Ularning tegishli hududlarida va undan tashqarida havo qatnovi toʻgʻrisida
07.05.1999
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Bolgariya Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Bolgariya Respublikasi Hukumati, bundan keyin “Ahdlashuvchi Tomonlar” deb ataluvchilar,
Xalqaro Fuqaro Aviatsiyasi toʻgʻrisida Chikago shahrida 1944-yilning 7-dekabrida imzolangan ochiq konvensiyaning qatnashchilari sifatida,
oʻzlarining tegishli hududlari orasida va undan tashqarida havo qatnovini yoʻlga qoʻyish uchun Bitim tuzish istagida,
quyidagilar toʻgʻrisida ahdlashib oldilar:
1-modda Atamalar
1. Ushbu Bitim maqsadlari yoʻlida, agar matnda boshqa maqsadlar koʻzda tutilmagan boʻlsa:
a) “Konvensiya” atamasi Xalqaro Fuqaro Aviatsiyasi toʻgʻrisida 1944-yil 7-dekabrda Chikago shahrida imzolangan ochiq konvensiyani anglatadi va Konvensiyaning 90-moddasiga muvofiq kiritilgan har qanday Ilovani hamda Konvensiyaning 90 va 94-moddalariga muvofiq Ilovalarga va Konvensiyaga kiritilgan har qanday tuzatishlarni, agar bu ilova hamda tuzatishlar kuchga kirgan yoki ikkala Ahdlashuvchi Tomon tarafidan ratifikatsiya qilingan boʻlsa, shu darajada oʻz ichiga oladi;
b) “aviatsiya maʼmurlari” atamasi Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatiga nisbatan — Parvozlar xavfsizligini nazorat qilish boʻyicha Davlat inspeksiyasi (Davavianazorat)ni, Bolgariya Respublikasi Hukumatiga nisbatan — Fuqaro havoda uchish maʼmuriyati Bosh direksiyasi siymosida Transport vazirligini va har ikkala holda ham yuqorida uqtirib oʻtilgan maʼmurlar hozirgi vaqtda bajaradigan vazifalarni tegishli darajada amalga oshirish vakolati berilgan har qanday shaxs yoki organni anglatadi;
v) “tayinlangan aviakorxona(lar)” atamasi ushbu Bitimning 3-moddasiga muvofiq tayinlangan va vakolat berilgan aviatsiya korxonasini anglatadi;
g) “hudud” atamasi davlatga nisbatan — ushbu davlatning mutlaq tasarrufidagi yer yuzasi, hududiy va ichki suvlar hamda ular ustidagi havo muhitini anglatadi;
d) “havo qatnovi”, “xalqaro havo qatnovi”, “aviakorxona” va “notijoriy maqsadlarda toʻxtash” atamalari Konvensiyaning 96-moddasida ular yuzasidan tegishli ravishda koʻrsatilgan maʼnolarni anglatadi;
e) “kelishilgan qatnovlar” va “belgilangan yoʻnalishlar” atamalari ushbu Bitim Ilovasida alohida qayd etilgan yoʻnalishlar boʻyicha belgilangan muntazam havo qatnovlarini anglatadi;
j) “hajm” atamasi havo kemasiga nisbatan — mazkur havo kemasining butun yoʻnalish boʻylab yoki yoʻnalishning maʼlum bir qismidagi yoʻlovchilar joyi miqdori va yuk tashishni taʼminlaydigan tijoriy ish yuklashni anglatadi;
z) “hajm” atamasi muayyan havo qatnov yoʻliga nisbatan — shu qatnovlarda ishlatilayotgan havo kemasining hajmini, maʼlum bir vaqt mobaynida belgilangan yoʻnalish boʻylab yoki uning maʼlum bir qismi boʻyicha amalga oshirgan parvozlarning takroriyligiga koʻpaytirish tufayli kelib chiqqan hajmni anglatadi;
i) “tarif” atamasi yoʻlovchilarni, bagajlar va yuklarni tashiganlik uchun olinadigan qiymatni, jumladan gumashtalik va boshqa qoʻshimcha xizmatlar uchun olinadigan qiymatlarni hamda bu qiymatlar qoʻllanadigan qoidalarni anglatadi, biroq pochta tashish qiymati va shartlari bundan mustasno.
2. Ushbu Bitimning Ilovasi uning ajralmas qismi hisoblanadi va boshqa maʼno koʻzda tutilmagan boʻlsa, ushbu Bitimga murojaat etilgan barcha hollarda Ilova ham nazarda tutiladi.
2-modda Huquqlarning berilishi
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonga oʻzlarining tegishli hududlarida belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha muntazam xalqaro havo qatnovlarini yoʻlga qoʻyish va ulardan foydalanish maqsadida ushbu Bitimda koʻzda tutilgan huquqlarni beradi. Har bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi belgilangan yoʻnalishlarda kelishilgan qatnovlardan foydalanish chogʻida boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida, ushbu Bitim Ilovasida koʻrsatilgan xalqaro yoʻnalishdagi joylarga yoki ulardan yoʻlovchilar, yuk va pochtani tushirish yoki olish uchun qoʻnib oʻtish huquqini oladi.
2. Ushbu moddaning 1-bandida berilgan huquqlarga qoʻshimcha ravishda har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha kelishilgan yoʻnalishlardan foydalanish imkoniyatini beradi:
a) boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududidan qoʻnmagan holda uchib oʻtish huquqini;
b) boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududidagi Ilovada koʻrsatilgan joylarda notijoriy maqsadlarda qoʻnish huquqini;
3. Ushbu moddaning hech qaysi qoidasi bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga haq evaziga yoki yollanish yoʻli bilan havo kemasi ichiga boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududidagi bir manzildan ikkinchi manzilgacha yoʻlovchilar, bagaj, pochta va yuk olish huquqini beradi deb qaralmasligi lozim.
