Ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida (12-son)
12.01.1999
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vazirlar Mahkamasi qayd etadiki, Respublika komissiyasi oʻtkazgan tekshirishda ijro intizomi pastligining koʻplab hollari, respublika boshqaruv organlari, mahalliy hokimiyat organlari hamda xoʻjalik birlashmalarining tashkilotchilik va nazorat faoliyatida jiddiy kamchiliklar aniqlandi.
Vazirlar Mahkamasi komplekslarining rahbarlari oʻz apparati, tasarrufidagi vazirliklar, idoralar va korxonalar ishlarini muntazam va qattiq nazorat qilmayaptilar, boshqaruv va hokimliklar tarmoq organlari faoliyatini sust muvofiqlashtirmoqdalar, Hukumat qarorlarini amalga oshirishga rasmiyatchilik bilan yondashish hollariga qatʼiy baho bermayaptilar.
Vazirliklar, idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlarini, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va topshiriqlarini bajarish boʻyicha amaliy ishlar oʻrniga baʼzan koʻplab kengashlar va majlislar oʻtkazmoqdalar, turli maʼlumotnomalar, axborotlar va statistika maʼlumotlari toʻplamoqdalar, hayʼatlarning yangi qarorlarini va hokimlar farmoyishlarini qabul qilmoqdalar. Ayni paytda mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, muammoli masalalarni roʻyobga chiqarish hamda pirovard natijada, belgilangan maqsadlarga erishish taʼminlanmayapti.
Ijroni nazorat qilish va tekshirish koʻpincha qisqa muddatli boʻlib, ahyon-ahyonda oʻtkazilmokda, joylardagi, ayniqsa quyi tarkibiy boʻlinmalardagi, korxonalar, muassasalar va tashkilotlardagi ishlarning haqiqiy ahvoli juda kam oʻrganilmoqda.
Boshqaruv apparati barcha boʻgʻinlarining tashkilotchilik, ijro va nazorat faoliyatini takomillashtirish, rahbarlar va mutaxassislarning ijro intizomini mustahkamlash, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlarining hamda Hukumat qarorlarining oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash yuzasidan shaxsiy javobgarligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasi komplekslari, vazirliklar, idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklarining ijro intizomini mustahkamlash, respublika Hukumati qarorlari va topshiriqlarining bajarilishini tashkil qilish boʻyicha ishlari qoniqarsiz deb eʼtirof etilsin.
Respublika komissiyasining ijro intizomi ahvolini tekshirish boʻyicha maʼlumotnomasi mavjud kamchiliklarni bartaraf etishga doir qatʼiy chora-tadbirlar koʻrish uchun Vazirlar Mahkamasi komplekslari, vazirliklar, idoralarga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashiga, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklariga yuborilsin.
2. Bosh vazir Oʻ. T. Sultonovning va shaxsan Vazirlar Mahkamasi Komplekslari rahbarlarining eʼtibori nazorat va ijroni tekshirishning apparatlar xodimlarining tarmoq boshqaruv organlari va mahalliy hokimiyat organlari rahbarlarining qonunlarning, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, Hukumat qarorlari va topshiriqlarining soʻzsiz, oʻz vaqtida va toʻliq hajmda bajarilishi yuzasidan yuqori darajada shaxsiy javobgarligini taʼminlaydigan taʼsirchan tizimini yaratish zarurligiga qaratilsin. Shu maqsadlarda:
15 kun muddatda — vazirliklar, idoralar, tarmoq va mahalliy boshqaruv organlari rahbarlarining Hukumat ayrim qarorlarini bajarishga rasmiy munosabatda boʻlishining har bir holati koʻrib chiqilsin va ularga qatʼiy baho berilsin;
bir oy muddatda — Vazirlar Mahkamasining 1998-yilda qabul qilingan qarorlari va farmoyishlarining bajarilishi puxta tahlil qilinsin, erishilgan natijalar tanqidiy baholansin, kamchiliklarni bartaraf etish va yechilmagan muammolarni hal qilish uchun taʼsirchan chora-tadbirlar koʻrilsin;
har chorakda — Vazirlar Mahkamasi Komplekslari majlislarida ilgari qabul qilingan Hukumat qarorlari bajarilishining ahvoli ijroni nazorat qilish tartibida koʻrib chiqilsin, ijro intizomining pastligi hollariga va vazirliklar, idoralar, xoʻjaliklar birlashmalari hamda mahalliy hokimiyat organlari tomonidan yoʻl qoʻyilgan kamchiliklarga qatʼiy baho berilsin. Zarurat boʻlganda ularga nisbatan egallab turgan lavozimidan boʻshatishgacha boʻlgan qattiq intizomiy javobgarlik choralari qoʻllansin.
