11-modda. Elektron tijorat ishtirokchisining huquq va majburiyatlari
“Elektron tijorat toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida (O‘RQ-385-son) · Sana: 22.05.2015 · Amalda
Elektron tijorat ishtirokchisi quyidagi huquqlarga ega:
elektron tijorat maqsadida ishlab turgan axborot resurslarida ofertani joylashtirish (taklif etish);
elektron tijoratdagi shartnomalarni tuzish yoʻli bilan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilish yoki olish;
elektron hujjatlar va elektron xabarlarni axborot vositachilariga saqlash uchun topshirish.
Elektron tijorat ishtirokchisi — tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotuvchi:
elektron tijoratda tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishda raqobat toʻgʻrisidagi va isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish haqidagi qonunchilik talablariga rioya etishi;
qonunchilikka muvofiq elektron hujjatlar va elektron xabarlarning saqlanishini taʼminlashi;
elektron tijorat sohasidagi standartlar, normalar va qoidalarga rioya etishi shart.
Elektron tijorat ishtirokchisi — tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) sotuvchi davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan eʼtiboran, faoliyatning litsenziyalanadigan turini amalga oshirgan taqdirda esa tegishli litsenziyani olgan paytdan eʼtiboran elektron tijoratni amalga oshirish huquqiga ega.
Elektron tijorat ishtirokchisi qonun hujjatlariga hamda shartnomaga muvofiq boshqa huquqlarga ega boʻlishi va uning zimmasida oʻzga majburiyatlar boʻlishi mumkin.