4. Bir Ahdlashuvchi Tomon fuqaro havo kemalarining muntazam xalqaro havo qatnoviga kiritilmagan boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududida amalga oshirayotgan parvozi, shuningdek, notijoriy maqsadlarda toʻxtash huquqi Ahdlashuvchi Tomonlarning vakolatli maʼmurlari tomonidan avvaldan olingan ruxsatnomaga asosan amalga oshirilishi lozim.
3-modda Aviakorxonalarni tayinlash va foydalanishga ruxsatnoma berish
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha kelishilgan yoʻllardan foydalanish maqsadida boshqa Ahdlashuvchi Tomonni yozma tarzda xabardor etgan holda bir yoki bir necha aviakorxonani tayinlash huquqiga ega.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomonni oʻzi tayinlagan aviakorxonani boshqasiga almashtirganligi haqida yozma ravishda xabardor qiladi.
3. Bunday tayinlash toʻgʻrisidagi xabarni olgandan soʻng har bir Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlari ushbu moddaning 4 va 5-bandlari qoidalariga muvofiq boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga darhol tegishli ruxsatnomalarni beradilar.
4. Bir Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlari boshqa Ahdlashuvchi Tomon tayinlagan aviakorxonadan mazkur Ahdlashuvchi Tomonning xalqaro havo qatnovlaridan foydalanish chogʻida Konvensiyaning qoidalariga muvofiq odatda qoʻllaniladigan qonun-qoidalar belgilangan shartlarni bajarishga qodir ekanligini isbotlovchi dalillarni talab qilishga haqlidir.
5. Har bir Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlari tayinlangan aviakorxonaga ustun darajada egalik qilish va faoliyati ustidan haqiqiy nazorat qilish aviakorxonani tayinlagan Ahdlashuvchi Tomonga yoki uning fuqarolariga tegishli ekanligini isbotlovchi dalillarga ega boʻlmagan har qanday holda, boshqa Ahdlashuvchi Tomon ushbu moddaning 3-bandida koʻrsatilgan parvozlar uchun ruxsatnomalarni berishni rad etishi yoki tayinlangan aviakorxona ushbu Bitimning 2-moddasida koʻrsatilgan huquqlardan foydalanayotganda bajarishi zarur deb hisoblaydigan shart ijro etilishini talab qilish huquqiga egadir.
6. Agar ushbu Bitimning 7 va 10-moddalariga binoan parvozlar jadvali va tariflar joriy etilib kuchga kiritilgan boʻlsa, ruxsatnoma olgan aviakorxona kelishilgan havo qatnovini istalgan vaqtda amalga oshirishni boshlashi mumkin.
4-modda Huquqlarni bekor qilish yoki toʻxtatib qoʻyish
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlari parvozlarga doir ruxsatnomalarni bekor qilish yoki ushbu Bitimning 2-moddasida koʻrsatilgan, boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga berilgan huquqlardan foydalanishni toʻxtatib qoʻyish, yoxud mazkur huquqlardan foydalanishda oʻzi zarur deb hisoblagan shartlarning bajarilishini talab qilish huquqiga ega:
a) bu aviakorxonani tayinlagan Ahdlashuvchi Tomon yoki uning fuqarolari tayinlangan aviakorxonaga ustun darajada egalik qilish yoki uning ustidan amaliy nazorat oʻrnata olishga ishonch hosil qilmagan har qanday holda, yoxud,
b) mazkur aviakorxona huquqlarni bergan Ahdlashuvchi Tomonning qonunlari va qoidalariga rioya etmayotgan taqdirda, yoxud,
v) aviakorxona qandaydir oʻzgacha tarzda ish tutib, ushbu Bitimda belgilangan shartlarga rioya etmayotgan holda.
2. Basharti, ruxsatnomalarni darhol bekor qilish, huquqlarni toʻxtatib qoʻyish yoki ushbu moddaning 1-bandida darj etilgan shartlarning bajarilishini talab qilish qonunlar va qoidalarning bundan keyin buzilishining oldini olish uchun yetarli boʻlmasa, unda huquqdan Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmurlari oʻrtasida maslahatlashuvlardan soʻng foydalaniladi.
5-modda Kelishilgan havo qatnovlaridan foydalanish prinsiplari
1. Ahdlashuvchi Tomonlarning tayinlangan aviakorxonalariga ularning tegishli hududlari oraligʻida belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha kelishilgan havo qatnovlarini amalga oshirishlari uchun teng va adolatli shart-sharoitlar yaratib beriladi.
2. Kelishilgan havo qatnovlarni amalga oshirishda Ahdlashuvchi Tomonlardan birining tayinlangan aviakorxonasi oʻzidan keyin ana shu yoʻnalish boʻyicha havo qatnovidan yoki uning bir qismidan foydalanayotgan boshqa Ahdlashuvchi Tomon tayinlangan aviakorxonasining tashish ishlariga oʻrinsiz ziyon yetkazmaslik uchun uning manfaatlarini ham eʼtiborga olish lozim.
