14-modda. Sugʻurta tovonini toʻlash tartibi
Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-386-son) · Sana: 26.05.2015 · Amalda
Sugʻurtalovchining sugʻurta tovonini toʻlash haqidagi yoki toʻlashni rad etish toʻgʻrisidagi qarori tashuvchi sugʻurta tovonini toʻlash talabi koʻrsatilgan yozma yoki elektron shakldagi ariza bilan murojaat etganidan keyin oʻn besh kundan kechiktirmay chiqarilishi hamda tashuvchiga xabar qilinishi kerak. Sugʻurtalovchining sugʻurta tovonini toʻlashni rad etish toʻgʻrisidagi qarorida rad etishning asoslantirilgan sabablari koʻrsatilgan boʻlishi lozim.
Sugʻurta tovoni sugʻurtalovchi sugʻurta tovonini toʻlash toʻgʻrisida qaror qabul qilgan kundan eʼtiboran besh ish kunidan kechiktirmay bevosita jabrlanuvchiga yoki naf oluvchiga toʻlanadi.
Agar sugʻurta tovonini toʻlash ushbu moddada belgilangan muddatda amalga oshirilmagan boʻlsa, sugʻurtalovchi sugʻurta tovonini toʻlash toʻgʻrisida qaror qabul qilingan kundagi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining asosiy stavkasidan kelib chiqqan holda jabrlanuvchiga yoki naf oluvchiga sugʻurta tovoniga qoʻshimcha ravishda penya toʻlaydi.
Agar tashuvchi yoʻlovchining hayoti, sogʻligʻi va (yoki) mol-mulkiga yetkazilgan zararning oʻrnini sugʻurtalovchining yozma yoki elektron shakldagi roziligiga koʻra oʻz hisobidan qoplasa, sugʻurtalovchi tashuvchiga sugʻurta tovonini mazkur zararning oʻrnini qoplash tartibida tashuvchi amalga oshirgan toʻlovlarni tasdiqlovchi hujjatlar tashuvchi tomonidan taqdim etilganidan keyin toʻlaydi.
Agar tashuvchi yoʻlovchining hayoti, sogʻligʻi va (yoki) mol-mulkiga yetkazilgan zararning oʻrnini sugʻurtalovchining yozma yoki elektron shakldagi roziligisiz har qanday usulda qoplagan boʻlsa yoki yetkazilgan zararning oʻrnini qoplashni vaʼda qilgan boʻlsa, tashuvchining bu harakatlari sugʻurtalovchi uchun majburiyatlarni keltirib chiqarmaydi.
Yoʻlovchining hayotiga yoki sogʻligʻiga yetkazilgan zararning oʻrnini qoplash hisobiga boshqa manbalardan jabrlanuvchi yoki naf oluvchi tomonidan olingan toʻlovlar sugʻurtalovchining sugʻurta tovonini toʻlash boʻyicha majburiyatlarini kamaytirmaydi.
Agar tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish obyekti bir vaqtning oʻzida ixtiyoriy sugʻurta boʻyicha ham sugʻurtalangan boʻlsa, ixtiyoriy sugʻurta boʻyicha sugʻurta tovoni majburiy sugʻurta boʻyicha sugʻurta tovonini toʻlash shartlaridan qatʼi nazar toʻlanadi.
Yoʻlovchining hayoti, sogʻligʻi va (yoki) mol-mulkiga yetkazilgan, oʻrni qoplanishi lozim boʻlgan zarar miqdori toʻliq aniqlanguniga qadar, sugʻurtalovchi sugʻurta tovonining mazkur zararning amalda aniqlangan qismiga muvofiq boʻlgan qismini tashuvchining arizasiga koʻra toʻlashga haqli.
