Tumandagi transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish toʻgʻrisida (80-son)
14.03.2015
Jizzax viloyati Yangiobod tumani hokimining
Qarori
Oʻzbekiston Respublikasining “Yoʻl harakati xavfsizligi toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami 2013-y., 15-son 197-modda) 17-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomiga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 1-2-son, 17-modda) muvofiq, transport vositalarining 2015-yilgi texnik koʻrigini tashkil qilish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonuni 6-moddasiga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashning Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 320-modda) asosan qaror qilaman:
1. Tuman hududidagi barcha yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli boʻlgan avtomototransport vositalari va ularga tirkamalar majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazilsin.
2. Majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha tuman komissiyasining tarkibi 1-ilovaga muvofiq:
Majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish jadvali 2-ilovaga muvofiq;
Tumandagi yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish hududiy jadvali 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Tumandagi barcha transport vositalari egalari boʻlgan yuridik va jismoniy shaxslarga transport vositalarini texnik pasporti bilan birgalikda, oʻz vaqtida reja jadval asosida koʻrikdan oʻtkazish majburiyati yuklatilsin.
4. Transport vositalari quyidagi davriylikka muvofiq texnik koʻrikdan oʻtkazilsin:
tijorat asosida yoʻlovchilar tashish uchun foydalaniladigan yengil avtomobillar, avtobuslar va oʻtiriladigan joylar soni 8 ta va undan ortiq boʻlgan (haydovchining oʻrnidan tashqari), odamlarni muntazam tashish uchun jihozlangan yuk avtomobillari, yirik gabaritli, ogʻir vaznli va xavfli yuklarni tashish uchun maxsus transport vositalari va ularga tirkamalar — bir yilda ikki marta;
ishlab chiqarilganligiga besh yildan koʻp boʻlmagan (ishlab chiqarilgan yili ham shu jumlaga kiradi) transport vositalari (mazkur bandning ikkinchi xatboshida koʻrsatilgan transport vositalaridan tashqari) — ikki yilda bir marta;
ishlab chiqarilgan yilini hisobga olgan holda ishlab chiqarilganligiga besh yildan ortiq boʻlgan transport vositalari, shuningdek ishlab chiqarilgan vaqti aniqlanmagan transport vositalari (mazkur bandning ikkinchi xatboshida koʻrsatilgan transport vositalaridan tashqari) — bir yilda bir marta;
tirkamalar koʻrikka transport vositasi — shatakchi uchun belgilangan muddatlarda taqdim etiladi.
5. Qarorning 4-bandi ikkinchi xatboshida koʻrsatilgan transport vositalarning texnik koʻrigi:
birinchi marta 1-mart — 30-iyunda;
ikkinchi marta 1-sentabr — 31-oktabrda oʻtkazilishi inobatga olinsin.
Yuridik shaxslarga qarashli boʻlgan transport vositalarining texnik koʻrigi 14-mart — 30-iyunga qadar;
Jismoniy shaxslarga qarashli boʻlgan transport vositalarining texnik koʻrigi 14-martdan — 31-avgustga qadar oʻtkazilsin.
6. Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tuman komissiyasi (A. Jabborov)ga:
transport vositalarining texnik holati, ulardan foydalanish normalari va qoidalariga rioya etilishi ustidan samarali nazoratni tashkil etish;
transport vositalarining texnik holati va uskunalari yoʻl harakati xavfsizligi standartlari, qoidalari, normalariga muvofiqligini baholash vazifasi yuklatilsin.
7. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-son “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga koʻra, Oʻzbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligining ichki va soqchilik qoʻshinlari, Milliy xavfsizlik xizmatining harbiy boʻlinmalari transport vositalari koʻrsatib oʻtilgan idoralar tomonidan belgilangan tartibda majburiy texnik koʻrikdan oʻtkaziladi.
8. Transport vositalari texnik koʻrikdan oʻtkazilganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-yanvardagi 54-son qarori bilan tasdiqlangan “Transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi nizomga muvofiq yigʻim undirilsin.
9. Tuman ichki ishlar boʻlimi (O. Sherkulov) majburiy texnik koʻrik yakuni toʻgʻrisida tuman hokimligiga axborot taqdim etsin.
10. Ushbu qaror qabul qilinishi munosabati bilan tuman hokimining 2014-yil 22-fevraldagi 33-sonli qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
11. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish tuman hokimining birinchi oʻrinbosari A. Eshpoʻlatov zimmasiga, ijrosini tashkil etish tuman ichki ishlar boʻlimi boshligʻi O. Sherkulov zimmasiga yuklatilsin.
12. Ushbu qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Hokim A. QOʻLDOShOV
Yangiobod t,
2015-yil 14-mart,
80-son
Tuman hokimining 2015-yil 14-martdagi 80-sonli qaroriga 1-ILOVA
Majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha tuman komissiyasi
TARKIBI
T/r Familiyasi, Ismi Lavozimi 1. A. Jabborov Tuman IIB YHXG boshligʻi, komissiya raisi 2. B. Xudoyberdiyev Tuman YXTPFK mexanigi, komissiya aʼzosi 3. A. Baratov Tuma� tabiatni muhofaza qilish inspeksiyasi inspektori, komissiya aʼzosi 4. M. Axmedov Yangiobod tuman “OʻzAgroSugʻurta” DASK vakili, komissiya aʼzosi
Tuman hokimining 2015-yil 14-martdagi 80-sonli qaroriga 2-ILOVA
Majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish
JADVALI
Xoʻjalik, tashkilot, korxona va fermer xoʻjaligi rahbarlari avtotransport vositalarining texnik koʻrigi boshlangunga qadar tuman IIB YHXG kartotekasi hisobida turuvchi avtotransport vositalari haqida maʼlumotlarni topshirishi shart.
Jismoniy shaxslarga tegishli transport vositalarini texnik koʻrigi har kuni soat 10-00 dan 15-00 gacha, yakshanba kunlari esa soat 13-00 ga qadar tuman MTP MChJ da oʻtkazilsin.
Tuman hokimining 2015-yil 14-martdagi 80-sonli qaroriga 3-ILOVA
Tumandagi yuridik va jismoniy shaxslarga tegishli transport vositalarini majburiy texnik koʻrikdan oʻtkazish hududiy
JADVALI