3. Ahdlashuvchi Tomonlarning tayinlangan aviakorxonalari amalga oshirayotgan kelishilgan havo qatnovlari belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha tashishlarga boʻlgan ijtimoiy ehtiyojni qondirishi lozim va har bir tayinlangan aviakorxona boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududiga va uning hududidan yoʻlovchilar, bagaj, yuk va pochtani tashishda, yuk bilan taʼminlashning mavjud va oqilona miqdor darajasi ehtiyojlariga javob beradigan hajmni taʼminlashni oʻzining birinchi darajali vazifasi deb bilishi lozim. Aviakorxonani tayinlovchisi boʻlmagan boshqa davlatlarning hududlaridagi belgilangan manzillarda olingan va u yerda qoldirilgan yoʻlovchilarni, bagaj, yuklar va pochtani tashish umumiy qoidalarga muvofiq kelishi lozim. Ushbu qoidalarga koʻra hajm quyidagilarga bogʻliq boʻladi:
a) aviakorxonani tayinlagan Ahdlashuvchi Tomonning hududiga(dan) amalga oshiriladigan tashuvlarga boʻlgan ehtiyojlariga;
b) mintaqadagi davlatlarning mintaqaviy va mahalliy havo tashuvlarini inobatga olib kelishilgan qatnovlar oʻtadigan rayonning tashuvlarga boʻlgan ehtiyojlariga;
v) kelishilgan havo qatnovlaridan toʻliq va samarali foydalanishga boʻlgan ehtiyojlarga.
6-modda Nomuntazam parvozlarga talablar
1. Ushbu Bitimning “Qonun-qoidalarni qoʻllash”, “Sertifikat va guvohnomalarni tan olish”, “Aviatsiya xavfsizligi”, “Aeroportga oid va boshqa yigʻimlar”, “Maslahatlashishlar”, “Bojxona bojlari va boshqa soliqlardan ozod qilish”, “Axborot va statistik maʼlumotlarni berish” kabi moddalarda koʻrsatilgan qoidalar bir Ahdlashuvchi Tomonning boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududiga(dan) amalga oshiradigan nomuntazam havo qatnovlariga ham taalluqlidir.
2. Ushbu moddaning 1-bandida qayd etilgan hech narsa aviakorxonalarning nomuntazam parvozlarni bajarish uchun ruxsatnoma olishiga oid milliy qonun-qoidalarga zid kelmasligi lozim.
3. Ahdlashuvchi Tomonlarning hududlariga(dan) nomuntazam havo qatnovlarni bajarilayotganda har ikki Ahdlashuvchi Tomonning tashuvchilari teng va odilona imkoniyatga ega boʻladilar. Bunday parvozlar bajarilayotganda muntazam havo qatnovlaridan foydalanayotgan tayinlangan aviakorxonalarning manfaatlarini eʼtiborga olib, ularning tashishlariga asossiz ziyon yetkazmaslik lozim. Taqdim etilgan tashish miqdori, odatda, Ahdlashuvchi Tomonlarning tashuvchilari oʻrtasida teng taqsimlanadi va imkoniyat boricha ushbu Bitim 5-moddasining 3-bandida koʻrsatilgan qoidalariga binoan tartibga solinadi.
7-modda Jadvallarni tasdiqlash
Parvoz jadvallari, kelishilgan havo qatnovlarining takroriyligini oʻz ichiga olgan hamda Ahdlashuvchi Tomonlarning tayinlangan aviakorxonalari oʻrtasida ikki tomonlama tartibda belgilanib, kelishiladi hamda kuchga kirishidan kamida 30 (oʻttiz) kun avval aviatsiya maʼmurlariga tasdiqlash uchun beriladi. Agar tayinlangan aviakorxonalar parvozlarning jadvali va qatnovlarning takroriyligi toʻgʻrisida murosaga kela olmasalar, u holda bu masalalar Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmurlari tomonidan hal qilinishi lozim.
8-modda Bojxona bojlari va boshqa soliqlardan ozod qilish
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon hamjihatlik asosida boshqa Ahdlashuvchi Tomon tayinlagan aviakorxonaning havo kemalari uning hududiga uchib kelganda yonilgʻi, havo kemasi, moylash mahsulotlari, ehtiyot qismlar (dvigatellarni ham), roʻyxatdagi mulk bort zaxiralarini (parvoz chogʻida yoʻlovchilar uchun chegaralangan miqdorda sotish uchun moʻljallangan oziq-ovqatlarni, spirtli va boshqa ichimliklarni, tamaki mahsulotlari va boshqa mollarni faqat tayinlangan aviakorxonaning havo kemalariga xizmat qilish uchun ishlatiladigan narsalarni oʻz ichiga olgan hamda qonunlar ruxsat bergan darajada) import cheklashlaridan, bojlardan, aksiz yigimi va soliqlardan, nazorat uchun yigʻimlar yoki soliqlardan, boshqa soliqlar va toʻlovlardan, shuningdek, bunday mulk, zaxira va mahsulotlar havo kemasi qaytib uchib ketgunga qadar uning sahnida qolish sharti bilan ishlatiladigan narsalardan oʻzaro tenghuquqlik asosida hamda aviachiptalar, aviayoʻl varaqalari, hujjatlar va tayinlangan aviakorxona belgisi tushirilgan bosmaxona materiallari, shuningdek tayinlangan aviakorxonalarga bepul tarqatiladigan reklama buyumlarini ham ozod qiladi.
2. Koʻrsatilgan xizmatlar uchun olinadigan yigʻimlarni mustasno etganda, ushbu moddaga binoan yigʻimlardan ozod qilish uning 1-bandida koʻrsatilgan buyumlarga ham qoʻllanadi:
a) Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududiga kiritilgan va boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi uchun moʻljallangan boʻlsa;
b) Bir Ahdlashuvchi Tomon tayinlagan aviakorxonasi havo kemasining bortida boʻlib, boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududiga uchib kelish yoki undan uchib ketish vaqtida saqlanib turgan boʻlsa;
v) Bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasining havo kemasi sahniga boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududidan kelishilgan havo qatnovlari chogʻida foydalanish maqsadida olingan buyumlar va bu buyumlar Ahdlashuvchi Tomonning hududida butunlay yoki qisman foydalanilganligi yoki ishlatilganligidan qatʼi nazar, eslatib oʻtilgan Ahdlashuvchi Tomonlarning hududlarida ularni berib yubormaslik sharti bilan ozod qilinishi mumkin.
3. Bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi kelishilgan qatnovlarni amalga oshirishda odatda havo kemasining bortida boʻlgan roʻyxatdagi mulk, buyum, zaxira va mahsulotlar boshqa Ahdlashuvchi Tomoning hududida faqat shu Ahdlashuvchi Tomoning bojxona maʼmurlari roziligi bilangina uning hududiga tushirilishi mumkin. Bunday hollarda, ular orqaga qaytarib olingunga qadar yoki bojxona qoidalariga muvofiq boshqa qarorini topgunga qadar aytib oʻtilgan maʼmurlarning nazorati ostida joylashtirilishi mumkin.
4. Mazkur moddaning 1-bandida koʻrsatib oʻtilgan ozod qilish, ushbu moddaning 1-bandida qayd etilganidek, bir Ahdlashuvchi Tomonning aviakorxonasi boshqa aviakorxona bilan vaqtinchalik foydalanish yoki mulkni berib yuborish toʻgʻrisidagi shartnoma tuzganda ham bu boshqa korxona boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida xuddi shunday ozod qilish huquqiga ega boʻlish sharti bilan qoʻllaniladi.
9-modda Toʻgʻridan-toʻgʻri tranzit
Ahdlashuvchi Tomonlardan birining hududidan toʻgʻridan toʻgʻritranzit tarzda oʻtuvchi va shu maqsadda aeroport hududida ajratilgan joyni tark etmaydigan yoʻlovchilar, bagaj va yuklarga, havo transportida qaroqchilik qilish, giyohvandlik vositalarini olib kirish va noqonuniy aralashuv kabi hollar roʻy bermasa, soddalashtirilgan nazorat qoʻllaniladi. Tranzit orqali oʻtayotgan bagaj va yuklar bojxona bojlari hamda boshqa shuning singari soliqlardan ozod qilinadi.
10-modda Tariflar
1. Bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomon hududiga/dan har bir kelishilgan qatnovda tashish uchun oladigan tariflar barcha tegishli omillarni — foydalanish xarajatlarini, foydaning oqilona miqdorini, tashuv tavsifini (tezlik va qulaylik kabi) va boshqa aviakorxonalarning tariflari inobatga olinib, oqilona meʼyorda belgilanishi lozim.
2. Ushbu moddaning 1-bandida koʻrsatib oʻtilgan tariflar, imkon qadar, tayinlangan aviakorxonalar butun yoʻnalish boʻylab yoki uning bir qismidan foydalanayotgan boshqa aviakorxonalar bilan maslahatlashuvlaridan soʻng kelishib olinishi lozim. Bunday kelishuvlarga, agar joiz boʻlsa, Xalqaro havo transporti assotsiatsiyasi (IATA) tomonidan tariflarni belgilash mexanizmlariga tayangandagina erishish mumkin.
3. Shu tarzda kelishib olingan tariflar ularni amalda joriy qilish moʻljallangan vaqtga kamida 45 (qirq besh) kun qolganda Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmurlariga tasdiqlash uchun taqdim etilishi lozim. Alohida hollarda bu muddat aviatsiya maʼmurlari oʻrtalaridagi kelishuvdan soʻng qisqartilishi mumkin.
4. Tariflarning tasdigʻi haqida xabarnoma yuborilishi mumkin. Ammo, uqtirib oʻtilgan maʼmurlarning birontasi ushbu moddaning 3-bandiga binoan tariflarni taqdim etgan kundan boshlab 30 (oʻttiz) kun mobaynida tasdiqlash uchun tavsiya qilingan tariflar borasida oʻzlarining noroziliklari toʻgʻrisida xabar bermasalar, bu tariflar tasdiqlangan deb hisoblanadi. Agar ushbu moddaning 3-bandida koʻrsatib oʻtilganidek taqdim etish jarayoni qisqartirilsa, aviatsiya maʼmurlari uni maʼqullanmaganligi haqidagi xabarnoma yuborish muddati 30 (oʻttiz) kundan kam boʻlishini kelishib olishlari ham mumkin.
5. Basharti, tariflar borasida ushbu modaning 2-bandiga muvofiq kelisha olinmasa yoki ushbu moddaning 4-bandiga muvofiq qoʻllanadigan muddat ichida aviatsiya maʼmurlaridan biri ushbu moddaning 2-bandiga muvofiq kelishilgan tariflar borasida oʻz noroziliklari toʻgʻrisida bildirishnoma yuborsa, Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmurlari tarifni oʻzaro kelishuvga muvofiq belgilashga harakat qiladilar.
6. Basharti, Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmurlari ushbu moddaning 3-bandiga muvofiq taqdim etilgan tariflar borasida yoki ushbu moddaning 5-bandiga muvofiq tarifni belgilash yuzasidan kelisha olmasalar, bu kelishmovchiliklar ushbu Bitim 19-moddasining qoidalariga muvofiq hal etilishi lozim.
7. Ushbu moddaning qoidalariga binoan belgilangan tariflar yangi tariflar belgilangunga qadar oʻz kuchini saqlab qoladi. Biroq har qanday tarifning amal qilish muddati tugaganidan keyin 12 (oʻn ikki) oydan ortiq boʻlgan muddatga uzaytirilmasligi lozim.
