12-modda. Sugʻurta tovoni
Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sugʻurta qilish toʻgʻrisida (O‘RQ-386-son) · Sana: 26.05.2015 · Amalda
Sugʻurta tovoni yoʻlovchilarning hayoti, sogʻligʻi va (yoki) mol-mulkiga yetkazilgan zarar miqdorida, lekin sugʻurta summasi miqdoridan koʻp boʻlmagan miqdorda toʻlanadi.
Yoʻlovchilarning hayoti, sogʻligʻi va (yoki) mol-mulkiga yetkazilgan zarar miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda aniqlanadi.
Sugʻurtalovchi yoʻlovchilarning hayoti, sogʻligʻi va (yoki) mol-mulkiga yetkazilgan zararni bartaraf qilish va (yoki) kamaytirish yuzasidan tashuvchining tashabbusiga yoki sugʻurtalovchining talabiga koʻra kechiktirib boʻlmaydigan choralar koʻrilishi munosabati bilan tashuvchining yuzaga kelgan barcha bildirilgan va isbotlanadigan xarajatlari oʻrnini hatto bu choralar muvaffaqiyatsiz boʻlgan hollarda ham qoplaydi. Bunda sugʻurta tovonining va tashuvchi mazkur xarajatlarining umumiy summasi sugʻurta summasi miqdoridan ortiq boʻlishi mumkin emas.
Sugʻurta tovoni sud xarajatlarining, shuningdek jarimalar va boshqa shu kabi toʻlovlarning oʻrnini qoplamaydi.
