Ilmiy-texnikaviy hamkorlik toʻgʻrisida
13.03.1992
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati oʻrtasida
Bitim
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati bilan Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati, quyida Ahdlashuvchi “Tomonlar” deb ataluvchilar,
ikkala mamlakat fan va texnika rivojlanishi manfaatlaridan kelib chiqib,
teng huquqlilik va oʻzaro manfaat prinsiplariga tayanib,
ilmiy-texnikaviy hamkorlik Oʻzbekiston Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasining iqtisodiy rivojlanishiga koʻmaklashuvini eʼtiborga olib,
mana shu hamkorlikning rivojlanishi uchun uzoq muddatli asos yaratish zarurligini hisobga olib,
quyidagilar haqida kelishib oldilar:
1-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar ikkala davlat oʻrtasida ilmiy-texnikaviy hamkorlikning rivojlanishiga koʻmaklashadilar va shunday hamkorlikning sohalari va yoʻnalishlarini belgilaydilar.
2-modda
Ushbu Bitimga muvofiq Tomonlar oʻrtasidagi hamkorlik quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
1. Ilmiy va texnikaviy delegatsiyalar, alohida olimlar va mutaxassislar almashuvi;
2. Ilmiy-texnikaviy axborot va hujjatlar, materiallar va ishlab chiqarilgan narsalarning namunalari, “nou-xau” va litsenziyalar almashuvi;
3. Ilmiy-texnikaviy simpoziumlar va ilmiy konferensiyalar tashkil qilish;
4. Hamkorlikda tadqiqotlar va ilmiy ishlanmalar olib borish, shuningdek tadqiqotlar va ilmiy ishlanmalarning natijalari almashuvi;
5. Oʻzaro kelishish mumkin boʻlgan ilmiy-texnikaviy hamkorlikning boshqa shakllari.
3-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar ushbu Bitim doirasida tuzilgan shartnomalar yoki bitimlarga muvofiq, ikkala mamlakatning tegishli tashkilotlari, korxonalari va muassasalariga ilmiy-texnikaviy hamkorlikda koʻmaklashadilar.
4-modda
Ushbu Bitimni ijro etuvchi organlar sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati Oʻzbekiston Respublikasi fan va texnika davlat qoʻmitasini va Xitoy Xalq Respublikasi Hukumati Xitoy fan va texnika davlat qoʻmitasini tayinlaydilar.
5-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar hamkorlik davomida yuzaga keladigan tijorat, moliyaviy va yuridik xaraktyerga ega boʻlgan masalalar ikkala mamlakatning harakatdagi qonunchiligiga muvofiq tuziladigan alohida protokollarga va bitimlarga kiritilishi kerak, deb kelishib oldilar.
6-modda
Ahdlashuvchi Tomonlar ular va ularning vakillari tomonidan olingan ilmiy-texnikaviy axborot va hujjatlarni ana shu ilmiy-texnikaviy axborot va hujjatlarni taqdim qilgan Tomonning rasmiy roziligisiz har qanday uchinchi tomonga berib yubormaslik majburiyatini oladilar.
7-modda
Ushbu Bitim imzolangan kunidan eʼtiboran kuchga kiradi va besh yil davomida amal qiladi. Basharti Ahdlashuvchi Tomonlardan biri ushbu Bitim muddati tugashidan kamida olti oy oldin boshqa Ahdlashuvchi Tomonga uni bekor qilish istagini yozma ravishda bayon etmasa, har safar uning amal qilish muddati oʻz-oʻzidan keyingi besh yillik muddatlarga uzaytiriladi.
1992-yil 13-mart kuni Pekin shahrida ikki asl nusxada, har biri oʻzbek va xitoy tillarida imzolandi, har ikkala matn bir xil kuchga ega. Ilova qilingan ruscha matn ishchi nusxadir.
(imzolar)