11-modda Axborot va statistika maʼlumotlarini berish
Bir Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlari boshqa Ahdlashuvchi Tomonning aviatsiya maʼmurlarini ularning talabiga binoan boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha amalga oshirgan kelishilgan qatnovlarining hajmini qaytadan koʻzdan kechirib chiqish nuqtai-nazaridan oqilona talab qilgan davriy va boshqa statistik maʼlumotlar bilan taʼminlashlari lozim. Mazkur maʼlumotlar kelishilgan havo qatnovlarida tashish hajmini aniqlash uchun zarur boʻlgan barcha axborotni, shuningdek parvozlarning boshlanish va oxirgi etib borish manzillarini oʻz ichiga olishi lozim.
12-modda Tijoriy faoliyat va daromadlarini oʻtkazish
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon hamjihatlik asosida boshqa Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasiga shaxsiy tashuv hujjatlarini hamda yoʻlovchilar, bagaj va yuklarni tashish bilan bogʻliq boʻlgan uning hududida koʻrsatilgan xizmatlarni bevosita yoki sotish uchun tayinlangan vakil orqali milliy va erkin almashtiriladigan valyutada ushbu hududda joriy etilgan milliy qonun-qoidalarga muvofiq sotish huquqini beradi.
2. Ahdlashuvchi Tomonlarning tayinlangan aviakorxonalari hamjihatlik asosida va milliy qonun-qoidalarga muvofiq ravishda yoʻlovchilar, bagaj va yuklarga bogʻliq kelishilgan havo qatnovlarini bajarish orqali topgan mablagʻlarining xarajatlardan ortgan daromad qismini valyuta almashtirishning rasmiy qiymatida aviatashuvlar sotilgan hududdan oʻz hududiga erkin oʻtkazish huquqiga ega boʻladi. Bunday oʻtkazish tizimiga, shuningdek oʻtkazish davrigacha tushgan toʻlovlardan olinadigan transport xizmati vakilining oʻzi yoki u orqali amalga oshirilgan, yordamchi tarzdagi qoʻshimcha xizmatlardan tushgan mablagʻlar va oʻrtacha tijoriy foizlar kirimi ham qoʻshiladi.
3. Bir Ahdlashuvchi Tomoning tayinlangan aviakorxonalari boshqa Ahdlashuvchi Tomoning hududida yoʻlovchilar, bagaj va yuklarni tashishdan oladigan foyda va daromadlari har qanday soliqlardan ozod qilinadi.
4. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida foyda va daromadlarga ikki tomonlama soliq solishni bekor qilish toʻgʻrisida tuzilgan Bitimning tartibotlari ushbu moddada koʻrsatilgan tartibotlardan farqlansa, bu holda oʻsha Bitimning qoidalari qoʻllanadi.
5. Agar ikki Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasidagi pul oʻtkazishlar maxsus bitim orqali tartibga solinsa, u holda ana shu bitimning qoidalari tatbiq etiladi.
13-modda Vakolatxona
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomonning tayinlangan aviakorxonasi hamjihatlik asosida boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida kelishilgan havo qatnovlarini amalga oshirishni taʼminlash uchun zarur boʻlgan oʻzining texnik, tijoriy va maʼmuriy xodimlariga ega boʻlgan vakolatxona taʼsis etish huquqiga ega boʻladi. Bu xodimlar ikkala Ahdlashuvchi Tomonning fuqarolaridan tayinlanishi mumkin.
2. Bu xodimlar tayinlangan aviakorxonaning ixtiyoriga koʻra uning oʻz xodimlari orasidan olinishi yoki boshqa Ahdlashuvchi Tomonning hududida faoliyat koʻrsatayotgan va oʻsha boshqa Ahdlashuvchi Tomoning hududida shunga tegishli masalalarni bajarish vakolatiga ega boʻlgan boshqa har qanday tashkilot, kompaniya yoki aviakorxonaning xizmatlaridan foydalanishi mumkin.
3. Vakillar va xodimlar ushbu hududda joriy etilgan qonun-qoidalarga amal qilishlari lozim va har bir Ahdlashuvchi Tomon teng huquqlik asosida ushbu moddaning 1-bandida aytib oʻtilgan vakillar va xodimlarga ishlash uchun ruxsatnomalar, xizmat vizasi va barcha boshqa zarur boʻlgan hujjatlarni eng qisqa muddat ichida taqdim etadi.
14-modda Qonun-qoidalarni qoʻllash
1. Bir Ahdlashuvchi Tomonning xalqaro parvozlarni bajaradigan havo kemalarining uning hududiga uchib kelishini va uchib ketishini yoki mazkur hududda boʻlish vaqtida ushbu havo kemalaridan foydalanishni va ularning navigatsiyasini tartibga soluvchi qonun-qoidalari boshqa Ahdlashuvchi Tomon tayinlagan aviakorxonasining havo kemalariga tatbiq etiladi.
2. Bir Ahdlashuvchi Tomonning yoʻlovchilar, ekipajlar, yuk, pochta va bagajlarining uning hududiga kelish, boʻlish va ketish yoki tranzitini va xususan, hududida boshqa Ahdlashuvchi Tomon aviakorxonasining tayinlangan havo kemasi boʻlib turgan Ahdlashuvchi Tomonning immigratsiya va emigratsiya, pasport, bojxona, valyuta va sanitariya qoidalariga taalluqli rasmiyatchiliklarini tartibga soluvchi qonun-qoidalar u koʻrsatilgan hudud chegarasida boʻlgan vaqtda qoʻllanadi.
