Tumandagi transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisida (243-son)
15.04.2015
Jizzax viloyati Forish tumani hokimining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 15-son 197-modda) 17-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomiga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 1-2-son, 17-modda) muvofiq, transport vositalarining 2015-yilgi texnik koʻrigini tashkil qilish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining 6-moddasiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashning Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 320-modda) asosan qaror qilaman:
1. Tuman hududidagi barcha yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan avtomototransport vositalari va ularga tirkamalar majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazilsin.
2. Majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha tuman komissiyasining tarkibi 1-ilovaga muvofiq;
Majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish jadvali 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Tumandagi barcha transport vositalari egalari boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslarga transport vositalarini texnik pasporti bilan birgalikda, oʻz vaqtida reja jadval asosida koʻrikdan oʻtkazish majburiyati yuklatilsin.
4. Transport vositalari quyidagi davriylikka muvofiq texnik koʻrikdan oʻtkazilsin:
tijorat asosida yoʻlovchilar tashish uchun foydalaniladigan yengil avtomobillar, avtobuslar va oʻtiriladigan joylar soni 8 ta va undan ortiq boʻlgan (haydovchining oʻrnidan tashqari), odamlarni muntazam tashish uchun jihozlangan yuk avtomobillari, yirik gabaritli, ogʻir vaznli va xavfli yuklarni tashish uchun maxsus transport vositalari va ularga tirkamalar — bir yilda ikki marta;
ishlab chiqarilganligiga besh yildan koʻp boʻlmagan (ishlab chiqarilgan yili ham shu jumlaga kiradi) transport vositalari (mazkur bandning ikkinchi xatboshida koʻrsatilgan transport vositalaridan tashqari) — ikki yilda bir marta;
ishlab chiqarilgan yilini hisobga olgan holda ishlab chiqarilganligiga besh yildan ortiq boʻlgan transport vositalari, shuningdek ishlab chiqarilgan vaqti aniqlanmagan transport vositalari (mazkur bandning ikkinchi xatboshida koʻrsatilgan transport vositalaridan tashqari) — bir yilda bir marta;
tirkamalar koʻrikka transport vositasi — shatakchi uchun belgilangan muddatlarda taqdim etiladi.
5. Qarorning 4-bandi ikkinchi xatboshida koʻrsatilgan transport vositalarning texnik koʻrigi:
birinchi marta — 1-mart — 30-iyunda;
ikkinchi marta — 1-sentabr — 31-oktabrda oʻtkazilishi inobatga olinsin.
Yuridik shaxslarga qarashli boʻlgan transport vositalarining texnik koʻrigi 14-apreldan — 30-iyunga qadar;
Jismoniy shaxslarga qarashli boʻlgan transport vositalarining texnik koʻrigi 14-apreldan — 31-avgustga qadar oʻtkazilsin.
6. Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tuman komissiyasi (B. Imomnazarov)ga:
transport vositalarining texnik holati, ulardan foydalanish normalari va qoidalariga rioya etilishi ustidan samarali nazoratni tashkil etish;
transport vositalarining texnik holati va uskunalari yoʻl harakati xavfsizligi standartlari, qoidalari, normalariga muvofiqligini baholash vazifasi yuklatilsin.
7. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-son “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligining ichki va soqchilik qoʻshinlari, Milliy xavfsizlik xizmatining harbiy boʻlinmalari transport vositalari koʻrsatib oʻtilgan idoralar tomonidan belgilangan tartibda majburiy texnik koʻrikdan oʻtkaziladi.
8. Transport vositalari texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-son qarori bilan tasdiqlangan “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga muvofiq yigʻim undirilsin.
9. Tuman ichki ishlar boʻlimi (Sh. Qurbonov) majburiy texnik koʻrik yakuni toʻgʻrisida tuman hokimligiga axborot taqdim etsin.
10. Ushbu qaror qabul qilinishi munosabati bilan tuman hokimining 2014-yil 7-fevraldagi 73-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining birinchi oʻrinbosari T. Nurullayev zimmasiga, ijrosini tashkil etish tuman ichki ishlar boʻlimi boshligʻi Sh. Qurbonov zimmasiga yuklatilsin.
12. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Hokim P. MAXATOV
Forish t.,
2015-yil 15-aprel,
243-son
Tuman hokimining 2015-yil 15-apreldagi 243-sonli qaroriga 1-ILOVA
Majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha tuman komissiyasining
TARKIBI
B. Imomnazarov — tuman IIB YHXG katta inspektori, katta serjant, komissiya raisi A. Xaydarov — tuman mudofaa ishlari boʻlimi boshligʻi v/b, komissiya raisi oʻrinbosari aʼzolari: A. Rizayev — tuman tabiatni muhofaza qilish inspeksiyasi boshligʻi K. Musayev — “Oʻzagrosugʻurta” DASK tuman boʻlimi raisi K. Ikromov — DT “Xalq banki” tuman boʻlimi boshqaruvchisi
Tuman hokimining 2015-yil 15-apreldagi 243-sonli qaroriga 2-ILOVA
Majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish
JADVALI
T/r Korxona, tashkilot, idora, xoʻjalik, kichik va xususiy korxonalar nomi Koʻrikdan oʻtish sanasi Koʻrikdan oʻtish joyi 1. Tuman hokimligi 17.04.2015-yil YHXG maskani 2. Tuman moliya boʻlimi 20.04.2015-yil YHXG maskani 3. Tuman qishloq va suv xoʻjalik boʻlimi 22.04.2015-yil YHXG maskani 4. “Omonkeldi” shirkat xoʻjaligi 24.04.2015-yil Xoʻjalik avtogaraji 5. “A. Yerimbetov” shirkat xoʻjaligi 27.04.2015-yil Xoʻjalik avtogaraji 6. “Darboza” shirkat xoʻjaligi 29.04.2015-yil Xoʻjalik avtogaraji 7. Tuman elektr taʼminoti korxonasi 01.05.2015-yil Korxona avtogaraji 8. Sanitariya Epidemiologiya nazorati markazi 01.05.2015-yil YHXG maskani 9. Tuman tibbiyot birlashmasi 04.05.2015-yil TTB maskani 10. Forish tuman YXTFPK 06.05.2015-yil Korxona avtogaraji 11. “Forishtumangaz” filiali 08.05.2015-yil Tashkilot avtogaraji 12. “Nurota” davlat qoʻriqxonasi 11.05.2015-yil YHXG maskani 13. Obodonlashtirish boshqarmasi 13.05.2015-yil YHXG maskani 14. “Kommunal foydalanish” MChJ 15.05.2015-yil YHXG maskani 15. Tumandagi barcha kasb-hunar kollejlari 18.05.2015-yil YHXG maskani 16. Oʻrmon xoʻjaligi 20.05.2015-yil YHXG maskani 17. “Forish” shirkat xoʻjaligi 22.05.2015-yil Xoʻjalik avtogaraji 18. “Forish-Qoʻlba” xususiy firmasi 25.05.2015-yil YHXG maskani 19. 11-MKK MChJ 27.05.2015-yil Xoʻjalik avtogaraji 20. “Karbonat” HJ 29.05.2015-yil Jamiyat avtogaraji 21. Maishiy xizmat QXK 29.05.2015-yil YHXG maskani 22. 1-Avtokorxona Uchquloch koni 29.05.2015-yil Korxona avtogaraji 23. Jismoniy shaxslarga tegishli transport vositalari 14.04-31 08.2015 1 yilga qadar YHXG maskani
Eslatma: Korxona va tashkilotlar rahbarlari majburiy texnik koʻrigini oʻtkazishda 10 kun oldin transport vositalarining umumiy roʻyxatini YHXGga berishlari, hisobdan chiqarilgan va sotilgan transport vositalarini Viloyat IIB YXHB RIB dan hisobdan chiqarishlari va haydovchilarni tibbiy koʻrikdan toʻliq oʻtishini taʼminlashlari shart. Bundan tashqari, har bir transport vositasi uchun toʻlanadigan toʻlov pullari tegishli hisob raqamlariga oʻtkazilishi lozim boʻladi.
Shaxsiy transport vositalari egalari har kuni soat 9-00 dan 18-00 gacha transport vositalarini texnik koʻrikdan oʻtkazish uchun Forish tuman IIB YHXG binosiga kelishlari mumkin.
