3-modda. Asosiy tushunchalar
Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-386-son) · Sana: 26.05.2015 · Amalda
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
jabrlanuvchi — sogʻligʻi va (yoki) mol-mulkiga zarar yetkazilgan, sugʻurta tovoni olish huquqiga ega boʻlgan yoʻlovchi;
yoʻlovchi — tashuvchining xizmatlaridan foydalanuvchi jismoniy shaxs;
yoʻlovchining mol-mulki — bagaj va yoʻlovchining oʻzi bilan birga tashiyotgan qoʻl yuki;
naf oluvchi — yoʻlovchi sugʻurta hodisasi tufayli vafot etgan taqdirda, sugʻurta tovonini olish huquqiga ega boʻlgan shaxs;
sugʻurtalovchi — tijorat tashkiloti boʻlgan, majburiy sugʻurta qilishni amalga oshirishga haqli yuridik shaxs;
sugʻurta summasi — muayyan summa boʻlib, sugʻurtalovchi sugʻurta tovonini (sugʻurta toʻlovini) sugʻurta shartnomasi boʻyicha ushbu summa doirasida toʻlash majburiyatini oʻz zimmasiga oladi;
sugʻurta hodisasi — tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish shartnomasi amal qilishi davrida yoʻlovchilarning hayoti, sogʻligʻi va (yoki) mol-mulkiga zarar yetkazilganligi uchun tashuvchining fuqarolik javobgarligi yuzaga kelganligining belgilangan tartibda tasdiqlangan fakti;
tashuvchi — mulk huquqi asosida yoki boshqa qonuniy asoslarda transport vositasiga egalik qiladigan, qonunchilikka muvofiq yoʻlovchilarni hamda ularning mol-mulkini tijorat asosida tashish boʻyicha xizmatlar koʻrsatadigan va buning uchun tegishli litsenziyaga ega boʻlgan yoxud ruxsat etish xususiyatiga ega hujjati boʻlgan yuridik shaxs yoki yakka tartibdagi tadbirkor.
