19-modda. Sugʻurtalovchiga qoʻyiladigan talablar
Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-386-son) · Sana: 26.05.2015 · Amalda
Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilishni amalga oshirish uchun sugʻurtalovchi majburiy sugʻurta boʻyicha sugʻurta faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi tegishli litsenziyaga ega boʻlishi kerak.
Sugʻurtalovchi Qoraqalpogʻiston Respublikasida, viloyatlarda va Toshkent shahrida tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish shartnomasini tuzishga, tashuvchilar, jabrlanuvchilar va naf oluvchilarning sugʻurta tovoni haqidagi talablarini koʻrib chiqishga hamda sugʻurta tovonini amalga oshirishga vakolatli oʻz filiallariga ega boʻlishi kerak.
Majburiy sugʻurta qilishni amalga oshirishda raqobatni cheklashga yoki bartaraf etishga, ayrim sugʻurtalovchilarga boshqalariga nisbatan asossiz afzalliklar berishga yoki ayrim sugʻurtalovchilarning boshqalariga nisbatan asossiz afzalliklar olishiga, tashuvchilar, jabrlanuvchilar va naf oluvchilarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini kamsitishga qaratilgan faoliyatni amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
