Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 100 yoshga toʻlgan va undan oshgan fuqarolar pensiyasiga qoʻshimcha toʻlovni belgilash, toʻlash va moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida (2675-son)
21.05.2015
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI IChKI IShLAR VAZIRLIGI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MUDOFAA VAZIRLIGI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI FAVQULODDA VAZIYATLAR VAZIRLIGI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MILLIY XAVFSIZLIK XIZMATI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT BOJXONA QOʻMITASINING
Qarori
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 21-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2675]
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 14-apreldagi PF-4715-son “Keksalarni ijtimoiy himoya qilish va moddiy qoʻllab-quvvatlashni yanada kuchaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati va Davlat bojxona qoʻmitasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 100 yoshga toʻlgan va undan oshgan fuqarolar pensiyasiga qoʻshimcha toʻlovni belgilash, toʻlash va moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Moliya vaziri R. AZIMOV
Toshkent sh.,
2015-yil 15-may,
43-son
Ichki ishlar vaziri A. AXMEDBAYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 15-may,
12-son
Mudofaa vaziri Q. BERDIYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 15-may,
6-son
Favqulodda vaziyatlar vaziri T. XUDAYBERGENOV
Toshkent sh.,
2015-yil 15-may,
4-son
Milliy xavfsizlik xizmati raisi R. INOYATOV
Toshkent sh.,
2015-yil 15-may,
54-son
Davlat bojxona qoʻmitasi raisi Z. DUSANOV
Toshkent sh.,
2015-yil 15-may,
01-02/5-20-son
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati va Davlat bojxona qoʻmitasining 2015-yil 15-maydagi 43, 12, 6, 4, 54, 01-02/5-20-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 100 yoshga toʻlgan va undan oshgan fuqarolar pensiyasiga qoʻshimcha toʻlovni belgilash, toʻlash va moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2015-yil 14-apreldagi PF-4715-son “Keksalarni ijtimoiy himoya qilish va moddiy qoʻllab-quvvatlashni yanada kuchaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi (bundan buyon matnda Pensiya jamgʻarmasi deb yuritiladi) mablagʻlari hisobidan 100 yoshga toʻlgan va undan oshgan fuqarolar pensiyasiga 2015-yilning 1-mayidan boshlab har oyda pensiyani hisoblashning bazaviy 100 foizi miqdorida qoʻshimcha toʻlov (bundan buyon matnda qoʻshimcha toʻlov deb yuritiladi) belgilash, toʻlash va moliyalashtirish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Qoʻshimcha toʻlov Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashab turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga toʻlanayotgan pensiyaga qoʻshib belgilanadi.
2. Qoʻshimcha toʻlov:
2015-yilning 1-mayiga qadar 100 yoshga toʻlgan va undan oshgan fuqarolarning pensiyasiga 2015-yilning may oyidan boshlab;
2015-yilning 1-mayidan keyin 100 yoshga toʻladigan fuqarolarning pensiyasiga shaxs 100 yoshga toʻlgan oydan keyingi oyning 1-sanasidan boshlab har oyda ariza taqdim etmasdan qoʻshib toʻlanadi.
3. Belgilangan pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori oʻzgarganda qoʻshimcha toʻlov pensiyani hisoblashning bazaviy miqdoriga mutanosib ravishda oʻzgartiriladi.
2-bob. Qoʻshimcha toʻlovni toʻlash
4. Qoʻshimcha toʻlovni toʻlash pensiyaga ustama haqlarning soni va miqdorlaridan qatʼi nazar, amalga oshiriladi.
5. Qoʻshimcha toʻlovni toʻlash fuqaroga toʻlanayotgan pensiyani toʻlash toʻxtatilganda yoki toʻxtatib turilganda belgilangan tartibda toʻxtatiladi yoki toʻxtatib turiladi.
6. Fuqaro tomonidan oʻz vaqtida talab qilib olinmagan qoʻshimcha toʻlovning hisoblangan summasi oʻtgan vaqt uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari va qarorlariga muvofiq pensiyani hisoblashning bazaviy miqdorlari oshirilishi hisobga olingan holda bir yoʻla toʻlanadi, biroq uni olish maqsadida murojaat qilishdan oldingi 12 oydan ortiq vaqt uchun emas.
7. Doimiy yashash uchun Oʻzbekiston Respublikasi tashqarisiga ketishgacha belgilangan qoʻshimcha toʻlov (Oʻzbekiston Respublikasi pensiya taʼminoti toʻgʻrisida xalqaro shartnomalar tuzgan davlatlar bundan mustasno) Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimiga ketish toʻgʻrisida ariza berilgan kundagi pensiyani hisoblashning bazaviy miqdoridan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi tashqarisiga joʻnab ketishdan 6 oy avval Oʻzbekiston Respublikasi milliy valyutasida toʻlanadi.
Qoʻshimcha toʻlov toʻlanadigan 6 oylik davr doimiy yashash uchun Oʻzbekiston Respublikasi tashqarisiga ketishdan avvalgi 6 oy uchun qoʻshimcha toʻlovni toʻlash arizada koʻrsatilgan sanadan boshlab hisoblab chiqiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi pensiya taʼminoti toʻgʻrisida xalqaro shartnomalar tuzgan Oʻzbekiston Respublikasi tashqarisidagi davlatga doimiy yashash uchun ketilgan kungacha tayinlangan qoʻshimcha toʻlov turar joyidan roʻyxatdan chiqqan oyning oxirigacha toʻlanadi.
8. Fuqaroga qoʻshimcha toʻlov uning xohishiga koʻra roʻyxatga olingan doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi boʻyicha toʻlanadi.
Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan chet el fuqarosi yoki fuqaroligi boʻlmagan shaxsga qoʻshimcha toʻlov yashash guvohnomasi yoki identifikatsiya ID-kartasi amal qiladigan muddat davomida toʻlanadi.
9. Fuqaroning vafoti munosabati bilan olinmay qolgan qoʻshimcha toʻlovni toʻlash “Fuqarolarning davlat pensiya taʼminoti toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 63-moddasida nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
3-bob. Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimlarida roʻyxatda turuvchi 100 yoshga toʻlgan va undan oshgan fuqarolar pensiyasiga qoʻshimcha toʻlovni moliyalashtirish
10. Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimlarida roʻyxatda turuvchi 100 yoshga toʻlgan va undan oshgan fuqarolarning pensiyasiga belgilangan qoʻshimcha toʻlov ularning pensiya miqdoriga qoʻshilgan holda toʻlov qaydnomalariga kiritiladi.
11. Pensiya jamgʻarmasining hududiy boshqarmalari Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimlarida hisoblangan qoʻshimcha toʻlov uchun mablagʻlarga boʻlgan ehtiyojni pensiya va nafaqa toʻlovlari uchun oylik umumiy talabnomada hisobga olgan holda har oyning 15-sanasiga qadar Pensiya jamgʻarmasining ijro etuvchi apparatiga taqdim etadi.
4-bob. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Elektron texnologiyalarini rivojlantirish markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va Davlat bojxona qoʻmitasida roʻyxatda turuvchi 100 yoshga toʻlgan va undan oshgan fuqarolar pensiyasiga qoʻshimcha toʻlovni moliyalashtirish
12. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Elektron texnologiyalarini rivojlantirish markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va Davlat bojxona qoʻmitasida hisobda turuvchi 100 yoshga toʻlgan va undan oshgan fuqarolarning pensiyasiga belgilangan qoʻshimcha toʻlov alohida toʻlov qaydnomalariga kiritilgan holda amalga oshiriladi.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Elektron texnologiyalarini rivojlantirish markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va Davlat bojxona qoʻmitasi tizimlariga kiruvchi hududiy tarkibiy boʻlinmalar har oyning 5-sanasiga qadar joriy toʻlov oyi uchun qoʻshimcha toʻlovlarga boʻlgan ehtiyojni aniqlaydi hamda ular roʻyxatdan oʻtgan hudud boʻyicha Pensiya jamgʻarmasining tegishli tuman (shahar) boʻlimlariga mazkur Nizomning 1-ilovasida belgilangan shaklda talabnoma hamda 2-ilovasida belgilangan shakldagi reyestrni taqdim etadi.
14. Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimlari talabnomaning toʻgʻri tuzilganligini reyestr bilan taqqoslaydi, zarur boʻlganda qoʻshimcha toʻlovni amalga oshirish uchun asos boʻlib hisoblangan hujjatlarni Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Elektron texnologiyalarini rivojlantirish markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va Davlat bojxona qoʻmitasi tizimlariga kiruvchi hududiy tarkibiy boʻlinmalardan talab qilish huquqiga ega.
15. Pensiya jamgʻarmasining tuman (shahar) boʻlimlari Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Elektron texnologiyalarini rivojlantirish markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va Davlat bojxona qoʻmitasi tizimlariga kiruvchi hududiy tarkibiy boʻlinmalar tomonidan taqdim etilgan talabnomalarga asosan har oyning 7-sanasiga qadar talabnomalarni Pensiya jamgʻarmasining hududiy boshqarmalariga yuboradi.
Pensiya jamgʻarmasining hududiy boshqarmalari esa talabnomalarni har oyning 10-sanasiga qadar Pensiya jamgʻarmasining ijro etuvchi apparatiga taqdim etadi.
16. Pensiya jamgʻarmasining ijro etuvchi apparati taqdim etilgan talabnomalarga asosan mablagʻlarni joriy toʻlov oyining 15-sanasiga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Gʻaznachiligi boʻlinmalari tomonidan Pensiya jamgʻarmasining tegishli hududiy boshqarmalari uchun ochilgan shaxsiy gʻazna hisobvaraqlariga moliyalashtiradi.
18. Pensiya jamgʻarmasi hududiy boshqarmalari mablagʻlarni taqdim etilgan talabnomalarga muvofiq 2 ish kunida Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Elektron texnologiyalarini rivojlantirish markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va Davlat bojxona qoʻmitasi tizimlariga kiruvchi tegishli hududiy tarkibiy boʻlinmalarga moliyalashtiradi.
5-bob. Yakuniy qoidalar
19. Qoʻshimcha toʻlovni toʻlashga ajratilgan mablagʻlardan maqsadli foydalanilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti davlat xavfsizlik xizmati, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Elektron texnologiyalarini rivojlantirish markazi, Oʻzbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi va Davlat bojxona qoʻmitasi tomonidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.
20. Mazkur Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 100 yoshga toʻlgan va undan oshgan fuqarolar pensiyasiga qoʻshimcha toʻlovni belgilash, toʻlash va moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qoʻmitasining 2019-yil 17-sentabrdagi 100, 78, 31, 26QQ, 19,01-02/5-56-sonli qarori (roʻyxat raqami 2675-1, 17.10.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2019-y., 10/19/2675-1/3961-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan 100 yoshga toʻlgan va undan oshgan fuqarolar pensiyasiga qoʻshimcha toʻlovni belgilash, toʻlash va moliyalashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Davlat bojxona qoʻmitasining 2019-yil 17-sentabrdagi 100, 78, 31, 26QQ, 19,01-02/5-56-sonli qarori (roʻyxat raqami 2675-1, 17.10.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 17.10.2019-y., 10/19/2675-1/3961-son)
