo” tuman filiali 2 20.03.2015-yil “Umid avtotexservis” MChJ 5. Mirzachoʻl TYXTFPK 3 20.03.2015-yil Korxona avtogaraji 6. Mirzachoʻldavsuvmaxsuspudrat 10 25.03.2015-yil Korxona avtogaraji 7. DT “Xalq banki” Mirzachoʻl filiali 2 27.03.2015-yil “Umid avtotexservis” MChJ 8. MK “Vatanparvar” tashkiloti 4 27.03.2015-yil Tashkilot avtogaraji 9. Tuman moliya boʻlimi 2 27.03.2015-yil “Umid avtotexservis” MChJ 10. Tuman obodonlashtirish boshqarmasi 3 27.03.2015-yil “Umid avtotexservis” MChJ 11. Mirzachoʻl tuman tibbiyot birlashmasi 4 28.03.2015-yil Birlashma avtoparkida 12. Tuman pochta boʻlimi 1 07.04.2015-yil “Umid avtotexservis” MChJ 13. Mirzachoʻl tuman elektr tarmoqlari 1 07.04.2015-yil Korxona avtogaraji 14. Mirzachoʻl tuman gaz filiali 3 07.04.2015-yil Korxona avtogaraji 15. Mirzachoʻl Qishloq xoʻjalik KHK 3 07.04.2015-yil “Umid avtotexservis” MChJ 16. Mirzachoʻl Agro-iqtisodiyot KHK 1 07.04.2015-yil “Umid avtotexservis” MChJ 17. Mirzachoʻl SIU va fermer xoʻjaliklari 3 05.05.2015-yil “Umid avtotexservis” MChJ 18. Abay SIU va fermer xoʻjaliklari 2 05.05.2015-yil “Umid avtotexservis” MChJ 19. Toshkent SIU va fermer xoʻjaliklari 7 12.05.2015-yil “Umid avtotexservis” MChJ 20. Paxtazor SIU va fermer xoʻjaliklari 5 26.05.2015-yil “Umid avtotexservis” MChJ 21. Oʻzbekiston SIU va fermer xoʻjaliklari 2 02.06.2015-yil “Umid avtotexservis” MChJ 22. “Mirzachoʻltrans” MChJ 16 02.06.2015-yil Jamiyat avtogaraji 23. Mirzachoʻl tuman hududidagi xususiy korxonalar 7 09.06.2015-yil “Umid avtotexservis” MChJ 24. Viloyat reabilitatsiya qilish shifoxonasi 1 16.06.2015-yil “Umid avtotexservis” MChJ 25. Yangidala SIU va fermer xoʻjaliklari 3 19.06.2015-yil “Umid avtotexservis” MChJ
