Korxonalarni shaharni tashkil etuvchi korxonalar va ularga tenglashtirilgan korxonalar jumlasiga kiritish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida (107-son)
30.04.2015
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Bankrotlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 156-moddasiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qonunlarning havolaki normalarini amalga oshirishga qaratilgan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarni ishlab chiqish rejalarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2013-yil 15-iyuldagi PQ-2003-son qaroriga muvofiq, shuningdek korxonalarni shaharni tashkil etuvchi korxonalar va ularga tenglashtirilgan korxonalar jumlasiga kiritish tartibini belgilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Korxonalarni shaharni tashkil etuvchi korxonalar va ularga tenglashtirilgan korxonalar jumlasiga kiritish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda ushbu qarorning maqsadi, mohiyati va mazmunini tadbirkorlik subyektlari oʻrtasida tushuntirish tadbirlari tashkil etilishini va oʻtkazilishini taʼminlasin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 30-aprel,
107-son
Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 30-apreldagi 107-son qaroriga ILOVA
Korxonalarni shaharni tashkil etuvchi korxonalar va ularga tenglashtirilgan korxonalar jumlasiga kiritish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom “Toʻlovga qobiliyatsizlik toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 172-moddasiga muvofiq korxonalarni shaharni tashkil etuvchi korxonalar va ularga tenglashtirilgan korxonalar jumlasiga kiritish tartibini belgilaydi hamda yuridik shaxslarga, shu jumladan ustav fondida (kapitalida) davlat ulushi mavjud boʻlgan korxonalarga nisbatan qoʻllanadi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
shaharni tashkil etuvchi korxona va unga tenglashtirilgan korxona — xodimlari, ularning oila aʼzolarini ham qoʻshib hisoblaganda tegishli aholi punkti aholisining kamida yarmini tashkil etuvchi yoki xodimlarining soni kamida uch ming kishi boʻlgan yoxud davlatning mudofaa qobiliyati va xavfsizligi saqlab turilishini taʼminlaydigan, shuningdek strategik ahamiyatga ega boʻlgan yoki tabiiy monopoliyalar subyekti boʻlgan yuridik shaxs;
tabiiy monopoliya subyekti — tabiiy monopoliya sharoitlarida tovarlarni (ishlar, xizmatlarni) ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish boʻyicha faoliyatni asosiy faoliyat turi sifatida amalga oshiradigan xoʻjalik yurituvchi subyekt yoki shaxslar guruhi.
II. Korxonalarni shaharni tashkil etuvchi korxonalar va ularga tenglashtirilgan korxonalar jumlasiga kiritish mezonlari
3. Shaharni tashkil etuvchi korxonalar va ularga tenglashtirilgan korxonalar jumlasiga quyidagi mezonlardan bittasiga javob beradigan yuridik shaxslar kiritiladi:
korxonaning xodimlari soni, ularning oila aʼzolarini ham qoʻshib hisoblaganda tegishli aholi punkti aholisining kamida yarmini tashkil qiladi;
korxona xodimlarining soni kamida uch ming kishini tashkil qiladi;
korxona davlatning mudofaa qobiliyatini va xavfsizligini saqlashni taʼminlaydi;
korxona tabiiy monopoliya subyekti hisoblanadi;
strategik ahamiyatga ega boʻlgan korxona.
III. Shaharni tashkil etuvchi korxonalar va ularga tenglashtirilgan korxonalar jumlasiga kiritilgan korxonalarni Shaharni tashkil etuvchi korxonalar va ularga tenglashtirilgan korxonalar reyestriga kiritish tartibi
4. Shaharni tashkil etuvchi korxonalar va ularga tenglashtirilgan korxonalar Shaharni tashkil etuvchi korxonalar va ularga tenglashtirilgan korxonalar reyestriga (keyingi oʻrinlarda Reyestr deb ataladi) ushbu Nizomning ilovasiga muvofiq sxema boʻyicha kiritiladi.
5. Reyestrni yuritish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) tomonidan amalga oshiriladi.
6. Shaharni tashkil etuvchi korxonalar va ularga tenglashtirilgan korxonalar jumlasiga kiritilgan korxonalarni Reyestrga kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilish uchun Agentlikka:
tuman (shahar) hokimliklari tomonidan — korxona xodimlarining soni, ularning oila aʼzolarini ham qoʻshib hisoblaganda tegishli aholi punkti aholisining kamida yarmini tashkil etishini tasdiqlaydigan maʼlumot;
Oʻzbekiston Respublikasi Milliy statistika qoʻmitasi tomonidan — davlat statistika hisobotlari maʼlumotlariga koʻra ishlovchilarning oʻrtacha yillik soni kamida uch ming kishini tashkil qiladigan tashkilotlar toʻgʻrisidagi maʼlumot hamda tegishli aholi punktlaridagi aholi soni toʻgʻrisidagi statistika maʼlumotlari;
Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan — korxonaning davlatning mudofaa qobiliyatini va xavfsizligini saqlashni taʼminlashini, shuningdek strategik ahamiyatga egaligini tasdiqlaydigan maʼlumot (ushbu maʼlumot iqtisodiy sudlar va boshqa davlat organlari soʻrovi boʻyicha taqdim etiladi);
Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda — Qoʻmita) tomonidan — korxonaning tabiiy monopoliya subyekti ekanligini tasdiqlaydigan maʼlumot taqdim etiladi.
