Savdo va iqtisodiy hamkorlik toʻgʻrisida
24.05.1993
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Hindiston Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Quyida “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Hindiston Respublikasi Hukumati,
oʻzlarining tarixan tarkib topgan doʻstona munosabatlarini va hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirishga intilib,
teng huquqli va oʻzaro manfaatli asoslarda har ikki davlat oʻrtasida savdo va iqtisodiy munosabatlarni mustahkamlashni istab,
oʻzlarining milliy qonunlari va xalqaro huquq asosida iqtisodiy, sanoat va ilmiy-texnikaviy hamkorlikni kengaytirishga koʻmaklashishni koʻzlab,
ikki tomonlama savdo, iqtisodiy hamkorlik masalalari boʻyicha 1992-yil 29-oktabrda Toshkent shahrida imzolangan oʻzaro anglashuv Memorandumi qoidalariga asoslanib,
quyidagilar xususida kelishib oldilar:
1-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar amaldagi oʻz qonun-qoidalariga muvofiq uzoq muddatli va barqaror asosda ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo va iqtisodiy hamkorlikka koʻmaklashadilar.
2-modda
a) Ahdlashuvchi Tomonlar import va eksport qilish huquqlariga, bojxona soliqlariga va tovarlarni import, eksport yoki tranzit qilishda olinadigan barcha boshqa yigʻim va soliqlarga nisbatan bir-birlariga mumkin qadar koʻp qulaylik tartibotini yaratib beradilar.
b) Ahdlashuvchi Tomonlar basharti oʻz qonun-qoidalarida koʻzda tutilgan boʻlsa, bir-birlarini qulaylik jihatdan har qanday boshqa mamlakat uchun yaratiladigan sharoitlardan kam boʻlmagan shartlarga muvofiq litsenziya yoki ruxsatnomalar bilan taʼminlaydilar.
3-modda
Ahdlashuvchi Tomonlardan birining uchinchi davlat hududida ishlab chiqilgan yoki qayta yuboriladigan biron-bir tovar uchun beradigan har qanday imtiyozlari, yengilliklari va qulay shartlari yoki daxlsizligi boshqa Tomon hududida ishlab chiqilgan yoki u yerga yuborilgan huddi shu yoʻsindagi tovarlarga nisbatan ham toʻliq hajmda joriy etiladi.
4-modda
Quyidagi hollarda 2 va 3-moddalarning qoidalari amal qilmaydi, qachonki:
a) chegara yaqinida savdo-sotiqqa koʻmaklashish maqsadida Tomonlardan biri chegara yaqinidagi mamlakatlarga imtiyozlar bersa;
b) Tomonlardan biri boshqa har qanday davlatga yaratib bergan imtiyozlar va yengilliklar ushbu Bitim imzolangunga qadar mavjud boʻlgan boʻlsa yoki 1947-yil 10-aprelgacha mavjud boʻlgan bunday imtiyozlar oʻrniga kiritilgan boʻlsa;
v) rivojlanayotgan mamlakatlarga yordam berish uchun tuzilgan va Tomonlardan biri qoʻshilgan yoki qoʻshilishi mumkin boʻlgan rivojlanayotgan mamlakatlar oʻrtasida savdo va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish dasturi boʻyicha imtiyoz va yengilliklar berilsa;
g) yengilliklar va imtiyozlar Tomonlardan birining bojxona uyushmasi va/ yoki erkin savdo chegrasiga aʼzoligi yoki aʼzo boʻlishi munosabati bilan kelib chiqsa.
5-modda
Tomonlar oʻzlarining jismoniy va yuridik shaxslari oʻrtasida delegatsiyalar va tadbirkorlarning tashriflari bilan almashish, yarmarka va koʻrgazmalarda ishtirok etish, maʼlumotlar ayirboshlash kabi aloqalarni ragʻbatlantiradilar va qoʻllab- quvvatlaydilar.
Tomonlar bir-birlarining hududlarida oʻz qonun-qoidalariga muvofiq tashqi savdo tashkilotlarining filiallari, shirkatlar, firmalar, banklar va boshqa muassasalarning ochilishiga yordam beradilar.