3. Hamjihatlik asosida Ahdlashuvchi Tomonlarning tayinlangan aviakorxonasi foydalanayotgan havo kemalarining ekipajidan, agar ular shu reys bilan orqaga qaytadigan boʻlsalar, kelish, boʻlib turish va ketish uchun vizalar talab qilinmaydi. Bu, shuningdek, havo kemasining texnik holati yoki sogʻligʻi tufayli ekipaj mamlakatda qolgan va keyingi reysda qaytib ketadigan hollarga ham taalluqli boʻladi.
4. Hech qaysi Ahdlashuvchi Tomon bojxona, immigratsiya, karantin masalalariga oid qoidalarni qoʻllashda yoki aeroportlar, havo harakati boshqarmasi xizmati va ularga bogʻliq boʻlgan qurilmalardan foydalanishda xalqaro havo qatnovlarini bajaradigan oʻziga qarashli yoki oʻzga har qanday aviakorxonani boshqa Ahdlashuvchi Tomon tayinlagan aviakorxonadan ustun qoʻymaydi.
15-modda Sertifikat va guvohnomalarni tan olish
1. Bir Ahdlashuvchi Tomon bergan yoki kuchga ega deb bilgan va muddati tugamagan uchishga yaroqliligi haqidagi, vakolat toʻgʻrisidagi guvohnomalar hamda litsenziyalarni, mazkur guvohnomalar yoki litsenziyalar berilgan talablar Konvensiyada ular uchun belgilangan minimal standartlarga muvofiq yoki ulardan yuqori boʻlsa, boshqa Ahdlashuvchi Tomon belgilangan yoʻnalishlar boʻyicha kelishilgan havo qatnovlarini amalga oshirish maqsadida tan oladi.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon oʻzining hududi ustida parvozlarni amalga oshirish vaqtida oʻz fuqarolariga boshqa Ahdlashuvchi Tomon bergan vakolatnoma va litsenziyalarni tan olishni inkor etish huquqini saqlab qoladi.
16-modda Aeroportga doir va boshqa yigʻimlar
1. Har bir Ahdlashuvchi Tomon aeroportlar, qurilmalar, texnik va boshqa vositalardan foydalanganlik uchun maqbul va odil yigʻimlarni, agar bu yigʻimlar miqdori xalqaro havo tashuvida ishtirok etadigan boshqa aviakorxonalardan olinadigan yigʻimlardan yuqori boʻlmasa, qoʻllashga ruxsat berish yoki ularni qoʻllash huquqiga ega.
2. Har bir Ahdlashuvchi Tomon bunday yigʻimlarni aniqlash uchun masʼul organlar yoki tashkilotlarning qurilmalar va xizmatlardan foydalanuvchi tayinlangan aviakorxonalar (mumkin boʻlgan hollarda aviakorxonalarning vakillari orqali) bilan dastlabki maslahatlashuvlar oʻtkazishini qoʻllab-quvvatlaydi. Agar yangi yigʻimlar joriy etish taklif qilinsa, ular kuchga kirgunga qadar oʻz fikrlarini izhor etish imkoniyatiga ega boʻlishlari uchun xizmatdan foydalanuvchilarga tegishli bildirishnoma yuboriladi.
17-modda Havo transportida xavfsizlik
1. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzlarining xalqaro huquqlardan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlariga muvofiq fuqaro aviatsiyasini gʻayriqonuniy xatti-harakatlardan muhofaza qilish boʻyicha bir-birlariga nisbatan majburiyatlari ushbu Bitimning ajralmas qismi ekanligini yana bir bor tasdiqlaydilar. Ahdlashuvchi Tomonlar xalqaro huquqlar boʻyicha oʻz huquqlari va majburiyatlarining umumiy qoʻllanishini cheklamagan holda Havo kemalarida sodir etiladigan jinoyatlar va boshqa ayrim harakatlar toʻgʻrisida Tokioda 1963-yilning 14-sentabrida imzolangan konvensiya, Havo kemalarini noqonuniy ravishda tutqun qilib olishga qarshi kurashish toʻgʻrisida Gaagada 1970-yilning 16-dekabrida imzolangan konvensiya, Fuqaro aviatsiyasi xavfsizligiga qarshi qaratilgan noqonuniy xatti-harakatlar toʻgʻrisida Monrealda 1971-yilning 23-sentabrida imzolangan konvensiya hamda Fuqaro aviatsiyasiga xizmat koʻrsatadigan xalqaro aeroportlarda noqonuniy xatti-harakatlarga qarshi kurash toʻgʻrisida 1988-yilning 24-fevralida Monrealda imzolangan bayonnoma qoidalariga va shu sohada kelgusida ular tomonidan ratifikatsiya qilinishi mumkin boʻlgan barcha xalqaro hujjatlarning qoidalariga muvofiq harakat qiladilar.
2. Ahdlashuvchi Tomonlar iltimosga koʻra havo kemasini gʻayriqonuniy tutqun qilishning va havo kemasi, undagi yoʻlovchilar va ekipaj aʼzolariga, aeroportlar va qatnovni taʼminlash vositalariga xavf tugʻdiruvchi boshqa gʻayriqonuniy xatti-harakatlarning, shuningdek fuqaro aviatsiyasi xavfsizligiga tahdid qilishning har qanday koʻrinishining oldini olishda bir-birlariga koʻmak beradilar.