Bosh vazir Oʻ.T. Sultonov, Bosh vazir oʻrinbosarlari amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisida 1998-yil va 1999-yil birinchi yarim yillik yakunlari boʻyicha Vazirlar Mahkamasi majlislarida axborot bersinlar.
4. Boshqaruv barcha boʻgʻinlarining ijro intizomini takomillashtirish va mustahkamlash boʻyicha faoliyatida yagona tizimni va uzluksiz jarayonni taʼminlash maqsadida Hukumat apparatida, vazirliklar, idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashida, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarida tarmoq boshqaruv organlarida hamda mahalliy hokimiyat organlarida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlarining ijrosini tashkil etish va nazorat qilishning Asosiy qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
41. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hujjatlari va topshiriqlari bajarilishini nazorat qilish hamda ularning ijro uchun yuborilishini, ular bajarilishining natijalari yuborilishini tashkil etish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat organlari va tashkilotlarida ijro intizomini yanada mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2018-yil 5-oktabrdagi PQ-3962-son qarori va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 9-avgustdagi F-5017-son farmoyishiga muvofiq Ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimi orqali amalga oshiriladi.
5. Vazirlar, davlat qoʻmitalari raislari, idoralar rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimlari markaziy apparatlarda, hududiy boshqaruv organlarida va mahalliy hokimiyat organlarida ijro intizomini mustahkamlash uchun ularning shaxsan javobgar ekanliklari toʻgʻrisida ogohlantirilsin. Buning uchun:
10 kun muddatda — rahbarlarning funksional vazifalari taqsimlanishi qayta koʻrib chiqilsin va tasdiqlansin, bunda ulardan har birining ijroni tashkil etish bilan shaxsan shugʻullanishi, oʻzlari rahbarlik qilayotgan tarkibiy boʻlinmalarda, tasarruflaridagi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda ishlarning ahvolini tanqidiy tahlil qilishi nazarda tutilsin;
15 kun muddatda — ish yuritishni, hujjatlarni roʻyxatdan oʻtkazish, hisobga olish va saqlash tartibini takomillashtirish, ularni hududiy boshqaruv organlariga, joylardagi aniq ijrochilarga tezkorlik bilan yetkazish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar amalga oshirilsin;
20 kun muddatda — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlarining ijrosini tashkil etish va nazorat qilishning Asosiy qoidalari talablarini hisobga olgan holda vazirliklar, idoralarning markaziy apparatlarida, tasarruflaridagi tarmoq boshqaruv organlarida, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashida, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklarida Hujjatlarning ijrosini tashkil etish tartibi ishlab chiqilsin va tasdiqlansin;
bir oy muddatda — Respublika Prezidenti farmonlarining, Vazirlar Mahkamasi qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlarining, shuningdek vazirliklar, idoralar va hokimliklar oʻz qarorlarining ijrosini nazorat qilishni tashkil etish masalalari zimmasiga yuklangan tarkibiy boʻlinmalar va xodimlar tarkibi qayta koʻrib chiqilsin, koʻrsatib oʻtilgan boʻlinmalar toʻgʻrisidagi nizomlar tasdiqlansin, ular kompyuterlar, nusxa koʻchirish va boshqa zarur texnika vositalari bilan taʼminlansin;
1999-yil birinchi choragida — ijro intizomini takomillashtirish va mustahkamlash masalalari boʻyicha amaliy seminarlar oʻtkazilsin, bunda: vazirlik — hududiy boshqaruv organi — xoʻjalik yurituvchi subyekt; Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari — tuman, shahar hokimliklari — korxona, muassasa va tashkilot darajalarida nazorat va ijroni tashkil etishga alohida eʼtibor berilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi mansabdor shaxslarning oʻz xizmat vazifalarini bajarish yuzasidan javobgarligini kuchaytirish boʻyicha amaldagi qonun hujjatlariga kiritiladigan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar toʻgʻrisida bir oy muddatda takliflar taqdim etsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prokuraturasiga vazirliklar, idoralar, xoʻjalik birlashmalari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimlarining Hukumat qarorlarini bajarish boʻyicha faoliyati ustidan nazoratni kuchaytirishni taʼminlash tavsiya qilinsin. Ijro intizomining buzilishi hollarini oʻz vaqtida koʻrib chiqsin va ular yuzasidan qonunda nazarda tutilgan choralar koʻrsin, Prezident farmonlarini, respublika Hukumati qarorlari va topshiriqlarini bajarishga rasmiyatchilik bilan yondashishga yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslarni jinoiy javobgarlikkacha boʻlgan qattiq shaxsiy javobgarlikka tortsin.
