Moliya-sanoat guruhlarini tashkil etishning asosiy prinsiplari toʻgʻrisida
16.01.1996
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati va Turkmaniston Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati, bundan keyin “Tomonlar” deb ataluvchilar,
ishlab chiqarish, investitsiya, tijorat va moliya-kredit faoliyati sohasida oʻzaro aloqalarning zamonaviy shakllaridan foydalanishga muhim ahamiyat berib,
ikkala davlat manfaatlarida iqtisodiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish va rivojlantirish zarurligidan kelib chiqib,
sanoat ishlab chiqarishini barqarorlashtirish va yuksaltirish uchun zarur sharoitlarni yaratish, investitsiya sohasidagi faollikni oshirish hamda ilmiy-texnika taraqqiyoti yutuqlaridan samaraliroq foydalanish maqsadida,
ikkala davlat korxonalari va tashkilotlari oʻrtasidagi xoʻjalik, ilmiy-texnik hamda ishlab chiqarish-texnologik aloqalarni saqlash va ularni yangi asoslarda amalga oshirish maqsadida,
quyidagilar toʻgʻrisida kelishib oldilar:
1-modda
Tomonlar Oʻzbekiston Respublikasi va Turkmaniston xoʻjalik subyektlari bazasida moliya-sanoat guruhlarni tashkil etishda yordam beradilar.
Tomonlar moliya-sanoat guruhi deganda ishlab chiqarish faoliyatini birgalikda yuritish, texnologik va kooperatsiya aloqalarini qaror toptirish va rivojlantirish, foyda olish, ijtimoiy va iqtisodiy dasturlar hamda loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish maqsadida ishtirokchilarning sarmoyalarini birlashtirish asosida tashkil etilgan korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, kredit-moliya muassasalari va investitsiya muassasalari guruhini tushunadilar.
2-modda
Tomonlar moliya-sanoat guruhlar xoʻjalik subyektlari tomonidan taʼsischilarning oʻzaro kelishuvi boʻyicha ixtiyoriylik tartibida ikkala davlatdagi monopoliyaga qarshi qonunchilik talablariga muvofiq, shuningdek hukumatlararo bitimlar asosida tashkil etilishiga rozilik bildirdilar.
3-modda
Tomonlar moliya-sanoat guruhlarini ixtiyoriy tartibda shakllantirish quyidagi yoʻllar bilan amalga oshirilishini belgilaydilar:
guruhlar qatnashchilari tomonidan aksionerlik jamiyatining taʼsis etilishi;
guruhlar qatnashchilari tomonidan guruh tarkibiga kiruvchi korxonalar va moliya-kredit muassasalarning oʻzlariga tegishli boʻlgan aksiyalar paketlarini guruh qatnashchilaridan biri (bosh korxona)ga boshqarish uchun berilishi;
guruh qatnashchilaridan biri tomonidan boshqa korxonalar, shuningdek, guruh qatnashchisi boʻlayotgan muassasa va tashkilotlar aksiyalar paketlarining sotib olinishi.
4-modda
Tomonlar moliya-sanoat guruhlarini ixtiyoriy tartibda tashkil etishda amaldagi milliy qonunchilikda belgilangan cheklashlarga rioya qiladilar.
5-modda
Tomonlar moliya-sanoat guruhlarini hukumatlararo bitimlar asosida tashkil etishda hududida guruhlar roʻyxatga olinadigan davlatning vakolatli tashkilotlari shu guruhni tashkil etish loyihasini ekspertizadan oʻtkazishni milliy qonunchilikda belgilangan tartib va muddatlarda amalga oshirishidan kelib chiqadilar.
6-modda
Tomonlar moliya-sanoat guruhini tashkil etish loyihasini tayyorlash va uni ekspertizadan oʻtkazish maqsadida guruh qatnashchilari — xoʻjalik subyektlari toʻgʻrisidagi zarur axborotni olishda koʻmaklashadilar.
7-modda
Moliya-sanoat guruhini hukumatlararo bitim asosida tashkil etishda oʻzbekistonlik va turkmanistonlik qatnashchilar tarkibi, qatnashish shakllari, sarmoyalarni birlashtirish mexanizmlarini Tomonlardan har biri oʻz milliy qonunchiligiga muvofiq belgilaydi.
8-modda
Tomonlar moliya-sanoat guruhlarini roʻyxatdan oʻtkazish taʼsis hujjatlariga muvofiq hududida guruhning bosh korxonasi joylashadigan davlat vakolatli organlari tomonidan shu davlat qonunchiligida belgilangan tartibda amalga oshirilishiga kelishib oldilar.
9-modda
Tomonlar moliya-sanoat guruhlarini tashkil etishni va ular faoliyatini ragʻbatlantirish maqsadida zarur boʻlgan hollarda milliy qonunchilikka muvofiq davlat kafolatlari va imtiyozlar beradilar.
10-modda
Tomonlar moliya-sanoat guruhlarni tashkil etishning ustuvor yoʻnalishlari paxtani qayta ishlash, gaz qazib olish, kimyo va neftni qayta ishlash sanoati, energetika, transport va aloqa, ilmiy va loyiha-qidiruv ishlari, tabiatdan foydalanish va atrof muhitni muhofaza qilish sohasida hamkorlik qilishda deb hisoblaydilar.
11-modda
Tomonlar tegishli organlarga tomonlardan har birining hududida moliya-sanoat guruhlarni tashkil etish masalalariga oid qabul qilinayotgan normativ hujjatlar toʻgʻrisida muntazam axborot almashishni amalga oshirishni topshiradilar.
12-modda
Tomonlarning oʻzaro roziliklariga koʻra mazkur Bitimga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
13-modda
Mazkur Bitim Tomonlar u kuchga kirishi uchun zarur boʻlgan ichki davlat tartib-qoidalarini bajarganliklari toʻgʻrisida bir-birlarini xabardor qilgan kundan boshlab kuchga kiradi va Tomonlardan biri uning amalda boʻlishini toʻxtatish toʻgʻrisidagi maqsadini boshqa Tomonga yozma shaklda maʼlum qilgan kundan boshlab olti oy oʻtgunga qadar amalda boʻladi.
1996-yil16-yanvarda, Chorjoʻy shahrida, oʻzbek, turkman va rus tillarida boʻlgan ikki nusxada tuzildi. Barcha matnlar bir xil kuchga ega.
Mazkur Bitim qoidalarini talqin qilishda rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