3. Ahdlashuvchi Tomonlar oʻzaro munosabatlarida oʻzlariga maqbul keladigan darajada Fuqaro aviatsiyasi xalqaro tashkiloti tomonidan belgilangan va Xalqaro fuqaro aviatsiyasi toʻgʻrisidagi konvensiyaga kiritilgan Ilovalarda tavsiflangan aviatsiya xavfsizligi tartiblariga muvofiq ish koʻradilar; ular asosiy faoliyat joyi yoki doimiy turar joyi oʻz hududlarida joylashgan havo kemalarining foydalanuvchilaridan va oʻz hududlarida joylashgan xalqaro aeroportlarning foydalanuvchilaridan aviatsiya xavfsizligining yuqoridagi qoidalariga muvofiq ish yuritishlarini talab qiladilar.
4. Ahdlashuvchi Tomonlarning har biri havo kemasidan foydalanuvchilarga nisbatan boshqa Ahdlashuvchi Tomon havo kemasi oʻz hududi chegaralariga kirib kelayotganida, undan chiqib ketayotganida yoki unda boʻlib turgan vaqtida ushbu moddaning 3-bandida uqtirilgan qoidalarga rioya etilishi maqsadida zarur talablarni qoʻyishi mumkin. Har bir Ahdlashuvchi Tomon havo kemalarini himoya qilish va yoʻlovchilarni, ekipajni, bagajni, yuklar va bort zaxiralarini yuk ortish va odamlarni oʻtkazish vaqtida hamda undan oldin tekshirish uchun oʻz hududi doirasida samarali chora-tadbirlar koʻrilishini taʼminlaydi. Har bir Ahdlashuvchi Tomon shuningdek boshqa Ahdlashuvchi Tomonning, aniq tahdid xavfiga qarshi maxsus xavfsizlik chora-tadbirlarini koʻrishga doir iltimoslarini ham xayrixohlik bilan koʻrib chiqadi.
5. Basharti, fuqaro havo kemasi tutqun qilib olinsa yoki uni tutqun qilish tahdidi mavjud boʻlsa yoxud havo kemasi undagi yoʻlovchilar va ekipajiga, aeroportlar va qatnovni taʼminlash vositalariga boshqa gʻayriqonuniy xatti-harakatlar orqali tahdid qilinsa, Ahdlashuvchi Tomonlar aloqani yengillatish orqali bir-birlariga turlicha koʻmak beradilar va bunday koʻngilsizlik yoki tahdidga jadal hamda beshikast barham berish uchun barcha zarur chora-tadbirlarini koʻradilar.
18-modda Maslahatlashuvlar
1. Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmurlari oʻrtasida vaqti-vaqti bilan ushbu Bitim va uning Ilovalarida keltirilgan qoidalarga amal qilishni taʼminlash nuqtainazaridan hamjihatlik ruhida maslahatlashuvlar oʻtkazib turiladi.
2. Istalgan Ahdlashuvchi Tomon boshqa Ahdlashuvchi Tomondan ushbu Bitimni talqin qilish, qoʻllash yoki unga oʻzgartish kiritish nuqtai-nazaridan maslahatlashuvlar oʻtkazishni talab qilishi mumkin. Basharti, Ahdlashuvchi Tomonlar bu muddatni uzaytirish yoki qisqartirish toʻgʻrisida boshqa ahdlashuviga erishmagan boʻlsalar, bu maslahatlashuvlar Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmurlari oʻrtasida yozishmalar yoki muzokara orqali boshqa Ahdlashuvchi Tomon maslahatlashuvlar oʻtkazish toʻgʻrisida talabnoma olgan kundan boshlab 60 (oltmish) kun ichida oʻtkazilishi lozim.
19-modda Bahslarga barham berish
1. Ushbu Bitimni talqin qilish va qoʻllash yuzasidan Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida har qanday bahs kelib chiqsa, Ahdlashuvchi Tomonlar eng avvalo ularni Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmurlari oʻrtasida toʻgʻridan toʻgʻrimuzokaralar olib borish orqali hal qiladilar.
2. Mazkur maʼmurlar murosaga kela olmagan hollarda bahs diplomatik kanallar orqali hal etiladi.
3. Agarda Ahdlashuvchi Tomonlar yuqorida koʻrsatilgan usullar orqali bir toʻxtamga kelmasalar, bu bahs har bir Ahdlashuvchi Tomon bittadan tayinlaydigan ikki hakam va ana shu ikki hakam kelishib tayinlaydigan yana bir hakamdan iborat — jami uch hakamdan tashkil topadigan sudga (bundan keyin Arbitraj sudi deb ataladi) koʻrib chiqish uchun topshiriladi.
4. Har bir Ahdlashuvchi Tomon boshqa tomondan diplomatik kanallar orqali masalani arbitraj sudi orqali hal qilish toʻgʻrisidagi soʻrovnoma olgan kundan boshlab 60 (oltmish) kun ichida bittadan hakam tayinlashi lozim va uchinchi hakam yuqoridagi ikki hakam tayinlangan kundan eʼtiboran 60 (oltmish) kunlik muhlat ichida tayinlanishi lozim. Ahdlashuvchi Tomonlardan birontasi belgilangan muddat ichida oʻz hakamini tayinlay olmasa, Ahdlashuvchi Tomonlarning istagan biri Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotining Kengashi Prezidentiga hakam yoki hakamlarni tayinlash toʻgʻrisida talab qoʻyishi mumkin.
5. 4-band qoidalariga muvofiq tayinlangan uchinchi hakam uchinchi davlatning fuqarosi boʻlib, Arbitraj sudining Raisi sifatida ish yuritadi.
6. Arbitraj sudi oʻz ish tartibotini oʻzi belgilaydi.
7. Arbitraj sudining xarajatlari, bunga arbitrlarning ish haqi ham kiradi, Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida teng boʻlinadi.