8. Oʻzbekiston Teleradiokompaniyasi, ommaviy axborot vositalari respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlariga doir Hukumat qarorlarining amalga oshirilishini keng yoritsinlar, kamchilik va muammolarni, mansabdor shaxslarning ijro intizomini mustahkamlashdagi roli va masʼuliyatini xolisona ochib bersinlar.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir va Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparati boshqaruvchisi zimmasiga yuklansin.
Bosh vazir Oʻ.T. Sultonov ushbu qarorning bajarilishi toʻgʻrisida 1999-yil iyulda Vazirlar Mahkamasi majlisida axborot bersin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 12-yanvar,
12-son
Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 12-yanvardagi 12-son qaroriga ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari ijrosini tashkil etish va ularning amalga oshirilishini nazorat qilishning
ASOSIY QOIDALARI
1. Mazkur hujjat Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar, idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, barcha darajalardagi hokimliklar apparatlari uchun normativ hujjat sifatida ishlab chiqilgan.
2. Uning maqsadi: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari ijro etilishi va ularning amalga oshirilishini nazorat qilishni tashkil etishning yagona tizimi va uslubiyotini taʼminlash.
3. Asosiy qoidalar ishni tashkil etishning amaliy shakllarini oʻz ichiga oladi, yuqorida aytib oʻtilgan hujjatlarda qoʻyilgan vazifalarni amalga oshirish muddatlarini va pirovard natijalarga erishish uchun shaxsan javobgar mansabdor shaxslarni belgilab beradi.
4. Quyidagilar Asosiy qoidalarning tarkibiy qismi hisoblanadi: 1-sxema — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlari ijro etilishi va ularning amalga oshirilishi ustidan nazorat qilishni tashkil etish; 2-sxema — Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari va farmoyishlari tayyorlanishini, ijro etilishi va ularning amalga oshirilishi ustidan nazorat qilishni tashkil etish (ilova qilinadi).
I. NAZORAT QILINADIGAN VA BAJARILISHI TEKSHIRILADIGAN HUJJATLAR
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmoyishlari.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti topshiriqlari bayonnomalari.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining topshiriqlari (yozma va ogʻzaki).
6. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Kotibiyatining topshiriqlari.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Davlat maslahatchilarining topshiriqlari.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining farmoyishlari.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majlislari bayoni.
11. Roʻyxati Ish yuritish boʻyicha yoʻriqnomada belgilanadigan boshqa hujjatlar.
Hujjatlarning koʻrsatib oʻtilgan turlarining bajarilishi boʻyicha ishlarni tashkil etish Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparati, vazirliklar, idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar, tumanlar hokimliklari apparatlari va korxonalarning rahbarlari, mansabdor shaxslari, tegishli tarkibiy boʻlinmalari va masʼul xodimlari tomonidan taʼminlanadi.