7. Ushbu Nizomning 6-bandida koʻrsatilgan maʼlumot (Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi tomonidan taqdim etiladigan maʼlumot bundan mustasno) Agentlikka har yili 1-fevraldan kechikmay, shuningdek ushbu Nizomning 3-bandida koʻrsatilgan mezonlardan bittasiga javob beradigan yangi korxonalar tashkil qilingan taqdirda taqdim etiladi.
8. Taqdim etilgan maʼlumotni koʻrib chiqish va korxonalarni Reyestrga kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilish hamda ularni Reyestrdan chiqarish uchun Agentlik tomonidan tegishli Komissiya tuziladi.
9. Komissiya tarkibi va uning ish reglamenti Agentlik direktori tomonidan tasdiqlanadi.
10. Komissiya ushbu Nizomning 6-bandiga muvofiq Agentlikka taqdim etilgan maʼlumotni va unga ilova qilingan materiallarni bir oy muddatda koʻrib chiqadi, koʻrib chiqish natijalari boʻyicha korxonani Reyestrga kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
11. Agentlik Reyestrga kiritilgan shaharni tashkil etuvchi korxonalar va ularga tenglashtirilgan korxonalar monitoringini doimiy ravishda amalga oshiradi.
12. Korxonalar monitoringi natijalariga koʻra ushbu Nizomning 3-bandida koʻrsatilgan mezonlardan birortasiga ham javob bermaydigan korxona aniqlangan taqdirda Agentlik tomonidan Komissiya bilan birgalikda uni Reyestrdan chiqarish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
13. Reyestrdan koʻchirma Agentlik tomonidan iqtisodiy sudlar, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda boshqa tashkilotlar soʻroviga binoan, soʻrov olingan kundan boshlab bir hafta muddatda beriladi.
14. Shaharni tashkil etuvchi korxonalar va ularga tenglashtirilgan korxonalarning toʻlovga qobiliyatsizlik tartib-taomillari qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
IV. Yakunlovchi qoidalar
15. Ushbu Nizomning talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikka muvofiq javobgar boʻladi.
16. Korxonalarni shaharni tashkil etuvchi korxonalar va ularga tenglashtirilgan korxonalar jumlasiga kiritish boʻyicha qabul qilingan qarorlar munosabati bilan paydo boʻladigan bahslar va kelishmovchiliklar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
Korxonalarni shaharni tashkil etuvchi korxonalar va ularga tenglashtirilgan korxonalar jumlasiga kiritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga ILOVA
Shaharni tashkil etuvchi korxonalar va ularga tenglashtirilgan korxonalarni Shaharni tashkil etuvchi korxonalar va ularga tenglashtirilgan korxonalar reyestriga kiritish
SXEMASI
BosqichlarSubyektlarTadbirlarBajarish muddatlari1-bosqichTumanlar (shaharlar) hokimliklari, Milliy statistika qoʻmitasi, Mudofaa vazirligi, Agentlikning hududiy organlariAgentlikka:tuman (shahar) hokimliklari tomonidan — korxona xodimlarining soni, ularning oila aʼzolarini ham qoʻshib hisoblaganda tegishli aholi punkti aholisining kamida yarmini tashkil etishni tasdiqlaydigan maʼlumot;Milliy statistika qoʻmitasi tomonidan — davlat statistika hisobotlari maʼlumotlariga koʻra ishlovchilarning oʻrtacha yillik soni kamida uch ming kishini tashkil qiladigan tashkilotlar toʻgʻrisidagi maʼlumot hamda tegishli aholi punktlaridagi aholi soni toʻgʻrisidagi statistika maʼlumotlari;Mudofaa vazirligi tomonidan — korxonaning davlatning mudofaa qobiliyatini va xavfsizligini saqlashni taʼminlashini tasdiqlaydigan maʼlumot (ushbu maʼlumot iqtisodiy sudlar va boshqa davlat organlarining soʻrovi boʻyicha taqdim etiladi);Qoʻmita tomonidan — korxonaning tabiiy monopoliya subyekti ekanligini tasdiqlaydigan maʼlumot taqdim etiladi.1) har yili1-fevraldan kechikmay;2) tegishli mezonlarga javob beradigan yangi korxonalar tashkil etilganda2-bosqichAgentlik, Shaharni tashkil etuvchi korxonalar reyestriga kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilish komissiyasiTaqdim etilgan maʼlumotlarni koʻrib chiqish va tegishli korxonani Reyestrga kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilish.bir oy muddatda3-bosqichAgentlik, Shaharni tashkil etuvchi korxonalar reyestriga kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilish komissiyasi1. Reyestrga kiritilgan korxonalar monitoringini amalga oshirish.2. Reyestrga oʻzgartirishlar kiritish (Reyestrga kiritilgan korxonalarning belgilangan mezonlarga muvofiq emasligi aniqlangan hollarda).doimiy4-bosqichAgentlikReyestrdan koʻchirma taqdim etish (iqtisodiy sudlar, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari hamda boshqa tashkilotlar soʻroviga binoan).soʻrov olingan kundan boshlab bir hafta muddatda
