Viloyatdagi qorakoʻlchilik shirkat xoʻjaliklari balansida boʻlgan yaylovlar va boshqa obyektlardan foydalanganlik uchun toʻlov miqdorlarini belgilash haqida (76-Q-son)
25.03.2015
Samarqand viloyati hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 20-oktabrdagi 290-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanish va oʻsimlik dunyosi obyektlaridan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 43-son, 530-modda) talabiga muvofiq viloyatdagi qorakoʻlchilik shirkat xoʻjaliklari balansidagi yerlardan samarali foydalanishni yaxshilash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunning (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-yil 9-son, 320-modda) 6-moddasiga asoslanib qaror qilaman:
1. Viloyatdagi qorakoʻlchilik shirkat xoʻjaliklari balansida boʻlgan yaylovlardan va boshqa obyektlardan foydalanganlik uchun toʻlov miqdori ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Yaylov mavsumi yilning kelishiga qarab yil yakunigacha belgilansin.
3. Qorakoʻlchilik shirkat xoʻjaliklaridagi yaylovlardan undiriladigan toʻlovlar toʻliq shirkat xoʻjaliklarning joriy yil uchun budjet va budjetdan tashqari maqsadli jamgʻarmalarga hisoblanadigan soliq toʻlovlariga, budjet va davlat maqsadli jamgʻarmalar oldidagi kreditorlik qarzlarini soʻndirishga yoʻnaltirilsin.
4. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
5. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish viloyat hokimining oʻrinbosari A. Nurqulov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim Z. MIRZAYEV
Samarqand sh.,
2015-yil 25-mart,
76-Q-son
Viloyat hokimining 2015-yil 25-martdagi 76-Q-sonli qaroriga ILOVA
Viloyatdagi qorakoʻlchilik shirkat xoʻjaliklari balansida boʻlgan yaylovlar va boshqa obyektlardan foydalanganlik uchun toʻlov
MIQDORI
1. Qorakoʻlchilik shirkat xoʻjaliklari balansida boʻlgan yaylovlardan tashkilotlar, korxonalar, fermer va yordamchi xoʻjaliklarining bir bosh chorvasi uchun bir mavsumda:
yirik shoxli mol uchun — eng kam ish haqining 20 foizi miqdorida;
qoʻy va echkilar uchun — eng kam ish haqining 10 foizi miqdorida;
ot va tuyalar uchun — eng kam ish haqining 20 foizi miqdorida;
2. Qorakoʻlchilik shirkat xoʻjaliklari balansida boʻlgan yaylovlardan qoʻshimcha foydalanish uchun fuqarolar chorvasi bir mavsumda:
yirik shoxli mol uchun — eng kam ish haqining 15 foizi miqdorida;
qoʻy va echkilar uchun — eng kam ish haqining 8 foizi miqdorida;
ot va tuyalar uchun — eng kam ish haqining 15 foizi miqdorida;
3. Qorakoʻlchilik shirkat xoʻjaliklaridagi pichanzorlardan xashak tayyorlashda bir gektar maydon uchun eng kam ish haqining 50 foizi miqdorida.
4. Qorakoʻlchilik shirkat xoʻjaliklari balansidagi qoʻra-qoʻton va suv inshootlaridan foydalanganligi uchun 1 yilga eng kam ish haqining 10 barobari miqdorida.
5. Bir gektar maydonga chorva mollarini joylashtirish meʼyori:
bir bosh mayda shoxli mollarni joylashtirish uchun 2,7 gektar maydon;
bir bosh yirik shoxli mol, ot, tuya joylashtirish uchun 5 gektar maydon.