II. KELGAN HUJJATLARNI HISOBGA OLISH, ULARNI ROʻYXATDAN OʻTKAZISH VA 1, 1a, 1b, 2, 2a, 2b TARTIB RAQAMLI NAZORAT KARTOCHKALARINI RASMIYLASHTIRISH
1. I bobda koʻrsatilgan barcha hujjatlar qatʼiy hisobga olinishi va tegishli boʻlinmalarda: umumiy boʻlimda, kanselyariyada roʻyxatdan oʻtkazilishi kerak.
2. Ular maxsus daftarlarda va hisobga olish kartochkalarida roʻyxatdan oʻtkaziladi, zaruriyat boʻlganda va texnik vositalar mavjud boʻlganda esa hujjatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar kompyuter bankiga kiritiladi.
3. Tushgan hujjatlar 30 minut ichida roʻyxatdan oʻtkazilishi kerak.
4. Har bir tushgan hujjatga alohida nazorat kartochkasi rasmiylashtiriladi: 1, 1a, 1b tartib raqamli nazorat kartochkalari — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari, farmoyishlari, topshiriqlari uchun; 2, 2a, 2b tartib raqamli nazorat kartochkalari — Vazirlar Mahkamasining qarorlari, farmoyishlari va boshqa hujjatlari uchun. Koʻrsatib oʻtilgan nazorat kartochkalari shakllari ilova qilinmoqda.
5. Tushgan hujjatlar roʻyxatdan oʻtkazilgan va nazorat kartochkalari toʻldirilgandan keyin 1 va 2-sxemalarda koʻrsatilgan muddatlarda tegishli rahbarga zudlik bilan axborot berilishi kerak.
III. TUSHGAN HUJJATLARNI BAJARISH BOʻYICHA QARORLAR TAYYORLASH VA QABUL QILISH
1. 1 va 2-sxemalarda koʻrsatilgan muddatlarda Bosh vazir, vazirlik, idora, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari rahbari shaxsan puxta oʻrganishadi va tegishli topshiriqlarni belgilashadi. Bunda topshiriqning bajarilishi zimmasiga shaxsan yuklanadigan rahbarlar koʻrsatiladi.
Vazirlar Mahkamasi komplekslari, boshqaruvning tarmoq organlari va joylardagi hokimiyat organlari uchun ham topshiriqlarni rasmiylashtirishning ana shunday tartibi belgilanadi.
2. Mazkur topshiriqqa muvofiq tegishli rahbar zarur takliflar: qoʻyilgan vazifalar amalga oshirilishini taʼminlovchi aniq chora-tadbirlar rejasi; farmoyish yoki qaror loyihasi; hayʼat yoki hokimning qarori loyihasi puxta va oʻz vaqtida tayyorlanishini taʼminlaydi.
3. Qabul qilingan qarorlar Vazirlar Mahkamasining tegishli tarkibiy boʻlinmalariga bir soat ichida, vazirliklar, idoralar va barcha darajalardagi hokimliklarga — bir kecha-kunduzda yetkazilishi kerak.
4. Imzolangan topshiriq yoki qabul qilingan qaror nusxasi Vazirlar Mahkamasining Nazorat boʻlimiga, vazirliklar, idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining nazorat boʻlinmalariga beriladi, u yerda har bir hujjatga 1, 1a, 1b, 2, 2a, 2b tartib raqamli nazorat kartochkalari rasmiylashtiriladi.
IV. OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI FARMONLARI,QARORLARI, FARMOYISHLARI VA TOPSHIRIQLARI, VAZIRLAR MAHKAMASINING QARORLARI VA FARMOYISHLARI BAJARILISHINI VA AMALGA OSHIRILISHINI NAZORAT QILISHNI TASHKIL ETISH
1. Yuqorida aytib oʻtilgan hujjatlarning bajarilishi uchun: Bosh vazir, Bosh vazirning oʻrinbosarlari, vazirlar, idoralarning rahbarlari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari shaxsan javob beradilar.
2. Hujjatlarni nazorat qilish yuklangan rahbar ularda qoʻyilgan vazifalar oʻz vaqtida va toʻliq hajmda bajarilishi uchun shaxsan javobgardir.
