Tadbirkorlik subyektlarining Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirligida temir yoʻl transporti sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtishi tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida (72-son)
31.03.2015
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
“Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini ijro etish yuzasidan va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi ruxsat berish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2013-yil 15-avgustdagi 225-son qaroriga muvofiq, shuningdek temir yoʻl transporti sohasida tadbirkorlik subyektlarining ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtishining yagona tartibini belgilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar:
Harakatlanadigan tarkibning umumiy foydalaniladigan temir yoʻllarga chiqishi uchun ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga* muvofiq;
Temir yoʻl shoxobcha yoʻllarini qurish va rekonstruksiya qilishda ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1, 2-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
2. Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralar bir oy muddatda oʻzlari tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
3. “Oʻzbekiston temir yoʻllari” davlat-aksiyadorlik kompaniyasi bir oy muddatda ushbu qarorning maqsadlari, mazmuni va amaliy ahamiyati tadbirkorlik subyektlari orasida keng yoritilishi yuzasidan tadbirlar tashkil etilishi va oʻtkazilishini taʼminlasin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari B.I.Zakirov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 31-mart,
72-son