8. Ahdlashuvchi Tomonlar Arbitraj sudining oraliq va yakuniy qarorlariga muvofiq harakat qilishlari lozim.
9. Basharti istalgan Ahdlashuvchi Tomon Arbitraj sudining ushbu modda qoidalariga muvofiq chiqargan qarorlarini bajarmasa, boshqa Ahdlashuvchi Tomon oʻzi ushbu Bitimga muvofiq qarorni bajarmagan Tomonga bergan huquq va imtiyozlarini cheklashi, toʻxtatib turishi yoki qaytarib olishi mumkin.
20-modda Oʻzgartishlar
1. Ushbu Bitimning 18-moddasiga binoan oʻtkazilgan maslahatlashuvlarda Ahdlashuvchi Tomonlar oʻrtasida kelishib olingan ushbu Bitimning har qanday oʻzgartirishlari ushbu Bitimning 23-moddasi 1-bandining qoidasiga muvofiq kuchga kiradi.
2. Ushbu Bitimning Ilovasiga har qanday oʻzgartish yoki qoʻshimcha Ahdlashuvchi Tomonlarning aviatsiya maʼmurlari oʻrtasidagi bevosita kelishuvga muvofiq kiritiladi, ular birgalikda belgilagan sanadan boshlab kuchga kiradi, va diplomatik kanallar orqali notalar almashib, tasdiqlanadi.
3. Ikkala Ahdlashuvchi Tomon ishtirokida havo transporti toʻgʻrisida koʻp tomonlama Shartnoma tuziladigan boʻlsa, ushbu Bitimning unga zid qismlar ayni shartnomaga muvofiqlashtirish maqsadida oʻzgartiriladi.
21-modda IKAOda roʻyxatga olish
Ushbu Bitim va unga kiritilgan har qanday oʻzgartish yoki qoʻshimchalar Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotida va BMT Devonida roʻyxatga olinadi.
22-modda Bitim faoliyatini toʻxtatish
1. Ahdlashuvchi Tomonlardan har biri istalgan vaqtda boshqa Ahdlashuvchi Tomonni ushbu Bitim faoliyatini toʻxtatish niyatida ekanligi toʻgʻrisida yozma ravishda diplomatik kanallar orqali xabardor qilishi mumkin. Bunday xabarnoma bir vaqtning oʻzida Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotiga ham yuborilishi lozim. Bu holda, boshqa Ahdlashuvchi Tomon bunday bildirishnomani olgach, basharti, Bitimning amal qilishini toʻxtatish haqidagi mazkur bildirish muddati oʻtgunga qadar oʻzaro kelishuv asosida orqaga qaytarib olinmasa, 12 (oʻn ikki) oy oʻtgach, Bitim amal qilishdan toʻxtaydi.
2. Basharti, boshqa Ahdlashuvchi Tomon bildirishnoma olganining tasdigʻi boʻlmasa, Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti bildirishnoma olganidan keyin 14 (oʻn toʻrt) kun oʻtgach, boshqa Ahdlashuvchi Tomon uni olgan deb hisoblanadi.
23-modda Bitimning kuchga kirishi
Ushbu Bitim cheklanmagan muddatga tuziladi, Ahdlashuvchi Tomonlar bir-birlarini mazkur Bitimni kuchga kiritish uchun oʻzlarining konstitutsion va ichki qonunchilik talablarini bajarganliklari toʻgʻrisida xabardor etgan diplomatik notaning ikkinchisi olingan sanadan boshlab kuchga kiradi.
Ahdlashuvchi Tomonlar Hukumatlarining tegishli tarzda vakolatini olgan vakillari mazkur Bitimni imzoladilar.
Toshkent shahrida 1999-yil 7-mayda ikki nusxada oʻzbek, bolgar va rus tillarida tuzildi, barcha matnlar bir xil kuchga egadir. Talqin etish va tarjimada tafovutlar boʻlsa rus tilidagi matndan foydalaniladi.
(imzolar)
ILOVA
YOʻNALISHLAR JADVALI
A-BOʻLIM
1. Bolgariya Respublikasining tayinlangan aviakorxonasi(lari) foydalanadigan ikki tomonlama muntazam havo qatnovining yoʻnalishlari:
Bolgariya Respublikasidagi joʻnash punktlari — istalgan
Oraliq punktlar — cheklanmagan
Oʻzbekiston Respublikasidagi kelish punktlari — Toshkent
Tashqaridagi punktlar — cheklanmagan
B-BOʻLIM
1. Oʻzbekiston Respublikasining tayinlangan aviakorxonasi(lari) foydalanadigan ikki tomonlama muntazam havo qatnovining yoʻnalishlari:
Oʻzbekiston Respublikasidagi qoʻnish punktlari — istalgan
Oraliq punktlar — cheklanmagan
Bolgariya Respublikasidagi kelish punktlari — Sofiya
Tashqaridagi punktlar — cheklanmagan
2. Kelishilgan muntazam havo qatnovi boʻyicha uchinchi mamlakatga/dan moʻljallangan havo erkinligining beshinchi tijoriy huquqlari faqat Ahdlashuvchi Tomonlarning tayinlangan aviakorxonalari oʻrtasida oldindan shartlashilgan va kelishilgan hamda ularning aviatsiya maʼmurlari tomonidan tasdiqlangan boʻlsagina qoʻllanishi mumkin.
3. Istalgan yoki barcha oraliq punktlar, shuningdek tashqaridagi punktlar, agar havo qatnovi bu aviakorxonani tayinlagan Ahdlashuvchi Tomon hududida boshlansa va tugasa, tayinlangan aviakorxona ixtiyoriga koʻra bir yoki barcha parvozlarni bajarish chogʻida tashlab ketilishi mumkin.