3. Hujjatlarning bajarilishini va nazorat qilinishini tashkil etish:
respublikani, tarmoq va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng muhim va ustuvor masalalari, shuningdek uzoq davrga moʻljallangan hujjatlar boʻyicha nazorat rejasini ishlab chiqish va amalga oshirish;
tasdiqlangan muddatlarda tegishli tarkibiy boʻlinmalar, mansabdor shaxslar va xodimlar tomonidan amaliy chora-tadbirlarni amalga oshirish;
bajarilishini vazirliklar, idoralar, boshqaruvning hududiy tarmoq organlari va joylardagi hokimiyat organlarida, bevosita korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda maqsadli oʻrganish;
vazirliklar, idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining yuqorida aytib oʻtilgan hujjatlarni bajarish yuzasidan qabul qilingan oʻz qarorlarining bajarilishini koʻrib chiqish;
respublika tarmoqlari va hududlarida ishlarning ahvolini kompleks oʻrganish, Vazirlar Mahkamasi Komplekslari majlislarida ularning yakunlarini koʻrib chiqish;
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlarida, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlarida qoʻyilgan vazifalar oʻz vaqtida va toʻliq amalga oshirilishini taʼminlamagan rahbarlar, mansabdor shaxslar va xodimlarga nisbatan shaxsiy javobgarlik choralarini koʻrish bilan taʼminlanadi.
4. Vazirliklar, idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari hujjatlarda belgilangan muddatlarda birinchi shaxsning imzosi bilan nazorat topshiriqlari (hujjatlar) bajarilishi toʻgʻrisidagi xolis va qisqacha axborotni Vazirlar Mahkamasining tegishli axborot-tahlil departamentlariga taqdim etishlari shart. Rahbarlar axborotning oʻz vaqtida taqdim etilishi va uning ishonchliligi uchun shaxsan javob beradilar.
5. Hujjat (topshiriq) bajarilishini nazorat qilish yuklangan Bosh vazirning oʻrinbosari — tegishli axborot tahlil departamenti, boshqaruvning tarmoq organlari va joylardagi hokimiyat organlarining:
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi hujjatlari bajarilishini muntazam oʻrganish, tahlil qilish va umumlashtirish;
kamchiliklarning oldini olish va muammoli masalalarni hal etish boʻyicha zarur tezkor chora-tadbirlarni amalga oshirish;
aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan intizomiy chora-tadbirlar koʻrish yuzasidan ishlarni muvofiqlashtirilishini taʼminlaydi.
6. Vazirlar Mahkamasining Ijro etuvchi apparati (Nazorat boʻlimi), vazirliklar, idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari apparatining nazorat boʻlinmalari (boʻlim, shuʼba, guruh, masʼul xodimlari) 1, 1a, 1b, 2, 2a, 2b tartib raqamli nazorat kartochkalari asosida:
nazoratga olinadigan hujjatlar va bandlar qatʼiy hisobga olinishini taʼminlaydilar;
tarkibiy boʻlinmalarda hujjatlarni bajarishning ahvolini doimiy ravishda tahlil qiladilar;
tegishli rahbarlarni ular tomonidan amaliy chora-tadbirlar koʻrilishi uchun ijro intizomining ahvoli toʻgʻrisida muntazam xabardor qiladilar.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlarining bajarilishi va ularning amalga oshirilishini nazorat qilishni tashkil etishning
1-sxemasi
(1-sxema matni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 2-maydagi 81-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2008-y., 19-son, 155-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlar va farmoyishlarini tayyorlashni, bajarilishi va ularni amalga oshirilishini nazorat qilishni tashkil etishning
2-sxemasi
(2-sxema matni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 2-maydagi 81-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2008-y., 19-son, 155-modda)
(1-nazorat kartochkasi shakli Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 2-maydagi 81-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2008-y., 19-son, 155-modda)
(1a-nazorat kartochkasi shakli Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 2-maydagi 81-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2008-y., 19-son, 155-modda)
(2-nazorat kartochkasi shakli Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 2-maydagi 81-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2008-y., 19-son, 155-modda)
