Tuman hududida yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli avtomototransport vositalari va ularga tirkamalarni majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisida (177-Q-son)
05.03.2015
Samarqand viloyati Urgut tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2003-yil 1-2-son) ijrosini taʼminlash maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasi “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 1993-y., 9-son, 320-modda) 6-moddasiga asoslanib qaror qilaman:
1. Tuman hududida joylashgan barcha yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli transport vositalari majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazilsin.
2. Transport vositalari quyidagi davriylikka muvofiq texnik koʻrikdan oʻtkazilsin.
a) tijorat asosida yoʻlovchilar tashish uchun foydalaniladigan yengil avtomobillar, avtobuslar va oʻtiriladigan joylar soni 8 ta va undan ortiq boʻlgan, odamlarni muntazam tashish uchun jihozlangan yuk avtomobillari, yirik gabaritli, ogʻir vaznli va xavfli yuklarni tashish uchun maxsus transport vositalari va ularga tirkamalar-bir yilda ikki marta;
b) ishlab chiqarilganligiga besh yildan koʻp boʻlmagan transport vositalari — ikki yilda bir marta;
v) ishlab chiqarilgan yilini hisobga olgan xolda ishlab chiqarilganligiga besh yildan ortiq boʻlgan transport vositalari, shuningdek ishlab chiqarilgan vaqti aniqlanmagan transport vositalari — bir yilda bir marta;
g) tirkamalar koʻrikka transport vositasi — shatakchi uchun belgilangan muddatlarda taqdim etiladi.
3. Mazkur qarorning 2-bandi “a” kichik bandida koʻrsatilgan transport vositalarining texnik koʻrigi:
birinchi marta — 1-martdan 30-iyungacha;
ikkinchi marta — 1-sentabrdan 31-oktabrgacha.
Yuridik shaxslarga tegishli boʻlgan transport vositalarining texnik koʻrigi 1-martdan 30-iyungacha oʻtkazilsin.
Jismoniy shaxslarga qarashli boʻlgan transport vositalarining texnik koʻrigi 2-martdan 31-avgustgacha oʻtkazilishi belgilansin.
4. Tumanda avtomototransport vositalari va ularni tirkamalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha tuzilgan komissiya tarkibi 1- ilovaga*, texnik koʻrikdan oʻtkazish jadvali 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
*1-2-ilova berilmaydi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-sonli “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomini tasdiqlash haqida”gi qarori 3-bandi talablaridan kelib chiqib, tuman mudofaa boʻlimi, ichki ishlar boʻlimi va Milliy xavfsizlik xizmati harbiy boʻlinmalari transport vositalari majburiy texnik koʻriklari oʻz yuqori tashkilotlarining qarori va ish rejasi asosida amalga oshirilishi nazarda tutilsin.
6. Majburiy texnik koʻrik davomida komissiya tarkibida ish olib borgan xodimlarning doimiy ish joylaridagi oylik ish haqlari saqlanib qolinsin.
7. Ishlab chiqarilganligiga besh yildan koʻp boʻlmagan (ishlab chiqarilgan yili ham shu jumlaga kiradi) transport vositalari (Nizomning 5-bandining “a” kichik bandida koʻrsatilgan transport vositalaridan tashqari) ikki yilda bir marotaba texnik koʻrikdan oʻtkazilsin.
8. Ushbu qaror rasman eʼlon qilingan kundan boshlab kuchga kiradi.
9. Ushbu qarorning qabul qilinishi munosabati bilan tuman hokimining 2014-yil 6-martdagi 133-Q-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
10. Ushbu qaror ijrosini taʼminlash Urgut tuman IIB boshligʻi (A.Hoshimov) zimmasiga yuklatilsin.
11. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish tuman hokimining birinchi oʻrinbosari U. Oʻroqov zimmasiga yuklatilsin.
Hokim H. OQBOʻTAYEV
Urgut t.,
2015-yil 5-mart,
177-Q-son