6-modda
Tomonlar tegishli tashkilotlar, firmalar va ilmgohlarning qoʻshma korxonalar tuzish, toʻgʻridan toʻgʻriinvestitsiyalarni amalga oshirsh, texnologiya va “nou-xau”ni, chunonchi eng rivojlangan va ekologik jihatdan munosib texnologiyani taqdim etish, umumiy manfaat sohasida, xususan infrastruktura va qishloq xoʻjalik mahsulotlarini qayta ishlash, mashinasozlik, yengil sanoat, minerallar, neft va gazni qayta ishlash, farmatsevtika va tibbiy sanoat, qurilish, jumladan qurilish materiallarini ishlab chiqarish, energiya taʼminoti, kommunikatsiya, atrof muhitni va ekologiyani muhofaza qilish, sanoat, bank, moliya va marketing xizmatlari orqali iqtisodiy, sanoat va ilmiy-texnikaviy hamkorliklariga, jumladan ularning korxonalari, xususan kichik va oʻrta korxonalari oʻrtasidagi hamkorlikka koʻmaklashdilar.
7-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar kichik va oʻrta korxonalarning iqtisodiy hamkorlikda, xususan kichik korxonalarni rivojlantirish sohasida faol ishtirok etishiga koʻmaklashadilar va ushbu maqsadlarda zarur chora-tadbirlarni koʻradilar.
8-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar, xodimlarni, jumladan ekspert va menejerlarni birinchi navbatda tashqi savdo, xoʻjalik tadbirkorligi, kichik biznes, bank, sugʻurta va moliya ishlari sohalariga oʻrgatishdagi hamkorlikka koʻmaklashadilar.
9-modda
Tovarlar va xizmatlar koʻrsatishni import va eksport qilish jismoniy va yuridik shaxslar oʻrtasida ularning qonunlari va xalqaro savdo amaliyotiga muvofiq jahon baholari boʻyicha tuzilgan shartnomalar asosida amalga oshiriladi. Ushbu bitimlar yuzasidan jismoniy va yuridik shaxslarning majburiyatlari uchun Ahdlashuvchi Tomonlardan biron-biri javob bermaydi.
10-modda
Basharti, har ikki Ahdlashuvchi Tomon boshqacha tarzda alohida kelishib olmagan boʻlsa, Oʻzbekiston bilan Hindiston oʻrtasida tijoriy va notijoriy yoʻsindagi barcha hisob-kitoblar erkin muomaladagi valyutada amalga oshiriladi.
11-modda
Har ikki davlatning jismoniy va yuridik shaxslari tovar va xizmatlarni bir mamlakatdan ikkinchisiga muqobil savdo, badal tarzida toʻlanadigan bitimlar, lizing, “kim-oshdi” savdosi yoki xalqaro miqyosda eʼtirof etilgan amaliy hamkorlikning boshqa har qanday shakllari asosida import va eksport qilishda erkindirlar.
12-modda
Savdo, iqtisodiy, ilmiy va texnikaviy hamkorlik boʻyicha Oʻzbek-Hind hukumatlararo komissiyasi vaqti-vaqti bilan ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo va iqtisodiy hamkorlikni qaytadan koʻrib chiqishi va ushbu Bitimni tatbiq etishga doir tavsiyanomalar taklif etishi mumkin.
13-modda
Ushbu Bitimning tegishlicha bajarilishini taʼminlash maqsadida hamda uni sharhlash va tatbiq etish chogʻida tugʻilishi mumkin boʻlgan kelishmovchiliklarni hal etish uchun Tomonlardan biron-birining talabiga binoan Ahdlashuvchi Tomonlar maslahatlashuvlar oʻtkazib turadilar.
14-modda
a) Ushbu Bitim imzolangan kundan boshlab kuchga kiradi va besh yil mobaynida amal qiladi.
b) Basharti, Tomonlardan biri Bitimning amal qilish muddati tugashiga kamida 6 oy qolguncha uning amal qilishini toʻxtatish niyatini ikkinchi Tomonga yozma ravishda bildirmasa, ushbu Bitimning amal qilish muddati oʻz-oʻzidan keyingi bir yillik muddatlarga uzayaveradi. Ushbu Bitimning shartlari va muddatlari uning amal qilishi jarayonida tuzilgan va amal qilish muddati tugagunga qadar toʻliq bajarilmagan barcha shartnomalarga nisbatan tatbiq etilaveradi.
v) Ushbu Bitim Tomonlarning oʻzaro kelishuviga binoan toʻldirilishi mumkin.
Ushbu Bitim Toshkent shahrida 1993-yil 24-may kuni ikki asl nusxada, har biri oʻzbek, hind va ingliz tillarida imzolandi. Barcha matnlar teng kuchga ega. Matnlarga nisbatan shak-shubha tugʻilsa, ingliz tilidagi matn ustunlik qiladi.
(imzolar)
